XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

 

BIR YILDA IKKI OYGINA OQADIGAN DARYo

 

Bu daryoning haqiqatan borligini ko’pchilik bilmaydi. U Antarktidada joylashgan. Nomi Oniks. Daryo Antarktidadagi eng uzun daryo hisoblanadi. Uzunligi 30 kilometrga teng. Rostdan ham Oniks bir yilda ikki oygina oqadi xolos. Qolgan vaqt muzlagan holda sukut saqlaydi.

Oniks Viktoriya yerlarida joylashgan. U Braunort ko’lidan oqib chiqib Vanda ko’liga borib quyiladi. Daryo joylashgan yer Antarktida o’lchamiga asoslangan holda aytiladigan bo’lsa, yoqimli iqlimga ega. Chunki Oniks bir yilda ikki oyga bo’lsa-da, muzlik qa’ridan ozod bo’lish imkoniga ega. Aytishlaricha, 1974 yil 5 yanvarida daryo joylashgan hududda Selsiy bo’yicha 15 daraja issiq kuzatilgan ekan.

Oniks daryosida hech qachon baliq bo’lmagan. Bo’lmaydi ham. Daryo suvi muzliklar qay darajada erishiga qarab ko’payishi yoki aksincha kamayishi mumkin. Misol uchun 1984 yili daryo suvi to’lib oqqani sababli ekstremal sayyohlar cho’milish imkoniga ega bo’lishgan.

Darvoqe, Antarktidada yana bir ajoyib joy bor. Bu Mak-Merdo vodiysi deb ataladi. Vodiyda esa «Qonli sharshara» mavjud. Sharshara Teylor muzliklaridan oqib tushadi. Sharsharaning suvi haqiqatan qon rangida. Bunga sabab shuki, xuddi shu sharshara suvi tarkibida keragidan ortiq temir moddasi bor ekan. Sharshara 1911 yili avstraliyalik geolog Griffit Teylor tomonidan aniqlangan.

Olimjon HAYIT tayyorladi