Yaponiya tarixdagi yo‘qotishlari va tez-tez sodir bo‘lib turadigan tabiat injiqliklariga qaramasdan qisqa muddatda zabt etgan yutuqlari bilan dunyo mamlakatlari oldida o‘ziga xos namuna vazifasini o‘taydi. Mamlakat iqtisodiyoti, innovatsion ishlanmalar, ilm-fan rivoji va xizmat ko‘rsatish sohalarida erishilgan yutuqlar dunyoda “yapon mo‘jizasi” deb atalishi ko‘pchilikka ma’lum. Ko‘li nomini balig‘i tanitadi deganlaridek, mamlakat muvafaqqiyatida yapon xalqining mehnati va harakatlari cheksiz ekani aniq. Qanchalik zamonaviylikka da’vo qilmasin, ularning ham boshqalarni ajablantiradigan an’analari mavjud. Maqolada shunday odatlarning bir nechtasi haqida so‘z boradi.
Qo‘l yuvmaslik – oddiy hol
Yaponiyada mavjud bir odat mamlakat mehmonlarini yomon ma’noda taajjublantiradi. Gap shundaki, odatda yaponiyaliklar hojatxonadan foydalangach, qo‘llarini yuvmaydi. Ha, tartibli, mulozamatli va “eng toza xalq” bo‘lgan yaponlar shunday qiladi! Bunga zarurat bo‘lmagan ishdan cheklanish deb qarashadi. Aslini olganda, qo‘l yuvmaslikka hech qanday asos yo‘q, ammo ko‘pchilik yaponlar yuvishga ham asos yo‘q deb hisoblaydi. Ko‘pincha, mamlakatga ko‘chib kelgan yoki mehnat qilayotgan chet elliklar bunga toqat qila olmaydi va ijtimoiy tarmoqlarda “yaxshi hamki, Yaponiyada odamlar qo‘l berib ko‘rishmaydi” qabilida hazilomus postlar qoldiradi. Eng qizig‘i, 2015 yilda o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan yaponiyaliklarning 15 foizi hojatdan keyin qo‘l yuvmasligini aytgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich AQSHda 50 foizni tashkil qilgan.
Taomlar narxi yashiriladi
Yaponiyadagi ba’zi restoranlar menyusida taom narxlari ko‘rsatilmaydi. Ular o‘z mijozlarining to‘lovni o‘ylab tashvishlanmasligi va bemalol ovqatlanishi uchun ham shunday qiladi. Mamlakatdagi restoran biznesmenlari orasida “agar mijoz narxlarni bilsa, tejamkorlik maqsadida o‘zi xohlagan taomni emas, arzonrog‘ini buyurtma qilishga moyil bo‘ladi” degan tushuncha keng tarqalgan. Hatto ba’zi restoranlar mijozlarga menyu ham taqdim etmaydi, shunchaki “nima tanavvul qilishni istaysiz” deb so‘raladi va bu orqali xo‘randa fikrini chalg‘itmasdan, uning nima xohlayotganini bilish mumkin deb hisoblanadi. E’tiborli jihati, odatda bunday restoranlar qimmat emas va boshqalar bilan deyarli bir xil narxda xizmat ko‘rsatadi.
Telefonlar suv o‘tkazmaydi
Yaponiyada ishlab chiqarilgan smartfonlarda suratga olish vaqtida chiqadigan ovozni o‘chirib qo‘ya olmaysiz. Bu faqat shu davlat apparatlarida uchratiladigan noyob xususiyat. Bunday telefonlarning yana bir jihati borki, ular suv o‘tkazmas qilib ishlangan. Bu xususiyat ayniqsa so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt davomida ommalashdi. Ko‘pincha, bu mamlakatdagi cho‘milish madaniyati bilan bog‘liqligi aytiladi. Yaponiyaliklarning uzoq ish kunidan so‘ng dush qabul qilayotgan vaqtda telefondan foydalanishlari odatiy holdir. Suv o‘tkazmaslik xususiyati dush paytida asqotishi aniq.
Yig‘lash bo‘yicha kurash
Ko‘pchiligimiz Yaponiyaning milliy sumo kurashi haqida bilamiz. Lekin ularning bolalarni ko‘tarib olgan holda raqibining qo‘lidagi bolani yig‘latishga urinishi haqida hamma ham eshitmagan bo‘lsa kerak. Bunday kurash Naki Sumo (泣き相撲) festivalida bo‘lib o‘tadi. Ushbu 400 yillik an’ana har aprel oyida Tokiodagi Senso-dzi (浅草寺) ibodatxonasida tashkillashtiriladi. Bolalar tadbirga ota-onalari tomonidan olib kelinadi va sumo kurashchilari ularni sahnaga olib chiqib, qo‘rqinchli yuz ifodalari, niqoblar yoki qichqiriqlar bilan yig‘latishga harakat qiladi. Bolalarning chinqirib yig‘lashi atrofda yashirinib yurgan jinlarni quvib chiqarishiga va eng “yaxshi yig‘lagani” sog‘lom bo‘lib, uzoq umr ko‘rishiga ishoniladi.
Qiyshiq tishlar — obro‘
Ba’zi odamlar qiyshiq tishlarini to‘g‘rilatish uchun millionlab pul sarflaydi. Yaponlar uchun esa bu umuman muammo emas, aksincha, qiyshiq tishli odamlar yoqimtoy sanaladi. Xalq orasidagi talabdan kelib chiqib mamlakatdagi ba’zi stomatologiya klinikalari o‘z mijozlariga “qiyshiq tabassum”ni taklif qilmoqda. Bu mijozning haqiqiy tishlariga bir martalik yoki uzoq muddatli sun’iy tish yopishtirish orqali amalga oshiriladi.
“Farrosh bolalar”
Butun dunyodan farqli o‘laroq, Yaponiya maktab va universitetlarida farroshlik ish o‘rinlari mavjud emas. Bu rolni ta’lim oluvchilarning o‘zi bajaradi. Yaponiyalik o‘quvchilar maktab kunlarining bir qismi sifatida sinf xonalarni tozalashadi. Bunga hammom, koridorlar va boshqa ob’ektlar ham kiradi.
Izolyatsiyadagi insonlar
Yaponiyaning uzoq ish kunlari, kuchli raqobat va qimmatli narxlari odamlarni ortiqcha stressda yashashga, qat’iy rejalar asosida harakat qilishga majburlaydi. Oqibatda aholining katta qismi depressiyaga tushib qoladi va hatto ko‘pchilik o‘z joniga qasd ham qiladi. Aynan shu jihat “Yaponiyaning qora tomoni” sifatida talqin etiladi. Ishonish qiyin, ammo mamlakatda eng ko‘p suitsid amalga oshiriladigan manzillar reytingi ham mavjud. Bundan tashqari, yaponlar tabiatan juda odamovilashib bormoqda va izolyatsiyalanish ma’nosidagi “hikikomori” tushunchasi aynan shu davlatda paydo bo‘lib, keyinchalik boshqa mamlakatlarga ham tarqalgan.
Hikikomori (引き籠もり) jamiyatdan butunlay uzoqlashish va ekstremal holatga intilishni anglatadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugunga kelib Yaponiyada 800 mingdan ortiq hikki istiqomat qiladi. Ular umrini oddiy, deyarli bir xil ssenariyda o‘tkazadi: xonasida uxlaydi, onlayn tarzda ishlaydi, anime tomosha qiladi, ijod qiladi yoki shunchaki yolg‘izlik va jimjitlikdan rohatlanadi.
Qora mushuk omad keltiradi
Ko‘pgina mamlakatlarda qora mushuk omadsizlik va noxush xabar darakchisi hisoblanadi. Biroq Yaponiyada hammasi aksincha! Bu davlatda qora mushuk — omad belgisi. Yapon madaniyatida qora mushuklar boylik va farovonlik olib keladi, deb ishoniladi.
Eng ko‘p kechirim so‘raydigan xalq
Yaponlar nafaqat mehnatkash, balki juda mulozamatli xalq ham hisoblanadi. Ular kundalik hayotda sanoqsiz darajada “kechirasiz” so‘zini ishlatishi mumkin. Masalan, kimgadir murojaat qilishga to‘g‘ri kelsa, albatta gap “kechirasiz” bilan boshlanishi kerak. Yo‘qsa, siz “odobsiz”ga chiqasiz va katta ehtimol bilan murojaatingiz qondirilmaydi. Bu yaponlarning mulozamatli xalq ekanidanmi yoki hurmattalab ekanidanmi, aniq aytish qiyin. Ammo e’tibor qilish kerakki, mamlakatdagi ko‘plab restoranlarda qo‘ng‘iroqchani chalmasangiz, sizga xizmat ko‘rsatish uchun hech kim kelmaydi.
Ob-havoga emas, taqvimga qarab kiyinish
Yaponiyada qanday kiyim kiyishni boshqa davlatlardagi kabi ob-havo emas, balki kalendar hal qiladi. Mamlakatda ta’lim dargohlari va boshqa ba’zi tashkilotlarning qat’iy dress-kodlari mavjud va bundan chekinish mumkin emas. Masalan, havo qandayligidan qat’iy nazar, maktablarda 1 iyundan 1 sentyabrgacha yengi kalta ko‘ylaklarni kiyish mumkin emas. Talabalarga esa yozgi formalarini 1 iyungacha yoki qishki formalarini 1 dekabrgacha kiyishga ruxsat berilmaydi.
Oilaviy vanna
Yaponiyada yana bir uzoq yillik an’ana mavjudki, u ko‘pgina xalqlar uchun tasavvur qilib bo‘lmas darajada g‘alati. Gap oilaviy birga qabul qilinadigan vannalar haqida ketmoqda. Yapon oilalari uchun bunday amaliyot ularga nafaqat qalban, balki jismonan birlikni ta’minlash uchun muhim. Ajablanarlisi, ota-onalar umumiy holda hammomda vaqt o‘tkazishni voyaga yetgan farzandlari bilan ham amalga oshiradi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu oilaning umumiy bakterial tizimini ham yaratadi. Tadqiqotlar esa buning haqiqatligini isbotladi, ya’ni oilaviy vanna qiladigan va qilmaydigan oilalar taqqoslashtirilganida bunday amaliyotni bajaruvchi oila a’zolari bir-birinikiga juda o‘xshash bakteriyalarga ega ekani aniqlangan. Ammo estetik nuqtai nazaridan bu an’ana boshqa xalqlar tomonidan qabul qilinmaydi.
Ta’kidlash kerakki, har bir millatning o‘ziga yarasha qadriyatlari mavjud va bu boshqalar uchun ajablanarli tuyilishi mutlaqo normal.