Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti shayx Salmon bir Ibrohim al-Xalifa O’zbekiston yoshlar terma jamoasini U20 Osiyo kubogidagi g’oliblik bilan tabrikladi.
«Osiyo futbol oilasi nomidan Ravshan Haydarov boshchiligidagi O’zbekiston yoshlar terma jamoasini tarixiy g’alaba bilan chin yurakdan tabriklayman. Ishonchim komil, ushbu g’alaba butun O’zbekiston futbol ommasini ilhomlantiradi.
Shuningdek, yoshlar futboli uchun qilayotgan ishlar tufayli O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi maqtovga loyiq. Ushbu g’alaba esa qo’yilayotgan poydevorning ilk samarasi hisoblanadi. Bu narsa kelajakdagi katta yoshdagi terma jamoalarning natijalarida ham aks etadi, deb o’ylayman.
Musobaqani o’tkazishda yordam bergan mahalliy tashkiliy qo’mita va O’FAga o’z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. O’zbekiston qit’a miqyosidagi turnirlarga mezbonlik qilish uchun tayyorligini yana bir marta namoyish etdi.
O’FAni yana bir marta olqishlashimiz kerak. Ishonchim komil, O’FA futbolchilar, o’yinchilar va ishqibozlarni tayyorlashda jahon darajasida ishlashda davom etadi», — deya maktub yo’lladi shayx Salmon.