image0

Turli baholarga ko‘ra, 2028 yilga borib, Markaziy Osiyo suv tanqisligining surunkali bosqichiga o‘tadi. Bu haqda Rossiya Fanlar Akademiyasining IMEMO Markaziy Osiyo sektori mudiri Stanislav Pritchin 18 fevral kuni onlayn formatda bo‘lib o‘tgan “Iqlim o‘zgarishlari va Markaziy Osiyoda suv resurslaridan foydalanish muammolari” mavzusidagi davra suhbatida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, bu kun tartibidagi eng dolzarb va og‘ir mavzulardan biri hisoblanadi.

“Sohadagi vaziyat jiddiy tanazzulga yuz tutgan. Bunga bir qator muammolar sabab bo‘lmoqda. Birinchi navbatda – iqlim o‘zgarishlari. Global isish Markaziy Osiyoda chuchuk ichimlik suvi manbalarining asosiy qismi bo‘lgan muzliklar zaxirasiga ta’sir qiladi. Muzliklarning kamayishi uzoq muddatda daryolarning suv oqimiga ham ta’sir qiladi”, dedi Stanislav Pritchin.

Uning ta’kidlashicha, vaziyatga aholi sonining o‘sishi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Mintaqa jadal rivojlanmoqda, demografik holat o‘zgaruvchan. O‘zbekiston yetakchi o‘rinda turibdi: 1991 yilda aholisi 22 million bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu raqam 37,5 millionga yetdi.

“Umuman olganda, Markaziy Osiyo aholisi 80 millionga yaqinlashmoqda. Faqat ichimlik suvi iste’molining o‘zi ham qisqarib borayotgan suv resurslariga qo‘shimcha bosim yaratmoqda. Bundan tashqari, infratuzilma ham eskirgan”, deya qo‘shimcha qildi Stanislav Pritchin.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, sug‘orish uchun mo‘ljallangan suvning 50 foizigacha bo‘lgan qismi dalalarga yetib borguncha yo‘qolib ketadi, chunki suv resurslari samarali ishlatilmaydi.

Bundan tashqari, mintaqaviy boshqaruv tizimining samarasizligi ham muammolardan biri.

“Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha keng vakolatli xalqaro institut mavjud emas. Albatta, davlatlar o‘rtasida ikki va uch tomonlama muzokaralar olib borilmoqda, biroq umuman olganda, suv masalalarini hal qilish tizimi murakkabligicha qolmoqda. Suv taqsimotidan tashqari umumiy strategiyani ishlab chiqadigan institutlar yo‘q. Biroq ba’zi harakatlar kuzatilmoqda – masalan, “Qambar ota” bo‘yicha uch davlat birgalikda loyihani amalga oshirishga kelishib oldi. Bu ijobiy qadam, ammo yetarli emas”, deya ta’kidladi Stanislav Pritchin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bishkekdagi III Xalq Qurultoyida so‘zlagan nutqi chog‘ida aholini suv resurslaridan oqilona foydalanishga chaqirib, Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shni davlatlar uchun yordam ekanini aytgan edi. Shuningdek, Sadir Japarov dunyoda ekologik vaziyatning yomonlashuvi tufayli suv tanqisligi yil sayin ortib borayotganini eslagan.