image0

Dunyoning eng boy odami Ilon Mask AQSH Prezidenti Donald Trampning inauguratsiya marosimida bittagina harakati bilan hammani vahimaga solib qo‘ydi. 250 mingdan ortiq odam qatnashgan, butun dunyo kuzatib turgan marosimda so‘zga chiqqan Mask o‘ng qo‘lini oldinga cho‘zib, fashistlar Germaniyasi ramzi bo‘lmish “ziga” jestini takrorladi. U “Xayl Gitler” iborasi aytilganida ishlatiladigan “ziga”ni bir emas, ikki marta takrorladi. Shundan so‘ng muhokamalar markazida qolgan Maskning bu harakati undagi autizm bilan bog‘liq ekani aytildi. Xo‘sh, aqliy faoliyati bilan barchani lol qoldirgan, eng baland IQ egasi (155-160 ball) hisoblangan Maskning harakatini o‘z nazoratidan chiqargani aytilayotgan autizm qanday kasallik? Maqolada autizm va u bilan og‘rigan mashhurlar haqida so‘z boradi.

Dunyoda 75 milliondan ortiq odam autizm bilan kasallangan va bu ko‘rsatkich 2000 yildan buyon 178 foizga oshgan. Miya rivojlanishi yoki ishlashidagi buzilish oqibatida yuzaga keluvchi bu xastalik ko‘p hollarda tug‘ma hisoblanadi. Tibbiyot autizmni asab tizimi kasalliklari deb tasniflaydi, ammo autizm kasallik emas, balki rivojlanishdagi alohida holat degan fikr ham mavjud. Ba’zi mutaxassislar fikriga ko‘ra, autizm bilan kasallangan bola o‘z olamida yashashi mumkin va xayolot olamining noodatiyligi ularga o‘zgacha fikrlash imkoniyatini beradi. Shuning uchun ham bir qancha autist bolalar noodatiy kashfiyotlar va kutilmagan ishlarni amalga oshirishga moyil bo‘ladi hamda ulg‘aygach ko‘p hollarda buni uddalaydi. Quyida shunday qobiliyatlarni yuzaga chiqarib, butun dunyoni lol qoldirgan autist mashhur shaxslarning bir qanchasi bilan qayta tanishamiz.

Tashxis hukm emas: autizm bilan kasallangan mashhurlar1

Entoni Xopkins – britaniyalik aktyor, rejissyor, prodyuser, ssenariynavis

Uning “Tor”, “Gannibal”, “Zorro niqobi”, “Transformerlar” kabi kinofilmlarda ijro etgan rollari, ayniqsa, mashhur. 87 yoshli Entoni Xopkins o‘zining autizm bilan kasallangani haqida 2017 yilda ma’lum qilgan edi. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, autizm spektrida bo‘lish uning karerasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

“Men odamlarga boshqacha qarayman: dekonstruksiya qilishni, xarakterni ajratishni yaxshi ko‘raman”, degan edi u.

Tashxis hukm emas: autizm bilan kasallangan mashhurlar2

Sia – avstraliyalik pop yulduzi

“Cheap Thrills”, “Unstoppable” va “I’m still here” nomli ko‘plab taronalari bilan butun dunyoga mashhur Sia podkastlardan birida o‘zining autizm spektrida ekani haqida ma’lum qilgandi.

“Men 45 yil boshqalarga o‘xshashim kerak deb yashadim. Ammo so‘nggi ikki yilda o‘zimni to‘liq qabul qilishni o‘rgandim va endi men – menman”, degan edi Sia.

Tashxis hukm emas: autizm bilan kasallangan mashhurlar3

Bill Geyts – Microsoft korporatsiyasi asoschilaridan biri, biznesmen

Geyts hech qachon o‘zida autizm bor yoki yo‘qligi haqida rasman javob bermagan, ammo ancha yillardan buyon shunday fikrlar mavjud. Mutaxassislar uning o‘zini tutishi va harakatlarida, muloqot jarayonida kasallik belgilari yaqqol ko‘rinishini aytadi. Geytsning bir ish ustida uzoq ishlashi, mayda detallar bilan chuqur shug‘ullanishi va qiziqish doirasi tor ekani taxminlarga turtki bo‘lgan belgilardir. E’tiborlisi, Geyts hech qachon bularni inkor ham etmagan.

Tashxis hukm emas: autizm bilan kasallangan mashhurlar4

Ilon Mask – amerikalik tadbirkor, muhandis va milliarder

2021 yilgi “Saturday Night Live” shousida taniqli tadbirkor Ilon Mask o‘zining autizm spektrida ekanini e’lon qildi. U o‘zini shouda boshlovchilik qilayotgan asperger sindromi bilan kasallangan birinchi odam ekanligini aytgan. Unda diqqatni jamlash qobiliyati va mukammallikka intilish xislati ustunlik qilishi aytiladi. Ma’lumot uchun, asperger – psixik rivojlanishning buzilishi, muloqotdagi qiyinchiliklar, shuningdek, cheklangan, stereotipik, takrorlanadigan qiziqishlar bilan keng tarqalgan sindrom hisoblanadi. Uning autizmdan nutq va kognitiv qobiliyatlarning saqlanib qolishi bilan farq qiladi.

Tashxis hukm emas: autizm bilan kasallangan mashhurlar5

Mark Sukerberg – Facebook asoschisi va Meta platformasi egasi

20 yoshida Garvard yotoqxonasida Facebook’ni yaratgan va 23 yoshida dunyodagi eng yosh milliarder deb topilgan Sukerberg ham Mask kabi asperger bilan xastalangan.

Bundan tashqari, juda ham ko‘plab mashhur biznesmen, qo‘shiqchi, aktyor va aktrisalar, siyosatchi va olimlarning ham autizm bilan og‘rigani haqida taxminlar mavjud. Masalan, dunyodagi eng mashhur reper Eminem, butun olam tortishish qonunining asoschisi Isaak Nyuton, barcha davrlarning eng buyuk futbolchilaridan biri Lionel Messi, tabiatshunos Charlz Darvin shular jumlasidan. Qolaversa, nisbiylik nazariyasi asoschisi fizik olim Albert Eynshteynda ham autizm bo‘lgani haqida qarashlar mavjud. Unga hech qachon rasman autizm tashxisi qo‘yilmagan bo‘lsa-da, ko‘plab mutaxassislar olimda autizmga xos xususiyatlar mavjud bo‘lgan deb hisoblashadi. Eynshteyn ijtimoiy hayotda muloqotga kirishishda va o‘zini og‘zaki ifoda etishda qiynalgan. Shu bilan bir qatorda u ijodiy fikrlash va murakkab muammolarni hal qilish uchun ajoyib qobiliyatga ega bo‘lgan.

Yuqorida so‘z ketgan autizm tug‘ma xastalik bo‘lgani uchun bemorning bolaligidayoq tashxis qo‘yilganida ko‘pchilik ota-onalar sarosimaga tushib qolishadi. Shuni ta’kidlash joizki, tashxis hukm emas! To‘g‘ri parvarish qilinganida autist bolalar to‘laqonli jamiyatga qo‘shilib keta oladi. Ulg‘ayganlarida nafaqat tor doirada, balki butun dunyoda o‘z o‘rniga ega shaxslar bo‘lib yetishishlari isbotini maqolada ko‘rib o‘tdik.