SARIMSOQ HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR
1. Botaniklar nuqtai nazarida sarimsoq piyozning qarindoshi hisoblanadi.
2. Sarimsoq qadimda O’zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda ilk bor yetishtirila boshlangan.
3. Seleksiyachi olimlar allaqachon sarimsoqning bo’lakchalarga bo’linmaydigan navini yaratishgan.
4. Fransiyaning Gaskon viloyatida sarimsoqli sho’rva pishiriladi. Biroq bu sho’rvani boshqa xalqlar vakillari icha olishmasligi aniq.
5. Sarimsoq xalq tabobatida ko’plab xastaliklarga qarshi keng qo’llaniladi.
6. Dunyo bo’yicha eng ko’p sarimsoq iste’mol qiluvchi davlatlar Xitoy, Koreya va Italiya hisoblanadi. Bu mamlakatlarda yashovchilar kuniga o’ntadan ko’proq sarimsoq bo’lagini yeb bitiradi.
7. Qadimiy Hindistonda sarimsoqdan shifobaxsh dori sifatida foydalanishgan. Ammo hidi tufayli ovqatga hech qachon solishmagan.
8. Sarimsoq antibiotiklarga boyligini olimlar XIX asrdayoq aniqlab ulgurishgan.
9. 2009 yili Xitoyda cho’chqa grippi xastaligi ko’payib ketgach, xalq tabobati vakillari bu xastalikni sarimsoq yordamida davolay boshlashdi. O’shanda Xitoy bo’yicha sarimsoqning bozordagi bahosi oldingisiga nisbatan 40 baravarga oshib ketgan.
10. Sarimsoq haqiqatan juda ko’p kasallik tarqatuvchi bakteriyalarning kushandasidir.
11. Qadimda sarimsoq yovuz ruhlarni haydaydi deb o’ylashgan. Shu sababli quritilgan sarimsoqni uylar tuynuklari, eshiklar tepalariga ilib qo’yishgan.
12. Qadimiy Rimda askarlarning taomiga albatta sarimsoq qo’shishgan. U nafaqat kasallikka barham beradi, balki askarga jasurlik va qo’shimcha quvvat beradi deb hisoblashgan.
13. 1720 yili Fransiyada o’lat tarqalgan. O’shanda sarimsoq uksusga aralashtirgan holda bemorga berilgan. Shu narsa Fransiyada qisqa fursat ichida o’lat yo’qolishiga sabab bo’lgan.
14. Sarimsoq immunitetni ko’tarish va qonni suyultirish xususiyatiga ega. Bundan tashqari, uning tarkibida kaliy, temir, kalsiy, magniy, margans va boshqa foydali moddalar istagancha topiladi.
15. Olimlar aniqlashganki, sarimsoqni ko’p iste’mol qiladigan odam yurak xastaligiga chalinmas ekan.
Olimjon HAYIT tayyorladi