MAYMUNNI ODAM QILSA BO’LADIMI?
Amerikalik er-xotin biologlar Uintrop va Lyuella Kellog 1931 yili gazetalarda o’rmon va changalzonlardagi hayvonlar orasida o’sgan bolalar haqidagi maqolalarni o’qigach, bir savolni ko’ndalang qo’yishdi. Agar maymunni uy sharoitida tarbiyalansa, nima bo’ladi? Odamga aylanadimi?..
Dastlab ular o’zining yangi tug’ilgan o’g’ilchasi Donaldni olib Sumatru orollariga borishni mo’ljallashdi. O’sha yerdan orangutanning bolasini topib o’g’ilchasi bilan birga tarbiyalamoqchi bo’lishdi. Lekin Sumatru oroliga borishning imkoni bo’lmadi. Pullari yetmadi. Shunda odamsifat maymunlar hayotini o’rganish Yel markazidagi tanishlari Gua laqabli shimpanze bolasini taklif qildi. Gua o’shanda 7 oylik bo’lgan ekan. Donald esa 10 oylik edi. Er-xotin rozi bo’lishdi. Ishonishdiki, shimpanze ular kutgan natijani beradi. Albatta odamga aylanadi. Donald va Gua juda tez til topishishdi. Hatto, bir-birlaridan ajralmasdan, doimo birga o’ynaydigan bo’lishdi. Ajablanarlisi, ayrim eksperimentlar jarayonida Gua Donaldga nisbatan tiyrakroq ekanini isbotlay boshladi. Masalan, ipga ilingan pechenyeni tayoqcha yordamida olishni qoyillatdi. Lekin qo’llariga qalam tutqazishganda, Donald ustun keldi. U qo’lidagi narsa qalam ekanini idrok etib, qog’ozga chiza boshladi. Gua esa bu nima ekanini, qanday harakatlar sodir etishni bilmadi. Er-xotin biologlar anglab yetishdiki, bu eksperiment omadli kechmabdi. To’g’ri, Gua ikki oyoqda erkin harakatlanar, qoshiq yordamida ovqatlanishni o’zlashtirgan, odamlar tilini biroz bo’lsa-da, tushuna boshlagandi. Ammo biologlar qancha harakat qilishmasin, Gua bittagina bo’lsin so’zni tiliga ko’chira olmadi. Donald bir yarim yashar bo’lganda, er-xotin eksperimentni to’xtatishga majbur bo’lishdi. Nega deganda, payqashdiki, ularning o’g’li ham so’z boyligini oshirishga shoshilmayapti. Bir yarim yoshga yetguncha atigi uchta so’zni ayta oladigan bo’ldi xolos. Bu ham yetmagandek, emotsiyasini xuddi Gua kabi turli imo-ishoralar, g’alati tovushlar orqali izhor etadigan bo’ldi. Bu holatni ko’rib biologlar qo’rqib ketishdi. Axir, eksperiment aksil natija bersa, Donald maymunsifatga aylanib qolsa nima bo’ladi?..
Darhol Guani markazga yetkazishdi. Donaldni esa odatiy qoidalar bo’yicha tarbiyalay boshlashdi.
Ular bir narsani tushunishdiki, «Qazidir, qartadir, asl zotiga tortadir.» Hayvon hech qachon odamga aylanmas ekan. Na iloj. Bu ham xudoning xohishi-da!
Astag’firillo!!!
Olimjon HAYIT tayyorladi