Dunyoda mavjud millionlab xalqlarning millionlagan urf-odatlari, an’ana va marosimlari bor. Bir hudud aholisi uchun muhim an’ana boshqa bir hududdagilarga g‘alati tuyulishi tabiiy. Bugun bir necha xalqlarning bir-biridan ajabtovur ba’zi an’ana yoki urf-odatlari bilan tanishamiz.
Yaqinini yo‘qotgan ayol barmog‘idan ham ayriladi
Indoneziyada yashovchi Dani qabilasi ayollariga o‘z yaqinlarini yo‘qotish nafaqat hissiy, balki jismoniy og‘riq ham olib keladi. Gap shundaki, bu qabila ayollari yaqin insoni vafot etganida, barmoqlaridan birini kesib tashlashga majbur. Barmoqning yarimini kesib tashlash an’anasi orqali marhumning ruhini tinchlantirish maqsad qilinadi.
Odatda, barmoq o‘tkir tig‘li tosh yordamida kesiladi yoki bo‘lmasa ip bilan qattiq bog‘lab qo‘yilgach, qon yetishmasligi oqibatida barmoq qorayib, chiriy boshlaydi va ko‘p o‘tmay tushib qoladi. Barmoq olib tashlanganidan so‘ng, qon ketishini to‘xtatish uchun ochiq yara kuydiriladi va ajratilgan qismi yo yoqib yuboriladi yoki maxsus joyga ko‘miladi. Bir ayolning nechta yaqin qarindoshi vafot etsa, shuncha barmog‘i kesiladi. Katta yoshli qabila ayollarining bir nechta barmoqlari yo‘qligiga guvoh bo‘lish mumkin. Bundan tashqari, Dani qabilasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning barmoqlari kesilmasada, onalari tomonidan qattiq tishlanadi va bu ularga omad olib kelishiga ishoniladi. Indoneziya hukumati bunday harakatlarni qiynoq deb baholab, taqiq qo‘ygan, ammo 250 ming kishilik mazkur qabila ahli o‘z an’analariga sodiq qolmoqda.
Ulg‘ayish uchun azobli o‘n daqiqa
Bir qancha xalqlarda bolalarning balog‘at yoshiga yetgani alohida marosimlar bilan nishonlanadi, Ba’zi xalqlar an’analarida bolalar, ayniqsa o‘g‘il bolalar qiyin vaziyatga tashlanadi va uni yengib o‘tib, ulg‘ayganini isbotlash talab etiladi. Masalan, Braziliyadagi Satere-Mave qabilasi o‘g‘il bolalari 12 yoshga to‘lgach, erkaklikka o‘tish marosimida dahshatli sinovga dosh berishlariga to‘g‘ri keladi.
Gap shundaki, bolalar qo‘llarini o‘q chumoli bilan to‘ldirilgan qop ichiga qo‘yishlari va 10 daqiqa chidab turishlari kerak. Bu eng jasur bolani ham qo‘rquvdan titratib qo‘yishi mumkin. Chunki o‘q chumolilar chaqqanidagi og‘riq barcha hasharotlarnikidan ham o‘tkirroq – ari chaqqanidan 30 baravar kuchli bo‘ladi.
Kelin-kuyov ustiga chiqindilar sochiladi
To‘y butun dunyo xalqlari uchun alohida nishonlanadigan o‘zgacha kun hisoblanadi. Xina, fotiha, sangit kabi marosimlar shular jumlasidan. Masalan, Shotlandiyada to‘ydan oldin kelin-kuyovni eng jirkanch tarzda tabriklashadi.
Gap shundaki, unashtiruvdan so‘ng oila va do‘stlar kelin-kuyovning ustiga turli narsalarni to‘kishadi, uloqtirishadi. Ko‘pincha bu loy, tuxum, un, yog‘, ovqat qoldiqlari, benzin va hatto hayvon axlatlari ham bo‘lishi mumkin. Ushbu an’anadan mahalliy hokimiyatlar xursand bo‘lmaydi, chunki odatda o‘yin-kulgidan so‘ng ifloslangan joy va chiqindilar tashlab ketiladi. Bu esa sayyohlarning ta’bini xira qilishi mumkin.
Mayyitlarni kalxatlarga ehson qilish
Dafn masorimlari dunyoning turli burchaklarida turlicha o‘tkaziladi. Masalan, Koreyada jasadni yoqib, kulini maxsus idishlarda saqlashadi. Hindlar esa bunday kulni daryoda oqizishadi. Xitoyliklar marhumni tobutga solib, yirtqichlardan asrash uchun yuqoriga ilib qo‘yishadi. Tibetliklar esa dafn etishning biroz vaxshiyroq usulini tanlagan deyish mumkin. Mazkur dafn marosimi buddizm an’analariga muvofiq bo‘lib, unda tanani yerga qaytarish va muqaddas kalxatlarni oziqlantirish orqali tabiatga ehson maqsad qilinadi. Qolaversa, Tibet xalqi ruh tark etgach, tana hech qanday ahamiyatga ega emas, deb hisoblaydi.
An’ana doirasida marhum bir necha kun davomida o‘tirgan holatda saqlanadi, rohiblar esa ibodat qilishadi. Osmonga yaqinroq bo‘lishi va qushlarni jalb qilishi uchun marosim aholi istiqomat qilmaydigan balandlik joylarda o‘tkaziladi. Dafn o‘tkazuvchilar jasadni mayda qismlarga bo‘lib, qushlar iste’moli uchun tayyorlaydi. Kalxatlardan qolgan qoldiq va suyaklar yoqib yuborilishi yoki ko‘milishi mumkin. Qiziq fakt: qushlarning tanani tezda yeb qo‘yishi marhumning yaxshi hayot kechirganini anglatadi. Ushbu dafn marosimi ekologik foydali bo‘lgani uchun ayrimlar tomonidan yaxshi qabul qilinadi.
Jasadni qabrdan chiqarib, yangiliklar aytish – hurmat belgisi
Madagaskar orolida yashovchi qabilalardan birida shunday odat borki, uni qaysi marosimlar sirasiga kiritishgada hayronsan kishi. Gap shundaki, Famadihana nomli bu marosim marhum dafn etilgach, bir yildan so‘ng o‘tkaziladi. U XVII asrda Merina va Betsileu tog‘ qabilalari orasida paydo bo‘lgan. Marosim ildizi tirikligida jamiyatda muhim mavqega ega bo‘lgan shaxslarning jasadlariga tavallo qilish e’tiqodiga borib taqaladi. Vafot etgan qabilaboshilarni ilohiylashtirish maqsadida qilingan harakatlar keyinchalik an’anaga aylangan. Vaqtlar o‘tib, oddiy qabila a’zolari vafot etganida qarindoshlari tomonidan ularga ham shunday hurmat keltirila boshlandi.
Famadihana marhumlar xudo va tiriklar o‘rtasidagi vositachilar degan tushunchaga asoslanadi. Odamlar marosim davomida xuddi xudoga ibodat qilganidek, ota-bobolarining ruhlariga ibodat qiladi. Qabila xalqlarining e’tiqodiga ko‘ra, inson tanasi butunlay parchalanib ketgandan keyingina boshqa dunyoga o‘tadi, bungacha esa marhum oila a’zolari bilan muloqot qilib turishi kerak. Famadihanada odamlar yaqin qarindoshining mayyitini qabrdan chiqarib, bo‘yrada ko‘tarib yuradi va yangi ipak matolar bilan kafanlaydi. Marosim davomida jasadni yerga qo‘yish, uning ismini aytish yoki unga ishora qilish mumkin emas. Shuningdek, har bir kishi ajdodidan sog‘lik, boylik, farzand so‘raydi, uning vafotidan keyin sodir bo‘lgan oiladagi va mamlakatdagi yangiliklar haqida gapiradi. Bundan tashqari, marosimga musiqachi va aktyorlar taklif qilinib, qarindoshlar uchun dabdabali ziyofat tashkillashtiriladi. Famadihana bir necha soat davom etadi va marosim so‘nggida mayyitlar yangi qabrga ko‘miladi. Marosim yetti yil ichida yana takrorlanadi. So‘nggi paytlarda bu marosim kamroq o‘tkazilmoqda. Bu bir tomondan, xarajatlarning yuqoriligi bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa tomondan, ba’zi xristian tashkilotlarining qarshiligi bilan bog‘liq.
Chaqaloqlar ustidan sakraydigan shayton
Rivojlangan davlatlar ham qanchalik mantiqsiz tuyulmasin, ajdodlarining an’analari va g‘alati odatlarini davom ettirib keladi. Masalan, zamonaviy Yevropa davlati Ispaniyada chaqaloqlar ustidan sakrab o‘tish an’anasi mavjud.
To‘rt asrlik tarixga ega ushbu marosim to‘rt kunlik festivalning bir qismi sifatida bo‘lib o‘tadi. “Iblisning sakrashi” ma’nosini bildiruvchi El Salto del Colacho marosimida ispanlar tasavvuridagi iblis kiyimlarini kiyib olgan shaxslar qo‘llarida ot dumidan tayyorlangan qamchi bilan atrofdagilarga hamla qiladi, bolalarni quvlaydi. Ko‘chalar bo‘ylab shunday tomoshalar so‘nggida “shayton” tizib qo‘yilgan chaqaloqlar ustidan sakrab o‘tadi. Bu orqali ularni gunohlaridan forig‘ etib, kelajakdagi kasalliklardan himoya qilishga harakat qilinadi. Festival tariqasida o‘tadigan har yilgi bayram musiqa va raqslarni o‘z ichiga olgan ziyofat bilan yakunlanadi.
Aytish mumkinki, asosan qabila shaklida istiqomad qiluvchi xalqlar o‘z ajdodlaridan o‘tib kelayotgan odatlarga shuchaki an’ana sifatida emas, balki chinakam burch sifatida qaraydi. Zamonaviy davlatlarda esa mantiqqa to‘g‘ri keladimi yo‘qmi, burungi ajdodlar urf-odatlari milliy qadriyat sifatida talqin qilinadi.