image0

AQSH rasmiylari olimlarga quyosh nurini to‘sish bo‘yicha tajribalarni o‘tkazishni rasman taqiqladi. Xususan, Kaliforniyada ob-havoga sun’iy ta’sir o‘tkazish bo‘yicha ruxsatsiz boshlangan tajriba to‘xtatilgan. Bu haqda ichki hujjatlarga tayanib, “Politico” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, 2024 yil aprel oyida Alameda shahrida hozirda muzeyga aylantirilgan USS Hornet aviatashuvchi kemasi bortida Vashington universiteti olimlari va SilverLining nodavlat tashkiloti hamkorligida tajriba boshlangan. Ular dengiz tuzi zarralarini purkash orqali bulutlarning quyosh nurlarini qaytarishni xususiyatini kuchaytirishni va yer yuzasiga tushadigan issiqlikni kamaytirishni maqsad qilgan.

Biroq loyiha ishga tushganidan atigi 20 daqiqa o‘tib to‘xtatilgan. Alameda shahar hokimiyati bu ishlar kema ijara shartlarini buzganini va ularning xabarisiz olib borilganini bildirgan. Tadqiqotchilar esa avvalroq bunday tajribalar uchun alohida ruxsat kerak emas, deb hisoblagan.

Geoinjiniring sohasidagi mutaxassislar bu holatga keskin munosabat bildirgan. Bulutlar reflektivligini oshirish kabi texnologiyalar global isish tahdidiga qarshi kurashda foydali vosita sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, tanqidchilar bu usullar kutilmagan jiddiy oqibatlar va ilmiy izchil nazoratning yetishmasligi xavfini solishidan ogohlantirmoqda.

Shu bilan birga, AQSHning ba’zi shtatlari bu borada yanada qat’iy qadamlar tashlagan. Masalan, Florida yaqinda kimyoviy moddalarni purkash orqali iqlimga yoki quyosh nurlanishiga ta’sir o‘tkazishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgan.

Bu orada joriy yil may oyida Britaniyaning ARIA agentligi o‘zining geoinjiniring tadqiqotlarini boshlaganini e’lon qilgan. Rejalarga stratosferaga aks nur qaytaruvchi zarrachalarni purkash, dengiz suvi bilan bulutlarni oqartirish va muz qatlamini mustahkamlash kiradi. ARIA’ga ko‘ra, bu usullarning samaradorligini baholashga vaqt tobora qisqarib bormoqda, chunki iqlim o‘zgarishlari ortga qaytmas bosqichga yaqinlashmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar Yer orbitasida harakatlanayotgan ikkita sun’iy yo‘ldosh yordamida modellashtirilgan sun’iy Quyosh tutilishi qanday ko‘rinishini ilk bor namoyish qilgandi.