“Forbes” jurnalining 7 mart holatiga ko‘ra e’lon qilingan hisobotida keltirilishicha, milliarderlar soni va boyligi hech qachon hozirdagidek katta bo‘lmagan. Bu, ayniqsa, AQSHda ko‘zga tashlanmoqda: Donald Tramp ikkinchi bor “milliarder prezident” sifatida lavozimga kirishdi. Bu safar u milliarderlar sinfiga hukumat ustidan har qachongidan ham katta ta’sir kuchini bermoqda. Uning eng yaqin hamkori – dunyodagi eng boy inson. Tramp ma’muriyatida kamida o‘n nafar milliarder va ularning turmush o‘rtoqlari bor.
Bugun maqolada “Forbes” hisoboti asosida atroflicha so‘z boradi.
Dunyoda milliarderlar ko‘paydi
Bu yil tarixda ilk bor milliarderlar soni 3 mingdan oshib, “Forbes”ning yillik ro‘yxatiga 3028 kishi kiritildi – bu o‘tgan yildagidan 247 nafarga ko‘p. Ularning jami boyligi 16,1 trillion AQSH dollarini tashkil qiladi – bu o‘tgan yildagidan 2 trillion dollarga ko‘p, qolaversa, AQSH va Xitoydan tashqari barcha davlatlarning yalpi ichki mahsulotidan ham yuqori.
Hozirgacha milliarderlarning uch nafari 200; yagona Ilon Mask esa 300 milliarddan ortiq boylikka egalik qilmoqda. Shunday qilib, bisoti 100 milliarddan ortiq milliarderlar boyligi o‘n ikki xonali raqamlar bilan yoziladi.
Jurnalga ko‘ra, oldin bunday milliarderlar bo‘lmagan, biroq 2025 yilga kelib, “sentibilliarder” (lotincha “centibillionaire” – 100 milliard dollarga ega inson)lar soni 15 ga yetgan.
Eng boy inson – Ilon Mask
Uning boyligi hozirda taxminan 342 milliard dollarni tashkil qilmoqda. Vaqtining katta qismini Trampning xarajatlarini qisqartirish loyihasi bo‘lgan DOGE kampaniyasini boshqarishga sarflayotgan bo‘lsa-da, Mask o‘tgan yil davomida hisobiga 147 milliard dollar qo‘shishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yutuq asosan uning raketa kompaniyasi SpaceX va yaqinda ijtimoiy tarmoq giganti X bilan birlashtirgan sun’iy intellekt firmasi xAI tufayli yuz berdi.
Hattoki, yaqinda namoyish va aksiyalar sotuvi bosimiga uchragan Tesla ham o‘tgan yilgiga nisbatan yuqoriroq narxda savdo qilmoqda. Natijada Mask yana dunyoning eng boy odami unvonini Bernard Arnolddan tortib oldi va dunyoning ikkinchi boy insoni – Meta asoschisi Mark Sukerbergdan 126 milliard dollar oldinda bormoqda.
Sukerberg ham yirik qadamlarda odimlab bormoqda va 216 milliard dollar boylik bilan ilk bor ikkinchi o‘ringa chiqdi. Amazon asoschisi Jeff Bezos esa 215 milliard dollar bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Arnold esa hozirda 178 milliard dollar bilan beshinchi o‘ringa tushib qoldi.
Qaysi davlatlarda milliarderlar ko‘p?
Amerika Qo‘shma Shtatlari rekord darajadagi (902 nafar) milliarder bilan hamon dunyodagi eng ko‘p milliarderga ega davlat bo‘lib qolmoqda. Ikkinchi o‘rinda 516 nafar milliarder bilan (Gonkongni hisobga olganda) Xitoy, uchinchi o‘rinda esa 205 nafar milliarder bilan Hindiston turibdi. Ro‘yxatdagi barcha milliarderlarning yarmi aynan mazkur uch davlat fuqarolaridir, umumiy hisobda esa 76 ta davlat va 2 ta yarim-avtonom hududda kamida bitta milliarder mavjud.
Bu yil ilk bor Albaniya ham milliarderga ega davlatlar safiga qo‘shildi. Shuningdek, 2018 yilda hukumat bosimi tufayli ro‘yxatdan chiqarilgan Saudiya Arabistoni milliarderlaridan bu yil yana 15 nafari ro‘yxatga qaytdi.
Yangi va sobiq boylar
Umuman olganda, bu yilgi milliarderlar ro‘yxatiga 288 ta yangi ism qo‘shildi. Ulardan ba’zilari rok yulduzi Bryus Springstin, aktyor Arnold Shvarsenegger va komik Jerri Saynfeldlardir. Ta’kidlash joizki, ro‘yxatga ko‘plab sun’iy intellekt kompaniyalari asoschi va direktorlari ham qo‘shilmoqda. Xususan, Anthropic, CoreWeave va DeepSeek asoschilari endi milliarderlar safida. Bundan tashqari, Cava, Chipotle, Jersey Mike’s va Zaxby’s kabi mashhur oziq-ovqat tarmoqlari ortidagi tadbirkorlar ham reytingga kirgan.
Bu yilgi ro‘yxatdagi eng boy yangi a’zo – 2024 yilning may oyida vafot etgan afsonaviy kriptoanalitik Jim Saymonsning bevasi Merilin Saymons bo‘lib, unga eridan 31 milliard dollar boylik qolgan. Umuman olganda, o‘tgan yil ichida 32 nafar milliarder vafot etgan.
Avvalgi yillarga nisbatan ayrim milliarderlar uchun yil unchalik omadli kelmadi. 2024 yilgi reytingda bo‘lgan 107 nafar inson endi yetarli darajada boy emas va ro‘yxatdan chiqib ketdi.
Merosxo‘r va milliarder ayollar
Jahon milliarderlari orasida bor-yo‘g‘i 406 nafar ayol bor bo‘lib, bu umumiy ro‘yxatning atigi 13,4 foizini tashkil etadi. O‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 13,3 foizga teng edi. Ta’kidlash kerakki, ushbu ayollarning deyarli 3/4 qismi o‘z boyliklarini meros qilib olgan. Ular qatoriga dunyodagi eng boy ayol – 101 milliard dollarga egalik qilayotgan Walmart merosxo‘ri Elis Uolton ham kiradi. U bu yil 81,6 milliard dollar boylikka ega fransuz L’Oreal merosxo‘ri Fransuaza Betankur Mayersni ortda qoldirib, ayollar orasida birinchi o‘ringa chiqdi.
Umuman olganda, ro‘yxatdagi milliarderlarning 67 foizi o‘z boyligini o‘zi yaratgan, ya’ni ular kompaniya asoschisi yoki hammuassisi bo‘lgan, yoki boylikni meros qilib emas, o‘zi to‘plagan. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 66 foizdan biroz yuqoriroq.
Milliarderlar necha yoshda?
Eng yosh o‘z boyligini o‘zi yaratgan milliarder – 28 yoshli Scale AI asoschilaridan biri va bosh direktori Aleksandr Vang bo‘lib, uning boyligi 2 milliard dollarni tashkil etadi.
30 yoshdan kichik bo‘lgan milliarderlar soni 21 nafar va ularning orasida eng yoshi 19 yoshli nemis farmatsevtika imperiyasi merosxo‘ri Yoxannes fon Baumbax bo‘lib, u bu yil ro‘yxatga yangi kirgan va hozirda dunyodagi eng yosh milliarder hisoblanadi.
Milliarderlar faqat yoshlardan iborat emas va ro‘yxatda 100 yoshdan oshgan to‘rt nafar milliarder bor, ularning eng yoshi ulug‘i – 103 yoshli AQSH sug‘urta magnati Jorj Jozef. Umuman olganda esa, milliarderlarning o‘rtacha yoshi 66 ni tashkil qilmoqda.
Boyvachcha Prezident Tramp
Donald Tramp uchun esa bu yil deyarli hech kimdan kam bo‘lmagan darajada muvaffaqiyatli bo‘ldi, bu faqat prezidentlikka qaytgani uchungina emas. U Oq uydagi yangi davrini boshlashdan oldin, kripto sohasiga juda foydali sarmoya kiritib, katta daromad oldi. Bundan tashqari, uning “Trump Media & Technology Group” kompaniyasi 2024 yilgi “Forbes” reytingi yakunlangach, ommaviy aksiyalar savdosiga chiqdi.
Natijada Trampning boyligi 2,3 milliard dollardan 5,1 milliard dollarga oshdi. Bu deyarli ikki baravar foyda demakdir.