image0

Xato qilish – insoniy xususiyat va unga yo‘l qo‘yish tabiiy hol. Tarixda katta-kichik ko‘plab xatoliklar bo‘lgan. Ba’zi xatolar zararsiz bo‘lsa-da, boshqalari butun boylikni yo‘qotishga olib kelishi yoki hatto siyosat tizginini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Tarix qimmatga tushgan xatoliklar bilan to‘la va bugun biz aynan shu haqda so‘z yuritamiz.

Avstriya armiyasining o‘ziga hujum qilgani

1788 yilda Avstriya armiyasi urush davrida o‘zaro jang qilib, 10 mingta askarini yo‘qotdi! Bu qanday bo‘lganini tushuntirib beramiz. Sentyabr oyining tinch oqshomlaridan birida Avstriya armiyasi Avstra-Turk urushi paytida o‘z hududlarini qo‘riqlayotgan edi. Razvedkachilar Sigan savdogarlariga duch kelib, ulardan spirtli ichimliklar sotib oladi.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar1

Ichkilikdan mast bo‘lgan askarlar bu ichimlikni boshqa guruh bilan bo‘lishishni rad etgani oqibatida mushtlashuv yuz beradi. Ba’zi harbiylar bu shovqinni turklar hujumi deb o‘ylab, o‘z safdoshlarini Usmonli askarlari bilan adashtirib yuboradi. Oqibatda, qorong‘i tunning o‘zida qirg‘in boshlanib, taxminan 10 ming askar halok bo‘ladi. Shundan so‘ng, charchagan va ruhiy tushkunlikdagi Avstriya armiyasi haqiqiy turklarga qarshi jangda ham yutqazadi. Bu voqea tarixdagi eng katta harbiy xatolardan biri sifatida tilga olinadi.

Frans Ferdinandning o‘ldirilgani

Avstriya-Vengriya imperiyasi vorisi Ferdinantning o‘ldirilishi Birinchi jahon urushiga sabab bo‘lgan muhim voqea sifatida qaraladi.

1914 yilda u Bosniya poytaxti Sarayevoga tashrif buyuradi, biroq til bilmaslik tufayli haydovchisi noto‘g‘ri yo‘ldan yurib, mamlakatda imperiya hukmronligini tugatmoqchi bo‘lib yurgan Gavrilo Prinsip qarshisiga olib chiqadi.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar2

Gavrilo Ferdinant va uning rafiqasini otib o‘ldiradi va bu voqea Birinchi jahon urushiga olib kelgan zanjirli reaksiyalarni boshlab yuboradi. Bu nafaqat iyul inqirozini yuzaga keltiradi, balki Avstriya-Vengriyaning Serbiyaga urush e’lon qilishi bilan butun dunyoni qamrab olgan jang boshlanib, 17 milliondan ortiq askar va tinch aholi halok bo‘lishiga olib keladi.

181 million dollarlik lotereya chiptasining yo‘qotilgani

Ba’zi xatolar dunyo taqdirini o‘zgartirsa, boshqalari kishi omadiga raxna solishi mumkin. Insoniyat tarixidagi eng “achinarli” xatolardan biri – britaniyalik ayolning 181 million dollarlik lotereya chiptasini yo‘qotib qo‘yganidir.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar3

U ehtiyotkorlik uchun lotereya raqamlarini yozib qo‘ygan, ammo eri chiptani atayin bo‘lmagan holatda chiqindiga tashlab yuborgan. Tasodifni qarangki, uning raqamlari g‘olib deb topilgan. Lekin endi ayol Yevropa tarixidagi eng katta yutuqdan mosuvo bo‘lgandi.

Piza minorasining egilishi

Ko‘pchilikka noma’lum narsa shuki, Piza minorasi aslida egri bo‘lishga mo‘ljallanmagan! Ushbu mashhur binoning egilishi – inson xatosining oqibati. Gap shundaki, bino qurilgan yer katta inshoot og‘irligini ko‘tara olmas darajada yumshoq va beqaror bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan bino poydevori cho‘kib bordi va oqibatda minora egilgan holatga kelib qoldi.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar4

Qurilishdan ancha vaqt o‘tgach, 1990 yillarda muhandislar binoni tiklab, egilishini 1,5 darajaga kamaytirishga muvaffaq bo‘ladi. Hozirda bino barqaror holatda, lekin u hanuzgacha Piza shahrida egilgan holda turibdi. Oddiy bir me’moriy xato tarixdagi eng taniqli yodgorliklardan biriga aylanishini kim o‘ylabdi deysiz?

NASA koinot kemasini yo‘qotgani

1999 yilda NASA Mars iqlimini o‘rganish maqsadida Mars Climate Orbiter (MCO) nomli koinot kemasini uchirdi. Bu missiya tarixiy burilish yasashi kerak edi, ammo sodir bo‘lgan voqea NASA uchun kutilmagan eng qimmat xatolardan biriga aylandi.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar5

NASA 125 million dollarlik orbiterni butunlay yo‘qotdi! 10 oy davomida Mars orbitasini o‘rgangan MCO tasodifan sayyora atmosferasiga kirib ketdi. Sababi juda oddiy: muhandislar o‘lchov birliklarini imperialdan metrik tizimga konvertatsiya qilishni unutgan! Bu hisob-kitobdagi xatolik koinot kemasining Mars yuzasiga haddan tashqari yaqin uchishiga olib kelgan.

Bu nafaqat NASA uchun juda qimmat xatoga aylandi, balki ilmiy tadqiqotlarda ham ortga qaytishga sabab bo‘ldi. Ammo NASA bu voqeani saboq sifatida qabul qildi va keyingi missiyalar uchun xavfsizlik protokollarini yaxshiladi. Dunyoni o‘zgartirgan odamlar qatoriga kiruvchi mashhur amerikalik ixtirochi va sanoatchi Genri Ford aytganidek,

“Muvaffaqiyatsizlik – bu qaytadan, lekin aqlliroq boshlash uchun imkoniyat”.

Rossiyaning Alyaskani sotgani

Alyaskaning AQSHga sotilishi noto‘g‘ri qaror oqibatida yuz bergan va katta xatoga aylangan voqea sifatida ko‘riladi. 1867 yilda Rossiya imperatori Aleksandr II Alyaskani AQSHga atigi 7,2 million dollarga sotadi. O‘sha vaqtda bu qaror mantiqli tuyulgan, chunki Rossiya Qrim urushidagi mag‘lubiyati (1856 yil)dan so‘ng iqtisodiy inqirozga duch kelgan edi.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar6

Biroq ko‘p o‘tmay, Rossiya bu qarordan afsuslanadi, chunki Alyaskadagi muzliklar ostidan oltin konlari va neft zaxiralari topiladi. Bu esa AQSH uchun nihoyatda foydali bo‘lib chiqdi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, AQSH ushbu resurslar hisobiga 50 yil ichida bu sarmoyani bir necha barobar ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lgan.

Agar Aleksandr II bu “bekor yotgan yer”ni sotmaganida nima bo‘lardi? Buni bilish imkonsiz, bilganimiz shuki, Alyaska bitimi XIX asrning eng katta moliyaviy xatolaridan biri bo‘lib qoldi.

“S” harfi tufayli hukumatning katta tovon to‘lagani

Britaniya hukumati yozuvdagi oddiy xatolik tufayli 9 million funt sterling to‘lashiga to‘g‘ri keldi. Hujjatda ortiqcha bir dona “S” harfi qo‘shilishi shartnoma mazmunini noto‘g‘ri tushunilishiga olib keladi. Oqibatda, boshqa kompaniya likvidatsiya (rasmiy ravishda faoliyatini tugatish) qilinishi haqida hukumat qarori e’lon qilinadi.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar7

Bu kichik xato 250 kishining ishsiz qolishiga sabab bo‘ladi. 124 yillik tarixga ega bo‘lgan Uelsdagi “Taylor and Sons” oilaviy kompaniyasi 2009 yilda bankrot bo‘lgan “Taylor and Son” kompaniyasi bilan adashtirib yuborilgan edi. Oqibatda hukumat katta miqdorda tovon puli to‘lashga majbur bo‘ladi.

Shunday qilib, kichik bir imloviy xato Britaniya hukumatiga katta zarar keltiradi.

“Garri Potter”ning rad etilgani

Yozuvchi Joan Roulingning “Garri Potter va falsafiy tosh” asari dastlab 12 ta nashriyot uyi tomonidan rad etilgan. Ko‘pchilik noshirlar bu kitobni “bolalar uchun juda uzun” yoki “juda murakkab” deb hisoblagan. Ammo “Bloomsbury” nashriyoti raisining sakkiz yoshli qizi Elis vaziyatni o‘zgartirib yuboradi. U kitobning birinchi bobini o‘qigach, unga maftun bo‘ladi. Bugungi kunda “Garri Potter” tarixdagi eng muvaffaqiyatli adabiy loyihalardan biridir. Ushbu asar 60 dan ortiq tillarga tarjima qilinib, yarim milliarddan ortiq nusxada sotilgan va Roulingni milliarderga aylantirgan.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar8

Dunyo bestselleridan voz kechgan noshirlar o‘zlarini qanday “kechirdi” ekan? Ularning qarori noshirlik tarixidagi eng katta afsuslardan biri bo‘lib qolgani aniq.

"Titanik"ning cho‘kkani

“Titanik” kemasining cho‘kishi boshqaruvdagi xatolar tufayli yuzaga kelgan fojiaviy hodisa sifatida tarixga kirgan. “Cho‘kmas” deb reklama qilingan bu ulkan kema 1912 yilning aprelida Sautgemptondan Nyu-Yorkka qilayotgan ilk safari chog‘idayoq Atlantika okeanida cho‘kib ketdi va 1,5 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar9

Aytilishicha, kemadagi navbatchi ofitserlar muzli tog‘larni ko‘rish uchun zarur bo‘lgan durbinlar saqlanadigan xona kalitiga ega bo‘lmagan. Agar ularda durbin bo‘lganida, muzliklarni oldindan ko‘rishi va bu fojia oldini olishi mumkin edi.

Hattoki, kema muzliklar borligi haqida radioto‘lqin orqali ogohlantirilgan ham, lekin boshqaruv jamoasi tezlikni kamaytirmay, yo‘nalishni o‘zgartirmasdan harakatda davom etgan.

“The Blockbuster”ning “Netflix”ni sotib olmagani

2000 yilda “The Blockbuster” (film, serial va o‘yin disklarini ijaraga berish bilan shug‘ullangan kompaniya) tarixdagi eng katta biznes xatolardan birini qildi – ular “Netflix” (dunyodagi eng mashhur onlayn kino va serial tomosha qilish platformasi)ni atigi 50 million dollar evaziga sotib olish imkoniyatidan voz kechgan!

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar10

O‘sha paytda “The Blockbuster” video ijarasi sanoatining yetakchisi edi va dastlab o‘z faoliyatini DVD ijarasi bilan boshlagan “Netflix”ning pochta orqali DVD yuborish xizmatini tor doiradagi ahamiyatsiz xizmat deb hisoblagan. Hatto ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, “The Blockbuster” rahbarlari bu taklifni eshitib kulib yuborgan.

Biroq foydalanuvchilarning istaklari raqamli xizmatlarga o‘zgarib borgani sari “Netflix” bunga moslashdi. “The Blockbuster” esa eski modelga yopishib oldi. U raqamli oqimning kuchini anglab yetgan vaqtda esa kech bo‘lgandi. “Netflix” allaqachon innovatsion yetakchiga aylangan, “The Blockbuster” esa raqobatlasha olmasdan orqada qolgandi. Oxir-oqibat, “The Blockbuster” 2010 yilda bankrot bo‘ldi.

Bugungi kunda “Netflix”ni rad etish, biznes tarixidagi eng achinarli qarorlar qatoriga kiradi. Chunki bugun “Netflix” global ko‘lamdagi media imperiyaga aylandi.

Yahoo’ning Google’ni sotib olmagani

Bugungi kunda Google internetda qidiruv bilan sinonimga aylangan. Yahoo (qidiruv tizimi) esa tarixda bir necha bor Google’ni sotib olish imkoniyatini qo‘ldan boy bergan. 1999 yilda Google asoschilari avval Excite (qidiruv tizimi) rahbari Jorj Bellga murojaat qilib, o‘zlarining qidiruv tizimini 1 million dollar evaziga sotishni taklif qiladi. Hatto ular narxni 750 ming dollargacha tushirsa-da, baribir rad javobini oladi. Bu paytda Yahoo imkoniyati mavjud bo‘lsa ham, “otni qamchilamaydi”.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar11

Yahoo bu xatoni tushunganida, Google allaqachon texnologiya gigantiga aylangan edi. U esa asta-sekin unutila boshladi. Bugungi kunda Google’ning bosh kompaniyasi “Alphabet”ning qiymati 863 milliard dollardan oshadi! Google haqida bunday faktni bilmagan bo‘lsangiz kerak.

Darvozani yopishning unutilgani

1453 yilda Konstantinopolning qulashida tarixdagi eng katta xatolardan biri sodir bo‘ldi. Bu shahar asrlar davomida mustahkam devorlari bilan mashhur bo‘lib, ko‘plab hujumlardan omon qolgan. Aynan shu devorlar Vizantiya aholisiga ishonch bag‘ishlar, ularni Usmonlilar qamaliga qarshi himoyalar edi. Ammo kichik bir xato hammasini o‘zgartirib yubordi.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar12

O‘sha yilning 29 mayida shiddatli janglar ketayotgan bir paytda asosiy vizantiyalik generallardan biri yaralanib, shahar ichkarisiga olib kiriladi. Voqealardagi chalkashlik va shoshilinchda, “Kerkoporta” deb nomlangan kichik yon darvoza yopilmasdan qolib ketadi. Bundan foydalangan 50 nafar usmonli askarlari darhol shahar ichkarisiga kirib, devorlar ichida o‘z bayrog‘ini ko‘taradi. Bu holat shaharda vahima va tartibsizlikka sabab bo‘ladi, chunki himoyachilar “yutqazib bo‘libmiz” degan ruhiy sarosima oqibatida chekina boshlaydi va shahar tezda usmonlilar tomonidan egallanadi.

Xullas, “eshikni yopmaslik” xatosi butun imperiya qulashiga olib keladi. Hazil qilib aytganda, shuning uchun hech qachon eshikni yopib yurishni unutmang!

Gitlerning otilmagani

1914 yilda Britaniya askari Henri Tendi xandaqlarning birida yaralangan nemis askariga duch keladi. Bu qurolsiz kishi – lans korporal (qurolli kuchlardagi past lavozimli zobit) Adolf Gitler edi! Birinchi jahon urushidagi eng jasur va mukofotlangan oddiy askarlardan biri Tendi uni otmaydi.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar13
U Gitlerni tirik qoldiradi, chunki qurolsiz odamni otishni sharafli emas deb hisoblaydi. Ba’zilarga ko‘ra, Gitlerning o‘zi bu haqda keyinchalik

“Bu odam meni otishga shu qadar yaqin keldiki, Germaniyani boshqa hech qachon ko‘rmasligimga ishongandim”, degan ekan.

Mazkur voqea tarixiy jihatdan to‘liq tasdiqlanmagan. Tendi o‘z xotiralarida ko‘plab askarlarning jonini asraganini aytadi, ularning biri ehtimol Gitler bo‘lishi mumkin. Ammo u aynan Gitler bo‘lganligini tasdiqlamagan. Agar bu voqea rost bo‘lsa, u holda bu insoniyat tarixidagi eng yomon qarorlardan biri sifatida esda qoladi.

“Chernobil fojiasi”

“Chernobil fojiasi” insoniyat tarixidagi eng dahshatli texnologik xatolardan biridir. 1986 yil aprel oyida Ukraina hududida joylashgan Chernobil atom elektr stansiyasida noto‘g‘ri o‘tkazilgan xavfsizlik sinovi dahshatli portlashga sabab bo‘ldi. Portlash oqibatida katta miqdordagi radioaktiv moddalar butun Yevropaga tarqalgan.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar14

Sinov noto‘g‘ri rejalashtirilgan, xavfsizlik choralari ko‘rilmagan va aloqadagi xatoliklar vaziyatni yanada og‘irlashtirgan. Oqibatda 200 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan, minglab odamlar esa radiatsiyaga bog‘liq kasalliklarga chalingan.

Yo‘qotilgan imkoniyat va boshlangan jahon urushi: tarixdagi juda qimmatga tushgan xatolar15

Tozalash ishlari o‘n yillab davom etadi va ba’zi manbalarga ko‘ra, 125 mingdan ortiq tozalovchi mutaxassislar hayotdan ko‘z yumgan. Bugungi kunda ham Chernobil yashash uchun xavfli hudud bo‘lib qolmoqda. Shahar butunlay tashlandiqqa aylangan.

Xatolarning saboq berishi haqida ko‘p gapiriladi, ammo ba’zi xatoliklar insoniyat va dunyo uchun juda qimmatga tushgan. Qanday bo‘lmasin, ulardan saboq chiqarib, kelajakda takrorlanishining oldini olish juda muhimdir.