HO’KIZ MONOLOGI…
(hajviya)
Ordona qolgan oqibat
Akammisan, ukammisan, kim bo’lsangam mening kimligimni bilvol! Men Ho’kizboy Torg’il o’g’li Suyarqulov bo’laman. Avlodlarimiz o’sha kiroyi ho’kizlardan bo’lishgan. Bobomning bobosimi, yo bobosining bobosimi, allambalo zotlardan bo’lishgan ekan. Zotimiz o’sha kattakon zotlardan ekan. Olaxon momom gapirib bergan. Momom rahmatli meni ne hasratda katta qilgandi. «Bo’ying o’sib, duming uzayganini bir ko’rsam armonim yo’g’idi», derdi nuqul. Mana, dumim yer supurar darajada uzaydi, shox yo’g’onlashdi. Ammo momom shu kunlarni ko’rolmadi. Umuman, o’sha momom qarindosh-urug’larni tergab, bir-biriga egiltirib turarkan. Momomdan keyin begonalashib ketdik…
Ha-a, hozir dumimni munday silkiti-ib o’ylab ko’rsam, haqiqatan biz ho’kizlar orasidagi mehr-oqibat og’ilxonalardan chiqib uzo-oq-uzoqlarga ketib qolganga o’xshaydi. Birodarlar, hurmatli ho’kizlar, agar o’sha mehr-oqibatni qaytarib og’ilxonalarga opkirib qo’ymasak, ahvolimiz juda-a og’ir ekan…
Eshakka qondosh bo’lsammikin-a?..
Oqibat haqida o’ylab turgandim, yaylovga qora eshakni arqonlab ketishdi. Shu bachchag’ar g’alati eshak ekan. Har kuni uni oftobning naq jaziramasiga arqonlashadi. Kechgacha kuyadi-pishadi, ammo miq etmaydi, dayus. Oldida suv ham, «svejiy» o’t-o’lan ham yo’q. Oyog’i ostidagi yetimning basharasiday sarg’ayib ketgan ajriqni titkilayveradi, titkilayveradi. Tishlari sinib tushmaganiga qoyil qolaman. Meni ajablantirgani, shundayam kalta, go’nglagan dumini qimirlatib-qimirlatib uyi tomonga qaraydi, ammo hangramaydi…
Bunisi mayli, o’zi eshak zoti og’ir karvon bo’ladi. Hurmat-izzati bo’lmasayam, indamay turaveradi. Men shu eshakka qarab turib o’zimizning ho’kizlardan xafa bo’p ketaman ba’zan. Devday-devday ho’kizlarmiz-u, oqibatimiz yo’q. Iloj topsak, ko’chada salom-alikniyam nasya qip o’tib ketamiz. Eshak-chi? Vo, bu bachchag’arlardan oqibatli hayvon bo’lmasakan-ey! Xoh ishoning, xoh ishonmang, bularning ja sir-asrori ko’p. Birinchi siri shuki, egasidan bo’lak odam qamchilasa, «hap senimi» deb qo’yadi. Bir kunmas-bir kun albatta o’chini oladi. Ana, ro’paramdagi anavi bachchag’ar ham o’tgan kuni egasining o’g’ilchasi temir bilan tushirgani uchun «xap senimi» deb qo’yganakan. Yaqinda o’sha bolacha ustiga minovdi, shataloq otib borib devordagi ari ini yonida to’xtadi… Sho’rlik bola eshakdan tushishga ulgurmay qoldi. Arilar talab tashlashdi. Otasi tabibma-tabib chopib zo’rg’a tuzatvoldi o’g’lini. Mana shunaqa o’ch olishga ustaykan bu eshaklar.
Lokigin ulardan ba’zi narsalarni o’rganib qo’ysak, ziyon qilmasdi. Masalan, mana shu ro’paramdagi yungi to’kilib tushayozgan eshak ochlikka, issiqqa, suvsizlikka, kaltaklarga chidab hangramasligi mumkin, ammo ikki kilometr narida biror qondoshi hangraganini eshitsa, tamom. Temir bilan uradimi, zanjirlab tashlaydimi, farq qilmaydi. Hammasini uzadi-yu, o’sha qondoshi tomonga chopa ketadi. Boradi, salom-alik qiladi, hol-ahvol so’rashadi. Shundan keyingina joyiga qaytib keladi. Ana endi bu qilig’i uchun o’ldirib tashlagandayam, miq etmay turaveradi. «Za-to’» qondoshiga mehr-oqibat ko’rsatib keldi…
Gohida «Eshakka qondosh tutinsammikan?», debam o’ylab qolaman. Ammo buning iloji yo’q. Negaki, ho’kizga eshak hech qachon el chiqmasligini bilaman…
Eh, ho’kizlar, og’iling sigirga to’lgurla-ar! Oqibatni eshaklardan o’rganaylik! Zora o’tgan ho’kiz ota-yu, bobolarimiz u dunyoda turib bizdan rozi bo’lishsa!..
Orzular og’ilda qop ketdi, og’a!
Ikki yil oldinam qo’shni mahalladagi ho’kiz-u ho’kizchalar akang qarag’ayning oldiga tusha olmasdi. Yaylovning narigi yuzida bo’lsam ham erinmasdan kelib so’rashib ketishardi. Qo’rqardi-da dayuslar! Kim bilsin?!. O’zim ham o’shanda ja «seryo’zniy» ho’kiz bo’lsam kerak-da! Targ’iloy degan sigir bo’lardi. Rosa ko’z suzgandi menga. «Kattazang»lik qilib, o’shaniyam pisand qilmabman. Ana, boshqa ho’kizga tegdi-ketdi. Yo’q, tonsam, noshukrlik bo’lar. Qora-yu, olaxon sigirlarminan rosa hamso’hbat bo’lganman vaqtida. O’g’il-qizlardan ko’p mendayam. Ammo ular onalariga tortdi. Onalariga qo’shilib allaqayoqlarga ketib qolishgan. Xabar ham olishmaydi yaramaslar. «Otam ho’kizlarning ho’kiziydi, bir borib duosini olaylik, zora bizam otamday basavlat ho’kizga aylansak», deyishmaydi nodonlar. Onalari-chi? Bir ko’z suzib qo’yguday hurmati yo’qmi ho’kizning?.. Boya aytdim-ku, oqibat uzoqlashgan-da!.. Endi esa hech kimga keragim qolmadi. Buning ustiga yurib-yurib, bugun — dum oqara boshlaganda mo»rashga tushibman. Dumi oqargan ho’kizni boshiga urarmidi sigirlar…
Baribir achinmayman. Asosiy burchimni qoyillata oldim. Xo’jayinga halol xizmat qildim. Qayoqqa sudrasayam, bir marta mo»rab qo’ymadim. Yuvosh-mo’min bo’lib ortidan ergashaverdim. Kam bo’ldimmi? Yo’q. Mana, kecha xo’jayin bir moshin sara yem opkeltirdi. Bildim. Bu yemni men uchun opkeltirgan. Menday dumiga oq tushgan, terisi shalviray boshlagan ho’kizni obdo-on yemlaydi. Ana undan keyin qassobga oboradi. Mayli-da! U dunyoga borsam ham yuzim yorug’ bo’ladi. Bobomning bobolari, kiroyi ho’kizlar meni rosa alqashadi. Rosmana ho’kizlik qilganim uchun maqtashadi. Lokigin bir armonim ichimda qolib ketadigan bo’ldi, do’st! Ho’kizlar orasidagi uzoqlashib ketgan mehr-oqibatni og’ilxonalarga qaytarib opkirishga ulgurmayman chog’i.
Ishqilib, shu niyatim hech qursa mendan keyin ushalsin! Ho’kizlargayam oqibat degan bachchag’ar hech bo’lmasa eshakdan yuqsi-in!
Olimjon HAYIT