Yerga o‘rtacha o‘lchamdagi asteroid urilsa nima bo‘ladi?
Xitoy 2032 yilda asteroidning Yer bilan to‘qnashuv ehtimoli sababli sayyoraviy mudofaa kuchlari uchun kadrlar tanlovini boshladi. Bu haqda “Global Times” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Xitoy Milliy mudofaa fan, texnologiya va sanoat boshqarmasi (SASTIND) tomonidan e’lon berilgan. Unda aerokosmik texnologiyalar, xalqaro hamkorlik va asteroidlarni kuzatish bo‘yicha mutaxassislikka ega yosh bitiruvchilar izlanayotgani bildirilgan.
Hozirda 2024 YR4 asteroidi Yevropa va AQSH kosmik agentliklari tomonidan eng katta xavf tug‘diruvchi ob’ekt sifatida e’tirof etilgan. O‘tgan hafta tahlilchilar uning Yer bilan to‘qnashuv ehtimolini 1,3 foizdan 2,2 foizga oshirgan.
SASTIND WeChat tarmog‘ida 16 ta ish o‘rni bo‘yicha e’lon bergan bo‘lib, shulardan uchtasi sayyoraviy mudofaa kuchlari uchun mo‘ljallangan. Nomzodlar uchun 35 yoshdan oshmagan bo‘lish va aniq siyosiy qarashlarga ega bo‘lish talabi qo‘yilgan.
Tanlov uchun vazifalar orasida xalqaro hamkorlik, yangi va eksperimental texnologiyalar bo‘yicha tizimlarni ishlab chiqish kabi yo‘nalishlar bor. Ish ta’rifi esa “Yerga yaqinlashayotgan asteroidlarni kuzatish va erta ogohlantirish bo‘yicha tadqiqotlar” sifatida berilgan.
“SpaceNews” muxbiri Endryu Jonsning ta’kidlashicha, bu ish o‘rinlari 2024 YR4 asteroidining aniqlanishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda va ular Xitoyning allaqachon boshlangan sayyoraviy mudofaa tashabbuslargai qo‘shimcha chora bo‘lishi mumkin.
Biroq planetolog Xarrison Agrusaning fikricha, 2024 YR4 haqida ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q, chunki bu masala bo‘yicha bir nechta davlat va aerokosmik tashkilotlar birgalikda ish olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilning dekabr oyida astronomlar tomonidan kashf etilgan 2024 YR4 asteroidi Yer bilan to‘qnashishi mumkinligi xabar qilingandi. Diametri 70 metr bo‘lgan bu asteroid Chelyabinsk meteoritidan 3-4 baravar katta va u Yer bilan 2032 yil 22 dekabrda to‘qnashishi mumkin. Lekin to‘qnashuv ehtimoli haqidagi ma’lumotlardagi katta farq kuzatish vaqti qisqa bo‘lgani va prognoz qilingan davr 8 yilga cho‘zilgani bilan bog‘liq. 2028-2029 yillarda qo‘shimcha kuzatishlar orqali bunga aniqlik kiritiladi. Shu sababli, asteroidning yerga umuman tushmasligi ham ehtimoldan yiroq emas.