Zararkunandalar haqida g'aroyib ma'lumotlar

 

Tabiat va uning bag’ridagi mavjudotlar haqida ma’lumot to’plar ekanmiz, shunaqangi g’aroyibotlarga duch kelamizki, bu haqda boshqalar bilan o’rtoqlashgimiz va ularning aql bovar qilmaydigan xatti-harakatlariga birgalikda tan bergimiz keladi.

Jonivorlar orasida ikki hasharotning urug’ qo’yish jarayoni diqqatingizni tortadi. Pashshadan kattaroq hasharot pashshani tutib oladi. Ammo uni yemaydi, shunchaki qanoti ostiga urug’ qo’yadi. So’ng hech nima bo’lmagandek boshqa joyga uchib ketadi. “Bolalarim nima bo’ladi, pashsha o’ldirib qo’ymasmikin?” deb xavotir ham olmaydi. Pashsha o’z ustidagi yukdan xalos bo’lish uchun bir necha bor urinib ko’radi. Urinishlari befoyda ketgach, qorin g’amida uchib ketadi. Zulukdek yopishib olgan mayda qurt­chalar pashshani mahkam “quchoqlab”, uning ustida parvoz qilishadi.

Pashsha kavshanayotgan mol ustiga qo’nadi. Xuddi birov o’rgatib qo’ygandek, qurt bolalari ham pashshadan tushib mol terisiga yopishishadi. Chunki mol terisidan chiqayotgan issiqlik ular uchun pashshadan tushishga signal bo’ladi. Mol chaqirilmagan bu mehmonlardan bezovtalanib, dumi bilan ularni haydamoqchi bo’ladi. Biroq qurtchalar uch oy davomida molning qonini so’rib yotishadi. Uch oy deganda qanot chiqarishgach, mol bilan xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, uchib ketishadi. Ikkinchisi, ikki juft qanotli nozik hasharot. U urug’ini bargning ichiga qo’yadi. Ikki hafta o’tar-o’tmas ularning atrofida chumolilar girdikapalak bo’lib qoladi. Chumolilar ularga otalarcha g’amxo’rlik ko’rsata boshlaydi. Asta-sekin u qurtlarni o’z inlariga sudrab olib kelishadi. Bu holatdan hayratlangan mikrobiologiya mutaxassislari bu g’amxo’rlikning sirini izlay boshlashadi. Natijada u qurtlar o’zidan chumoli suyadigan hid chiqaradi, degan fikrga kelishadi. Chumoli bu hidga maftun bo’lib, qurtni o’z bolasidek parvarishlaydi, turli zararlar yetishidan himoya qiladi. Vaqt-soati kelib chumoli inida kun ko’rayotgan qurt qanot yozib, uchib ketadi. Ota-onani qidirib emas, “Qayda ekan mening nasibam”? degandek o’z juftini qidirib, o’rmon tomon yo’l oladi.

Yana bir parazit hasharot haqida eshitsangiz, tag’in hayron qolasiz. U shilliqqurtning o’ziga xos gijja parazitidir. O’sha zararkunanda shilliqqurt ichini rosa yer, ammo o’ldirmas ekan! Chunki o’ldirsa, tashqi muhitda o’zicha yashay olmas ekan. Haligi parazit o’z egasini bu ahvolga solib bo’lgandan keyin ko’payish uchun sharoit qidirib qolarkan. Bu sharoit esa osmondagi uchar qushning ichagi ekan. Endi tasavvur qiling! Parazit nima qilishi kerak: u o’t orasida o’rmalab yurgan kichkinagina hasharot ichida, qush esa baland osmonda, hayot esa davom etishi kerak! Siz nima o’ylab topgan bo’lar edingiz? Mo»jizani qarangki, Yaratganning marhamati bilan bu maxluq shilliqqurtning miyasini aynita boshlar ekan, natijada shilliqqurt bechora berkinib yurish o’rniga o’zini ochiq sathga, barglar, shoxlar uchiga parazit ta’siri ostida olib chiqa boshlarkan! Bu ham kamdek, parazit shilliqqurtning shoxchalariga kirib olib, alvon turli ranglar berar va beto’xtov pulsatsiya qilib, qimirlatib turar ekan! Natijada bu rasvosi chiqqan shilliqqurtni har qanday qush ham osongina topib olarkan. Qush tayyor ovqatni tutib yeb yuboradi-yu, o’ljasi ichidagi parazitni o’z ichagiga joylab oladi. Shilliqqurt halok bo’ladi, parazit esa orzu qilgan joyida maza qilib qush hisobidan kun kechiraveradi. U yerda ko’payib olgach, qush axlati bilan tashqi dunyoga tushib ketadi, yerda esa shilliqqurtlar ko’p, nasib qilsa, albatta, bittasining ichiga kirib oladi. Mana shu hayot doirasi qiyomatgacha beto’xtov davom etib boraveradi.

Yana bir misol. Sergey Kara-Murzaning kitobida chumolilarning ularning uyasiga kirib olgan qo’ng’izlar ta’sirida yuz beruvchi juda ham g’alati xatti-harakati tasvirlangan: “Chumoli uyalarida mayda qo’ng’izchalar — Lomexuz qo’ng’izlari joylashib olishdi. O’z harakatlari va qiliqlari bilan ular chumolilarga juda o’xshaydi, ularning imo-ishora tilini yaxshi tushunishadi. Hamjihat va mehnatkash chumolilar birodariga birinchi so’ragandayoq yemish berishadi. Chumoli bu iltimosni sherigini ma’lum tarz­da “taqillatish” orqali ifodalaydi. Qo’ng’izlar bu harakatni osongina o’zlashtirib olishadi va bemalol yemish so’rab kelaverishadi. Lekin ular juda ochofat bo’lib, chumolilarning butun jamoalarini o’zlarini boqishga majbur etishadi. Qo’ng’izlar tanasida oltinrang tuklar tutami bo’lib, ularda ajratmalar (chiqindilar) to’planadi. Ishchi chumolilar bu ajratmalarni yalagandan so’ng har qanday sog’lom fikrlashni yo’qotib qo’yishadi. Ular qo’ng’iz va uning lichinkalarini shunday g’ayrat bilan oziqlantira boshlashadiki, natijada o’z birodarlari va o’z lichinkalarini ozuqasiz qoldirishadi. Kelgindilarga mehr qo’yish oqibatida o’zlari to’liq halokatga yuz tutishadi, hatto chumoli tuxumlarini ham qo’ng’izlarga yemish sifatida berib, zurriyodsiz qolishadi. Mabodo chumoli uyasiga xavf tahdid qiladigan bo’lsa, ular o’z lichinkalarini tashlab, qo’ng’iz lichinkalarini qutqarishadi. Aniqki, o’zlarining gangituvchi ajratmalari bilan Lomexuz qo’ng’izlari chumolilarga, ularning organizmida mavjud bo’lgan muhim xatti-harakat dasturini yo’qqa chiqaruvchi (to’sib qo’yuvchi) signal yuborishadi. Ya’ni, odatda, chumolilarning hayotini ta’minlashga va zurriyodini davom ettirishga yo’naltirilgan harakatlarni bajarishga undovchi dasturni yo’qqa chiqarishadi. Aftidan, qo’ng’izlar tomonidan berilgan axborot “normal” dasturni to’sibgina qo’ymasdan, uni o’zgartirib tashlaydi va chumolilarning boqimanda (parazit) uchun foydali bo’lgan xarakatlarini faollashtiradi. Eng yomoni shuki, chumolilar qirilib ketayotib ham bu harakatdan to’xtashmaydi. Bu esa juda ayanchli.