Inside The Games Rossiya sportchilaridan birining doping-testi bilan bog’liq muammolar tufayli taqdirlash marosimi qoldirilgani haqida xabar qildi.
Dushanba kuni Rossiya sportchilari Pekin o’yinlarining jamoaviy turnirida 74 ochko bilan g’oliblikni qo’lga kiritishdi. Mark Kondratyuk, Anastasiya Mishina, Aleksandr Gallyamov, Viktoriya Sinitsina, Nikita Katsalapov, Kamila Valiyeva chempion bo’lishdi. 2-o’rinda AQSh (65), 3-o’rinda Yaponiya (63).
Taqdirlash marosimi seshanba kuni bo’lib o’tishi kerak edi, keyin esa noma’lum muddatga qoldirildi. Xalqaro olimpiya qo’mitasi (XOQ) matbuot kotibi Mark Adams hodisa “shoshilinch vaziyat tufayli huquqiy maslahatlashuvlarni talab qilgani”ni va keyinroq qo’shimcha ma’lumotlar berilishi haqida aytdi.
Bugun XOQ matbuot xizmati rahbari Mark Adams rossiyalik figurali uchuvchi Kamila Valiyevaning doping-testi mavzusini mish-mish deb atadi. Valiyeva mashq qilish uchun muz maydoniga keldi.