image0 Yanvar oyi kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy bo‘ldi1 north_east

Yanvar eng sovuq oy sifatidagi nomini oqlamadi

Joriy yil yanvar oyi butun meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy bo‘ldi. Bu haqda Yevropa Iqlim o‘zgarishi xizmati – Copernicus ma’lumotlariga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu oyda Yer yuzasidagi o‘rtacha harorat 13,23 darajani tashkil etgan. Bu esa 1991–2020 yillar oralig‘idagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,79 darajaga yuqori.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, havo harorati sanoat davrigacha bo‘lgan darajadan 1,75 daraja yuqori bo‘ldi. Bu esa shuni anglatadiki, so‘nggi 1,5 yil davomida global harorat Parij kelishuvida belgilangan 1,5 daraja chegarasidan oshib ketmoqda. Mutaxassislar agar ushbu daraja yana 20 yil davomida saqlanib qolsa, iqlim o‘zgarishlari qaytarib bo‘lmas darajaga yetishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. 

Eng yuqori harorat Sharqiy Yevropa, Rossiyaning Yevropa qismi, G‘arbiy Sibir, Alyaska va shimoli-sharqiy Kanadada kuzatilgan. Shu bilan birga, AQSH, Buyuk Britaniya, shimoli-g‘arbiy Fransiya va Kamchatkada yanvar harorat jihatidan odatdagidan salqinroq kechgan.

Olimlar 2025 yilning anomal darajada issiq bo‘lishini taxmin qilmoqda. Ularning fikricha, global isish asosan qazilma yoqilg‘ining yoqilishi va sayyora iqlim tizimidagi umumiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik olim Jeyms Hansen va uning hamkasblari global isish tobora kuchayib borayotganini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, so‘nggi 19 oydan 18 tasida global harorat xalqaro kelishuvlarda belgilangan 1,5 daraja (2,7°F) chegarasiga yetgan yoki undan oshib ketgan.