image0

Janubiy Koreyaning Pusan Milliy Universiteti huzuridagi Iqlim fizikasi markazi olimlari iqlimni modellashtirish bo‘yicha yangi tadqiqotda o‘rtacha o‘lchamdagi (diametri 500 m ) asteroidning ehtimoliy zarbasi oqibatida Yerda yuzaga keladigan iqlim va hayot sharoitlarining o‘zgarish ssenariysini taqdim etdi. Bu haqda tadqiqot “Science Advances” jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqotga ko‘ra, quyosh tizimi Yer orbitasiga yaqin jismlarga to‘la. Ularning aksariyati Yer uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi, biroq ba’zilari to‘qnashish ehtimoli juda kichik bo‘lsa ham kuzatuv ostidagi ob’ektlar qatoriga kiritilgan. Ular orasida 500 metrlik diametrdagi Bennu asteroidi ham bor. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, u 2182 yil sentyabrida Yer bilan to‘qnashish ehtimoli 1:2700 ni tashkil etadi. Bu taxminan tanga 11 marta ketma-ket bir xil tomoni bilan tushish ehtimoliga teng.

To‘qnashuv oqibatida yuqori atmosferaga bir necha yuz million tonna chang sochilishi mumkin.

Olimlar superkompyuter yordamida Bennu asteroidining Yerga urilishi mumkin bo‘lgan bir necha ssenariysini modellashtirdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 100-400 million tonna chang ajralishi oqibatida to‘qnashuvdan keyingi 3-4 yil davomida iqlim, atmosferaning kimyoviy tarkibi va global fotosintez keskin o‘zgaradi. Eng og‘ir ssenariy bo‘yicha quyosh nurlanishining to‘silishi Yer sirtining global sovishiga olib keladi, harorat 4°C ga pasayadi, o‘rtacha yog‘ingarchilik 15 foizga kamayadi va ozon qatlami taxminan 32 foizga zarar ko‘radi. Ammo bu o‘zgarishlar mintaqaviy darajada ancha keskin bo‘lishi mumkin.

“Keskin soviydigan iqlim sharoiti o‘simliklarning o‘sishiga yomon ta’sir qiladi, bu esa dastlabki bosqichda quruqlik va dengiz ekotizimlarida fotosintezni 20-30 foizga qisqartiradi. Bu, ehtimol, global oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy putur yetkazadi”, deydi doktor Lan Day.  

Okean modellarini tahlil qilgan olimlar kutilmagan natijaga duch keldi: fitoplankton o‘sishi butunlay boshqacha yo‘l tutgan. Quruqlikdagi o‘simliklar fotosintezi 2 yil ichida asta-sekin tiklangan bo‘lsa, okeanda plankton atigi 6 oy ichida qayta tiklanib, hatto odatdagidan ham ko‘proq o‘sa boshlagan.

Olimlar bu kutilmagan javobni chang tarkibidagi temir miqdori bilan izohladi. Temir suv o‘simliklari uchun asosiy oziq modda hisoblanadi, biroq ba’zi mintaqalarda, xususan, Janubiy okean va tropik Tinch okeanining sharqiy qismida uning tabiiy miqdori juda past. Agar asteroid va atmosferaga tarqalgan yer materiali tarkibida ko‘p miqdorda temir bo‘lsa, oziqa moddalariga ehtiyoj sezadigan hududlar biofoydalanish mumkin bo‘lgan temir bilan boyitiladi, bu esa suv o‘simliklarining misli ko‘rilmagan darajada gullashiga olib keladi. Kompyuter modellariga ko‘ra, to‘qnashuvdan keyingi dengiz mahsuldorligi o‘sishi ayniqsa diatom deb ataluvchi silikatga boy suv o‘simliklari orasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ularning gullashi zooplankton – diatomlar bilan oziqlanadigan mayda yirtqichlar sonining ham keskin oshishiga sabab bo‘ladi.

Yerga o‘rtacha o‘lchamdagi asteroid urilsa nima bo‘ladi?1

To‘qnashuv oqibatida yuzaga keladigan 400 million tonna chang chiqishi tufayli iqlim va ekologiyadagi o‘zgarishlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: tashqi haroratning hududiy o‘zgarishi (yuqori chapda), umumiy yog‘ingarchilik miqdorining o‘zgarishi (yuqori o‘ngda), quruqlikdagi sof birlamchi mahsuldorlikning to‘qnashuvdan keyingi dastlabki 24 oy davomida o‘rtacha foizli pasayishi (quyi chapda) va dengizdagi sof birlamchi mahsuldorlikning to‘qnashuvdan keyingi 10-38 oy davomida o‘rtacha foizli o‘zgarishi (quyi o‘ngda) nazorat modellashtirish bilan solishtirilgan holda.

Modellashtirilgan fitoplankton va zooplanktonning haddan tashqari gullashi biosfera uchun foydali bo‘lishi mumkin va uzoq davom etadigan quruqlik mahsuldorligining pasayishi tufayli yuzaga keladigan oziq-ovqat xavfsizligi muammosini qisman yumshatishga yordam berishi ehtimoli bor.

O‘rtacha kattalikdagi asteroidlar Yer bilan har 100-200 ming yilda bir marta to‘qnashadi. Bu esa shuni anglatadiki, qadimgi inson ajdodlari bunday sayyoraviy o‘zgarishlarni ilgari ham boshdan kechirgan bo‘lishi mumkin va bunday hodisalar inson evolyutsiyasiga, hattoki genetik tuzilishimizga ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilning dekabr oyida astronomlar tomonidan kashf etilgan diametri 70 metr 2024 YR4 asteroidi 2032 yil 22 dekabrda to‘qnashishi mumkinligi xabar qilingandi.  Lekin to‘qnashuv ehtimoli haqidagi ma’lumotlardagi katta farq kuzatish vaqti qisqa bo‘lgani va prognoz qilingan davr 8 yilga cho‘zilgani bilan bog‘liq. 2028-2029 yillarda qo‘shimcha kuzatishlar orqali bunga aniqlik kiritiladi. Shu sababli, asteroidning yerga umuman tushmasligi ham ehtimoldan yiroq emas.