Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi…

 

 

MIYa ALMAShTIRISh OPERASIYaSI

(hajviya)

 

Xosiyat «hakka» (laqabi shunaqa) ning xudodan tilab-tilab olgan eri Mirzaqul mirob avariyaga uchradi-yu, hammayoqning to’s-to’poloni chiqdi. Aytganlarning aytgani rost bo’lsa, mirob mashinaning orqa o’rindig’ida o’tirgan ekan. Boshqa bir mashina kelib ularga urilganda, mirob kallasi bilan old oynani teshib chiqib ketibdi. Mana, endi bir olam muammo paydo bo’ldi. Aytgan do’xtirlarning aytgani rost bo’lsa, mirobning miyasi darz ketibdi.

— Uning miyasini almashtirsa bo’ladi, — dedi do’xtir Xosiyat «hakka» va uni olib kelgan ikki nafar davangirday qo’shni erkakka javdirab. — Lekin… Singlim, siz rozi bo’lishingiz kerak.

— Rozi bo’lsam, erim tuzaladimi? — so’radi Xosiyat «hakka». — Ayting, tuzaladimi?

— Tuzaladi, — dedi do’xtir. — Lokigin kimning miyasini o’rnatsak, o’shaning xarakteri eringizga o’tib qolishi mumkin.

— Mayli, qo’yavering, — dedi gapni kesib Xosiyat «hakka». — Erim tuzalsa bo’ldi. Aytgancha… Xarakteri o’tadi dedingizmi?

— Xuddi shunday.

— Masalan, kimlarning miyasi bor sizda?

— Misol uchun bir boyvachchaning miyasi o’rnatilishga shay turibdi.

— Yo’q, bo’lmaydi, — qo’l siltadi Xosiyat «hakka». — Boylarning o’ynashi ko’p bo’ladi. Endi bir kamim kundoshlarminan yulishishmidi… Boshqasini ayting.

— Unda uchiga chiqqan piyonistaning miyasini o’rnataylik.

— Ho-o, piyonistaning xotini deb butun qishloq ustimdan kulsinmi? Keyin… Anavi aroq o’lgurining isi dimog’imga tegsa, qusvoray deyman. Bo’lmaydi.

— Yana bir variant bor. Bechora bir muallim bo’lardi. Ko’p qavatli uyning to’qqizinchi qavatidan o’zini pastga tashlagan ekan. Balki uning miyasini qo’yarmiz?

— Bo’lmaydi, — dedi qat’iy ohangda Xosiyat «hakka». — Muallimlar «dimagog» bo’ladi. Keyin oydan oyga maoshi qachon chiqarkin deb kuyib o’tishni istamayman. Keyin… Muallimlar baqiroq bo’ladi…

— Singlim, sizga hech qaysi variant yoqmayapti. Qanaqasi yoqadi o’zi?

— Mengami? Baqirmasin, hadeganda turtkilamasin, qo’shninikiga yastanvolib qartabozlik qilmasin. Tur desam tursin, o’tir desam, o’tirgan yerida tosh qotsin! Ichmasin, chekmasin, begona ayollarga yurmasin. Maoshini qo’limga tutqazadigan bo’lsin. Minnat qilib boshimni qotirmasin! Har zamonda iyib ketib boshini silasam, tekkina tursin!.. Erim sho’rlik xuddi shunday odamiydi. Shuning uchun uni yaxshi ko’rardim.

Do’xtir tushundi. Indamay chiqib ketdi-da, yo’lakdan vetvrachni yetaklab kirdi.

— Mana bu odam vetvrach. Agar yo’q demasangiz, eringizga ho’kizning miyasini qo’yib beradi. Bu ayni siz xohlagan miya. Nima deysiz?

Xosiyat «hakka» hovliqib vetvrachga yuzlandi.

— Rostdanam men xohlagan miyami? Ho’kizning miyasi-ya?

— Ha, taxminlaymiz. Ho’kizning miyasi o’rnatilgandan keyin eringiz xuddi siz sanab o’tgan nuqsonlardan xoli bo’lishi kerak. Ishoning, zo’r bo’ladi! Mana munday bo’ladi!

— Bo’pti, roziman. Ho’kiz bo’lib sut bermasayam mayli. Men orzulaganday, o’z-o’zimning erimday yuvosh-mo’min bo’lsa bas…

Vetvrach shu zahoti hammani chiqarib yubordi-da, yordamchilarini yoniga olib ish boshladi. Roppa-rosa o’n ikki soat-u, o’n ikki daqiqa, o’n ikki soniyada Xosiyat «hakka»ning eriga ho’kiz miyasi o’rnatildi. Oradan bir kun o’tgach, hayajonli lahzalar yaqinlashdi. Vetvrach gapiga javob berishi, Xosiyat «hakka» esa ho’kizmiya bo’lsayam, o’sha o’zining, o’z-o’zining erini ko’rishi zarur edi…

Ho’kiz deganiyam baribir mol ekan-da.

Oradan qanchayam vaqt o’tib o’zimizning Mirzaqul mirob asta ko’zlarini ochdi. Birpa-as tepasidagilarga, keyin xotiniga qarab turdi-da, daf’atan baland ovozda qichqirdi:

— He hammangni Mo’-o’-o’-o’-o’-o’-o’!!!