XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

 

O’ZGA SAYYoRALIKLAR HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR

 

1. O’zga sayyoraliklarni tadqiq etish bilan ufologlar shug’ullanadi. Ammo fan ahli ufologiyani fan emas, yolg’onga qorishiq uydirmalar xazinasi hisoblaydi.

2. Sobiq sovet olimlari ham o’tgan asrning oltmishinchi yillarida o’zga sayyoraliklar kemalari xususida izlanishlar olib borgan. Ammo 1961 yili «Pravda» gazetasida «Uchar tovoqlar haqida afsona» maqolasi e’lon qilingach, olimlar bu izlanishlarni bir necha yilga to’xtatgan.

3. Tarixiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, 1661 yili Vologda yaqinidan o’zga sayyoraliklar kemasi uchib o’tgan. U kuchli shovqin bilan uchib gohida g’oyib bo’lgan. Keyin yana paydo bo’lgan. Qishloqdagilar bir yarim soat davomida uchar tovoqni tomosha qilgan. Ayrimlar esa o’sha atrofdagi ko’l orqali qayiqda uchar tovoq parvoz qilayotgan hududga yaqinroq borib ko’rgan. Ammo shu zahoti tanasida kuchli issiqlik tuyib, lohaslanib, o’zlarini yomon his etib, uzoqlashishga majbur bo’lgan.

4. «Uchar tovoq», «o’zga sayyoralik» atamasi 1947 yili paydo bo’lgan.

5. Yozuvchi A. P. Kazansev o’z davrida Tungus meteoriti masalasiga bag’ishlangan bir qator asarlar yaratgan. Asarlarda bu aslida meteorit emas, balki o’zga sayyoraliklar kemasi ekanini ta’kidlagan. Uning aytishicha, o’zga sayyoraliklar kemasi Yerga qo’nishga uringan, ammo halokatga uchragan.

6. Amerikalik er-xotin Betti va Barni Xill Portsmut shahrida yashashardi. Ular dunyodagi o’zga sayyoraliklar o’g’irlab ketgan birinchi yerliklar hisoblanadi. 1961 yil 19 sentyabr kuni ular shaxsiy avtomobilida mehnat ta’tilidan qaytayotganda, mashinaning shundoq tepasida g’alati bir uchar ob’yekt paydo bo’ldi. Qolganini eslay olishmaydi. Oradan ikki soatcha vaqt o’tibgina yana o’sha mashina to’xtagan yerda paydo bo’lib, nimalar bo’lganini idrok etishgan.

7. Amerikaning NASA tashkiloti o’zga sayyoraliklar masalasida tinimsiz ish olib boradi. Ufologlarning ishonch bilan aytishiga qaraganda, ular o’zga sayyoraliklar bilan yaqin munosabatlar yuritadi. Afsonaviy «51-zona» da aynan o’zga sayyoraliklar ish olib boradi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, ertaga 20 sentyabr kuni amerikalik fuqarolardan tashkil topgan katta bir guruh «51-» zonaga hujum uyushtiradi. Ularning maqsadi o’zga sayyoraliklarni o’z ko’zlari bilan ko’rish va bunga shaxsan amin bo’lishdan iborat. Afsuski, zona qattiq qo’riqlanadi. Demak ko’pchilik o’lim topsa kerak.

Astag’firillo!!!

Olimjon HAYIT tayyorladi