Hindistonlik 50 yoshli professor 145 ta o’quv yurtini tamomlagan. Lekin to’xtab ham qolmoqchi emas…
50 yoshni qarshilagan hindistonlik professor Partiban 30 yil ichida jami 145 ta o’quv yurtini tamomlashga erishibdi. O’zi esa hozir Chennay shahridagi turli kollejlarda 100 ta fandan talabalarga dars beradi.
— Men 30 yil ichida haqiqatan 145 ta diplomga ega bo’ldim, — deydi Partiban. — Ammo bu bilan to’xtab ham qolganim yo’q. Hozir ish kunlari talabalarga dars bersam, yakshanba kunlari qaysidir o’quv yurtiga kirish yoki oraliq imtihonlarini topshiraman. Nima qilay? Maktabda o’qib yurgan paytlarimda hamma sohani chuqur bilishni istardim. Shuning oqibatida maktabdagi imtihonlardan yiqilganim yiqilgan edi. Biroq yiqildim deb afsus chekmasdim. Qayta topshirib, o’zim xohlagan bahoga albatta ega bo’lardim…
Partiban asosan huquq, tijorat, san’at va yana ko’plab sohalarga yo’naltirilgan o’quv yurtlarini a’lo baholarga tugatgan. Hozir ko’plab kollejlarda o’sha sohalar bo’yicha talabalarga dars beradi. Faqat bir muammosi bor. Bu qadar ilmli, bilog’on, tirishqoq olim bir ko’rgan odamni yoki manzilni xotirasida saqlab qola bilmaydi. Yo’nalishdagi avtobus, taksilarga chiqsa, albatta kimlardandir bu transport vositasi qay manzilga borishini so’rab olishni unutmaydi. Ko’p bo’larkan. U qaysidir kollejga keladi-yu, talabalarga dars berish uchun auditoriyaga kirib ketayotib, aslida nima uchun bu yerga kelganini yoddan chiqarib qo’yadi.
Partibanning rafiqasi bankda ishlaydi. To’qqizta fan bo’yicha nomzodlik dissertatsiyalarini yoqlagan.