“USMONIYLARNING BENIKOH TUG’ILGAN AVLODLARI”
Tarixiy materiallarga nazar tashlasak, arxivlarni titkilab ko’rsak, usmoniy turklarning yana bir nomaqbul, kechirilmas gunohga yo’l qo’yganiga guvoh bo’lamiz. Hatto, Ertug’ruldek halol, pok otaning tarbiyasini olgan Usmon o’ozi-1 ham imperiya tuzgach, o’zi uchun haram tashkillashtirgan. Ishonchli odamlar podsho uchun dunyoning turli burchaklaridan nasroniy, katolik dini vakillari bo’lmish qizlarni haramga zo’rlik bilan olib kelishgan. Podshoga «haram ona» lavozimining egasi deyarli har kuni qizlarning eng go’zallarini ajratib tayyorlagan. Qolgan qizlar esa turli foyda keltiruvchi ishlarga jalb etilgan. Haramdagi qizlarning barchasiga majburiy tarzda turk tili o’rgatilgan. Podsho esa nikohsiz o’sha nasroniy dini vakilasi bilan ishrat qilgan. Shunday zinoga qo’l urib ham besh vaqt namoz o’qishda davom etgan. Tunda xufton namozi paytida joynamoz ustiga o’tirib xudodan yaxshiliklar so’ragan, tavba qilgan. Lekin namozdan so’ng yana zinoga yo’l qo’ygan. Yoki bomdod namozini erta tongda o’qib bo’lgach, begunoh bandalarning boshini tanasidan judo etgan. Achinarlisi, usmoniylar sulolasiga tegishli podsholardan dunyoga kelgan farzandlar haromi bo’lishiga qaramay, oliy zotli hisoblangan. Tili chiqqandanoq saroy ahlidan tortib, mamlakatdagi fuqarolargacha «qullarim» deyishdan tiyilishmagan. Shuning uchun bo’lsa kerak, usmoniy turklar sulolasi 20- asr boshlariga kelib inqirozga yuz tutdi. Bu kechirilmas gunohlarning, adolatsizliklarning intihosi bo’lsa ajab ermas.
Ana, endi rejissyorlarning fantaziyasiga, diniy bilimga ozmi-ko’pmi ega ekaniga e’tibor qarating. Ertug’rulga nega xudoyimning o’zi tengsiz omadlar hadya etdi? Garchi eng qaltis yo’llarni bosib o’tsa-da, ertasi porloq kechdi? Imperiya uchun poydevor hozirladi? Ko’plab hududlarni zabt etib, o’sha maskanlarda adolat tarozisini o’rnatdi? Chunki xudo barchasini ko’rguvchi, eshitguvchi, anglaguvchidir. Ertug’rul shu qadar kuchli bilaklarga, ta’sirga, qudratga ega bo’lishiga qaramay, Ollohning g’azabi keladigan harakatlarni sodir etmadi. Hatto, Xonli bozorni zabt etish arafasida tatarlar qabilasi boshlig’i o’z qizini Ertug’rulga ikkinchi xotin qilib berishni istaganda, buni ochiqdan-ochiq aytganda ham e’tiqodidan voz kechmadi. Halimadek sevgilisi, jufti haloliga xiyonat qilishni xohlamadi. Zinodan tiyildi. To’qsondan oshgunga qadar umr kechirib ham birovdan pora olmadi, o’zi uchun haram tashkil etish haqida o’ylab ham ko’rmadi. Hamisha adolat tarafdori bo’ldi. Adolatsizlik qurboni bo’lishga doim tayyor turdi. Ana shuning uchun ham Yaratgan egam Ertug’rulni balolardan sog’-omon olib chiqdi. Bu ish albatta uning qo’riqchi farishtasi Al-Arabiy iltijolari natijasida amalga oshirildi. Ollohim Ertug’rul va Al-Arabiy siymosida adolat, haqiqat qanchalar qudratli ekanini bandalarga ko’rsatib qo’ydi.
Iloyim, biz bandalarini ham to’g’ri yo’ldan adashtirmasin! Hamisha xudoyimning nazarida bo’lish barchamizga nasib etsin!
Olimjon HAYIT tayyorladi