image0

Amerikalik olim Jeyms Hansen va uning hamkasblari global isish tobora kuchayib borayotganini ma’lum qildi. Ularning bu haqdagi tadqiqoti “Environment: Science and Policy for Sustainable Development” jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqotchilarning xulosalari ilmiy jamoatchilik orasida bahsli bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, Copernicus dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil yanvar oyi 2024 yilning shu oyiga nisbatan 0,09 daraja (0,16°F) issiq bo‘ldi. 2024 yilning yanvari esa shu paytgacha kuzatilgan eng issiq yanvar bo‘lib, o‘rtacha harorat sanoatgacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichdan 1,75 daraja (3,15°F) yuqori bo‘lgandi.

Bundan tashqari, so‘nggi 19 oydan 18 tasida global harorat xalqaro kelishuvlarda belgilangan 1,5 daraja (2,7°F) chegarasiga yetgan yoki undan oshib ketgan.

Nima sababdan global harorat oshmoqda?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, asosiy sabab atmosferada issiqxona gazlarining to‘planishi. Biroq tabiiy omillar kutilganidan boshqacha ta’sir ko‘rsatmoqda. Yevropa meteorologiya agentligining iqlim bo‘yicha strategi Samanta Berdjessning tushuntirishicha, ekvatorial Tinch okeanidagi tabiiy o‘zgarishlar odatda global haroratga katta ta’sir qiladi. Masalan, El-Nino (Markaziy va Sharqiy tropik Tinch okeanida dengiz sathining harorati ko‘tarilishi bilan bog‘liq tabiiy iqlim hodisasi) kuchayganda global harorat keskin ko‘tariladi. 2024 yilda kuchli El-Nino kuzatilgan bo‘lsa-da, u iyun oyida tugagan, biroq yil rekord darajada issiq bo‘lgan.

Lekin aksincha, El-Nino hodisasi global isishning ta’sirini pasaytirishi kerak. Shu sababli, olimlar 2025 yilda harorat 2023 va 2024 yillarga qaraganda pastroq bo‘lishini kutgandi. Ammo hozirda El-Nino mavjud bo‘lmaganiga qaramay, rekord darajadagi harorat kuzatilmoqda. Berdjess buning asosiy sabablaridan biri sifatida dunyo okeanlarining harorat rekord darajada oshganini qayd etdi. 

2025 yil tarixdagi eng issiq yil bo‘ladimi?

Jeyms Hansen va uning hamkasblari o‘z tadqiqotlarida so‘nggi 15 yilda global isish avvalgi 40 yilga nisbatan ikki baravar tezlashganini ko‘rsatmoqda. Hansenning fikriga ko‘ra, bu jadallashish yana bir necha yil davom etadi.

Michigan universiteti ekologiya fakulteti dekani Jonatan Overpek global isishning jadallashayotganiga shubha yo‘qligini ta’kidlab, “2023, 2024 va 2025 yil boshidagi harorat rekordlari tashvish uyg‘otishi”ni aytdi.

Biroq Prinston universitetidan Geyb Vekki va Pensilvaniya universitetidan Maykl Mann Hansenning fikrlariga qo‘shilmaydi. Vekkiga ko‘ra, bu tasodifiy o‘zgarishlar bo‘lishi ham mumkin. Mann esa hozirgi isish darajasi iqlim modellari prognozlari doirasida ekanini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq so‘nggi 40 yil ichida okeanlar isishi darajasi to‘rt baravardan ko‘proq oshgani xabar qilingandi. Agar 1980 yillar oxirida dunyo okeani harorati har o‘n yilda taxminan 0,06 daraja oshgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 0,27 darajaga yetgan. 2023 va 2024 yillar boshida okean harorati 450 kun ketma-ket rekord darajada yuqori bo‘lgan. Buning bir qismi El-Nino hodisasi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, olimlarning ta’kidlashicha, issiqlikning katta qismi okean sathining so‘nggi 10 yilda avvalgidan tezroq qizib borayotgani bilan izohlanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, jahon okeanidagi rekord haroratning 44 foizi aynan issiqlikning tezroq yig‘ilishi bilan bog‘liq.