XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

Belorussiyada bu yildan boshlab sigirlarga pampers kiydira boshlashdi.

Ammo buning sira hayron qoladigan joyi yo’q. Negaki, sigirlarga pampers kiydirish tajribasi allaqachon Shveysariya, Shimoliy Koreya, Avstraliyada qo’llanib ulgurgan. Belorussiyada esa prezident Aleksandr Lukashenko fermalardan biriga tashrifidan so’ng o’ylab topildi. Qoramollarning o’ta iflos sharoitda saqlanishi, tevarakni tutgan badbo’y hid va nihoyat jonivorlarning go’ngga belanib yurishi Lukashenkoni juda ranjitgan. Shuning oqibatida qishloq xo’jalik sohasidagi ikki nafar yuqori lavozim egasi ishdan haydalgan.

Belorussiyalik mutaxassislarning aytishicha, qoramolga pampers kiydirish nafaqat atrof-muhit toza bo’lishini ta’minlaydi, balki bu go’ngdan metan gazi olishni ham osonlashtiradi.

Bundan tashqari, Belorussiyada bir necha yildan beri sog’in sigirlarga yoqimli musiqa qo’yib berish tajribasi ham muvaffaqiyatli tarzda qo’llanib kelmoqda. Fermalardagi sigirlar Musorgskiy, Motsart, Betxoven, Shostakovichlarning asarlarini tinglagach, ilgarigidan-da ko’proq sut bera boshlabdi.