image0

Okean yoki dengiz yaqinida yashash umrni uzaytirishi mumkin, ammo daryo yoki ko‘l bo‘yida yashashda bunday ta’sir kuzatilmaydi. Bunday xulosaga Ogayo shtati universiteti olimlari keldi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “Environmental Research” (EnviRes) jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqot mualliflari AQSHdagi 66 mingta hudud aholisi va ularning salomatligiga oid ma’lumotlarni tahlil qilgan. Ular turli xildagi suv havzalariga yaqinlikning o‘rtacha umr davomiyligiga qanday ta’sir qilishini o‘rgangan. Bu jarayonda iqlim, daromad darajasi, havo sifati, transport infratuzilmasi va urbanizatsiya darajasi kabi omillar hisobga olingan.

Natijalarga ko‘ra, dengiz va okean sohillaridagi hududlarda yashovchilar mamlakat ichki hududlaridagi odamlarga qaraganda o‘rtacha bir yil ko‘proq yashaydi. Bunga yanada qulay iqlim, yaxshi ekologik holat, hayot sifati va dam olish maskanlariga borish imkoniyati sabab bo‘lishi mumkin.

Biroq ichki suv havzalari – daryo va ko‘llar, ayniqsa ularning shaharlardagilari atrofida yashovchilarda qarama-qarshi tendensiya kuzatilgan: ularning umr davomiyligi pastroq bo‘lgan. Buning sababi sifatida ko‘plab shaharlardagi daryo va ko‘l bo‘ylarida uchraydigan ifloslanish, zich qurilishlar va ijtimoiy tengsizlik ko‘rsatilmoqda.