Zargarlik buyumlarini toza va to'g'ri saqlash siri

Yer yuzida bitta ayol qolgan taqdirda ham zargarga ish topiladi, deydi dono xalqimiz. Husnimizga ko’rk bag’ishlab turgan zebu ziynat-larimizni risola-dagidek asrasak, u nafaqat bizga, balki farzand-larimizning farzandlariga ham uzoq yillar xizmat qiladi. Keling, zargarlik buyumlarini qanday saqlash va ularni tozalash xususida batafsil to’xtalamiz.

Zargarlik buyumlarim
ko’p yillar xizmat
qilsin, desangiz:

 Turli xo’jalik va ro’zg’or ishlari bilan shug’ullanayotganda, bezak buyumlari shikastlanmasligi uchun ularni yechib qo’ying;

bezak buyumlarini yechganda ularni yumshoq mato — quruq flanel bilan yaxshilab arting. Shunda nam tegib, dog’lanib qolmaydi;

yod oltinda dog’ hosil qiladi, shu sababli ham ikkisini «uchrashtirmagan» ma’qul. Dog’ini ketkazish uchun esa buyumni 15-20 daqiqa giposul’fitli (1 stakan suvga 1 choyqoshiq giposul’fit) eritmaga solib qo’yish lozim;

agar tilla buyumlar xiralashsa, ya’ni yarqiramay qolsa, bir stakan sovunli suvga solingan 0,5 choy qoshiq novshadil spirti aralashmasida yuviladi. So’ng toza iliq suvga chayiladi va flanel bilan yaxshilab artiladi;

tozalamoqchi bo’lgan tilla taqinchog’ingizda tabiiy toshlar bo’lsa, novshadil spirti kamroq (2-3 tomchi) tomiziladi;

tilla yoki zarhal suvi yugurtirilgan taqinchoqlarni tish pastasi bilan yoki pivo va tuxum oqining teng miqdordagi aralashmasi bilan ham tozalash mumkin;

qorayib qolgan tilla buyumlarni 25 foizli amiyak yoki novshadil spirtining suv bilan aralashmasiga 20 daqiqa solib qo’ying. Ammo bu usulni marvarid va qahrabo (yantar) ko’zli buyumlarga qo’llab bo’lmaydi;

kumush buyumlarni karton qutilarda, qog’ozga o’rab yoki shoyi matolarda saqlamaslik kerak. Chunki ular tarkibida sulfit kislotasi mavjud. Yaxshisi, ularni pergament qog’ozda saqlang;

kumush buyum va taqinchoqlar novshadil spirtining oq bo’r bilan aralashmasida yaxshi tozalanadi;

feruza, marvariddan ishlangan buyumlarni juda ehtiyot qilish kerak. Chunki bu toshlarning, ayniqsa, feruza toshining rangi sovun ko’pigi, kosmetika vositalari, atir, suv, atseton, kislotalar va quyosh nuri ta’sirida o’zgaradi.

 

Hordiq gazetasidan olindi