ERTUG’RUL VA «KRESTONOSES»LAR

Ertug’rul tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, u o’z davrining har jihatdan mukammal shaxsi hisoblanganiga guvoh bo’lishimiz mumkin. U 1150 yillarda avji alp sifatida kuchga to’lgan, kurashib, savashib to’ymaydigan yoshga yetgan. Qolaversa, nafaqat Sulaymonshoh yetakchiligidagi «Kayi» qabilasida, balki minglab kilometrlar radiusdagi hududlarda ham Ertug’rulga yetadigan jangchi yo’q edi. U qo’l jangi, qilichbozlik, nayzabozlik, kamondan otish kabi jang san’atlarini mukammal egallagan, bilagidagi kuch ham o’sha san’atni qoyilmaqom ko’rinishda namoyish etish uchun yetarli edi.

Ertug’rulning armiyasi dastlab to’rt-besh kishidangina iborat bo’lgan. Buni keyinchalik Konyadagi saljuqiylar sultoni Oloviddin Kayqubod ham hazil aralash ta’kidlab o’tgandi.

USMONIY TURKLAR SULOLASINING PAYDO BO'LIShI… (yoxud Ertug'rul tarixiga bir nazar. 2-qism)

— Ertug’rul, — degandi sulton barcha vazir-u ulamolar qarshisida. — To’rt-besh askardan iborat armiyasi bilan sultonlarning butun boshli qo’shini zabt eta olmagan Qorajaxisar qal’asi, Xonli bozorni egallab, mana, bizga ham qo’lga kiritilgan oltinlardan ulush keltiribdi!..

Haqiqatan, Ertug’rul «krestonoses»lar bilan Aleppo yaqinidalik paytidayoq ilk bor to’qnash kelgandi. Bunga qadar Ertug’rul jasur, yengilmas, kuchli va mohir alp sifatida dunyoning deyarli yarmiga tanilib ulgurgan. Hatto, keyinchalik Chingizxon avlodlari ham Ertug’rulni yengish, sindirish, u egalik qilib turgan hududlarni o’zlashtirish niyatida butun boshli armiya yo’llashdan tiyilmagan. Bu haqda keyingi qismlarda alohida to’xtalib o’tsak bo’ladi. Gap hozir «krestonoses»lar, o’sha davr nasroniylari haqida ketarkan, ular musulmonlar joylashgan davlatlarga kirib kelib, butun boshli qal’alar, shaharlarni bosib olishgan, nasroniylar dunyoga yetakchilik qilishini istashgan. Aleppo yaqinidagi mustahkam qal’ada ham «krestonoses»larning butun boshli qo’shini jangga shay turar, har kuni alohida otryadlar chiqib ketib qaysidir hududlarni bosib olish, aholini qaqshatish, borini talash bilan shug’ullanardi. Nasroniylar ritsarlari o’z maqsadi yo’lida mahluqdan battar edi. Rahm-shafqat neligini bilishmasdi. Tan olish kerak, «krestonoses»larning ritsarlari jang san’atini mukammal egallashda Ertug’rul kabilardan sira qolishmasdi. Shu sababli ritsarlar asosan qo’shinlarga komandir etib tayinlanardi.

Ertug’rul Aleppo yaqinida dastlab Titus ismli nasroniylar ritsariga ro’baro’ bo’ldi. Titus ozg’indan kelgan, turk tilini yaxshi o’zlashtirgan, chayir, uddaburon, qaytmas, sovuqqon, shafqatsiz va o’ta yoqimsiz xarakterga ega edi.

Ilk to’qnashuvda Ertug’rulning o’ziga nisbatan har jihatdan kuchliligini Titus tan oldi. Shuning uchun unga qarshi ko’pchilik bo’lib jang qilish kerak degan to’xtamga keldi. Shu niyatda ko’p bor urinib ko’rdi. Baribir foydasi bo’lmadi. Har gal Titusning askarlarigina o’lim topdi. Ertug’rulni sindira olmadi, qabilasini egallab ola bilmadi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Ertug’rulning armiyasi asosan to’rt-besh kishidan iborat edi. Ularning biri Bomsi. Barvasta, bir o’tirishda bitta qo’yni paqqos tushirib, kekira-kekira ketaveradigan, o’ta kuchli emotsiyaga ega yigit. U ikki qo’lida ikkita qilich tutgan holda jang qilishni xush ko’rardi. Bu Bomsining jang usuli edi.

Turgut. U ham Bomsi kabi barvasta, jiddiy qiyofali, fe’li juda tor, ammo jasur yigit. Turgut asosan qo’liga vazni 20 kilocha keladigan bolta tutgan holda dushmanga qarshi kurashardi. Boltani otsa, ellik metr naridagi dushman askarini bexato qulata olardi. Uchinchi alp — Somsa. U past bo’yli, ammo juda abjir va chayir, qilichbozlikda unga teng keladigani topilmasdi. Do’g’an. Bu yigit ham hali sheriklari kabi uylanmagan, ayni kuchga to’lgan, mohir, uddaburon, kuchli jangchi edi. Uning o’ziga xos fazilati shunda ediki, Do’g’an dushmanga kalla solishni yoqtirardi. Bir marta kalla solsa, tamom, dushman til tortmay o’lardi.

Xuddi shu besh kishilik armiya bilan Ertug’rul nasroniy bosqinchilariga qarshi uzoq vaqt kurash olib bordi. Baxtga qarshi ularni to’liq zabt etishning imkoni topila qolmadi. Shunda u ayyorona usulni qo’llashga ahd qildi. Ya’ni, nasroniylar joylashib olgan mustahkam qal’aning yashirin yo’lini topdi. Bu yo’l orqali nasroniylarga qurol, ot, yemish tashilardi. Yo’l faqat o’zlarigagina ma’lum edi. Agar shu yo’l orqali ichkariga kirib borilsa, nasroniylar otryadlari arosatda qolishi va kutilmagan hujumlar tufayli o’lim topishi aniq edi. Ertug’rul so’nggi jangga qabiladagi bor qo’shinini jalb etdi va nihoyat ayyorona usul o’z samarasini berdi. Qal’a egallandi. «Krestonoses»lar otryadlari o’lim topdi. Faqat ularning dala komandiri, Ertug’rulning birinchi raqamli dushmani Titus qochib ketdi. Ertug’rul baribir ko’ngliga tugib qo’ydi. Bir kunmas bir kun Titus albatta qo’lga tushishiga ishondi. Chunki Titus shunchaki qo’rqqanidan qochmagan, balki Eron taraflarga o’tib yangi qo’shin to’plash niyatida yo’lga chiqqanini, bir kun albatta ortga qaytib Ertug’rul armiyasiga hujum yo’llash niyati borligini bilardi.

ChINGIZXON ISTILOSI. BAYJI NOYaN

USMONIY TURKLAR SULOLASINING PAYDO BO'LIShI… (yoxud Ertug'rul tarixiga bir nazar. 2-qism)

* * *

Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, Chingizxon yetakchiligidagi mo’g’ul istilochilari 1200 yilning o’zidayoq O’rta Osiyo, Yaqin Sharqdagi bir qator yirik shaharlar, jumladan, Iroq, Xorazm va hokazolarni egallab, hozirgi Turkiya zaminiga ko’z olaytira boshlashgan. Bu zaminga esa Noyan ismli dala komandiri yetakchiligidagi mo’g’ullar armiyasi kirib kelgan. Mo’g’ullar hech qachon dushmanga kamchilik askar bilan hujum uyushtirmagan. Ularning dushmanni cho’chitish uchun o’ylab topgan uv tortishlari, suvaraklar kabi yopirilgan holda hujumga o’tishlari o’ziga xos ko’rinishga ega edi. Mo’g’ullar asosan shu usullar yordamida ko’z ostiga olgan yerlarni zabt etar, o’ta shafqatsizlarcha yo’l tutardi. Masalan, 1229 yili Xorazmga qilgan yurishi davomida ham xuddi Chingizxon tayinlaganidek, aholini yoppasiga qirish orqali ichkarilab borgani haqida tarixchilar alohida to’xtalib o’tgan.

* * *

Xullas, o’sha davrda Mo’g’ulistonni Chingizxonning to’ng’ich o’g’li Ugedey boshqargan. U dunyoga otasidan-da beshbattar shafqatsiz, bundan tashqari, piyonista sifatida alohida mashhur bo’lgan. Lekin aqli, davlatni boshqarish imkoniyatlarining cheki yo’q edi. Mana, endi Ertug’rul xuddi shu mo’g’ullarga qarshi kurashga otlandi. Xo’sh, qanday? Qay sabab bilan? Tarix sahifalarida bitilishicha, kunlarning birida Ertug’rul eng kuchli va ishonchli jangchilari bilan ketayotib uzoqda ikki armiyaning jang qilayotganini ko’rib qoldi. Bu yerda saljuqiylar sultoni Oloviddin Kayqubodning askarlari mo’g’ul istilochilariga qarshi kurashayotgandi. Erto’g’rul bildiki, sulton armiyasi ojizlik qilmoqda. Agar shu taxlit qarab tursa, sulton jangchilari qirilib ketadi. Ertug’rul o’ylab o’tirmay, mo’g’ullarga hujum qildi. Ko’ribsizki, Bomsi, Turgut, Somsa, Do’g’an kabi jangchilar va kichik armiya mo’g’ullarni qirib tashladi. Omon qolganlari qochishga majbur bo’ldi. Ana shundan keyin mo’g’ullar Ertug’rul haqida to’liq ma’lumot to’plab, uni qanday bo’lmasin yo’q qilish payiga tushdi.

USMONIY TURKLAR SULOLASINING PAYDO BO'LIShI… (yoxud Ertug'rul tarixiga bir nazar. 2-qism)

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, mo’g’ul askarlari suvaraklar kabi yoppasiga hujum qilish usulini qo’llagan holda jang olib borardi. Ajoyib kunlarning birida ular Ertug’rulning yolg’iz otda ketayotgani haqida xabar topishdi-yu, taxminan yuz-yuz ellik kishi baravar unga tashlandi. Ertug’rul mohirlikda, kuchlilikda, abjirlik va tajribada tengsiz edi. Biroq yolg’izligi pand berdi. Mo’g’ullar uning qo’l-oyoqlarini boylab, otga sudraklatgancha Ugedeyning ishongan dala komandiri Noyan huzuriga olib borishdi…

* * *

Bu uchrashuvni o’ta sovuqqon, barvasta, shafqatsiz, nigohlari muz kabi yoqimsiz, hatto, o’limga-da tik boqa oladigan, qiynoqlarni masxarali kulish yordamida yenga biladigan Noyan uzoq kutgandi. Ertug’rul yuzlab askarlarini o’ldirib yuborishi, mo’g’ullarga tan bermasligi, o’lpon to’lamasligi, oyog’ini o’pmasligi Noyanga juda-juda alam qilgandi. Shu sababli Ertug’ruldek lashkarboshini osonlikcha o’ldirib yuborish fikridan yiroq bo’ldi. Uni qiynoqqa sola boshladi. Shubhasiz, Ertug’rul ham sabr-toqatda, chayirlik, chidamlilik, sovuqqonlikda Noyandan sira qolishmasdi. Shaxsan mo’g’ullar dala komandirining o’zi kaftini oldindan o’rnatilgan baquvvat taxtaga qo’yib, mix qoqishiga ham chidadi, bardosh qildi. Sir boy berishni, o’zini mo’g’ul bosqinchilari qarshisida ojiz ko’rsatishni xohlamadi…

Noyan mixni Ertug’rulning aynan qilich tutadigan chap kaftiga qoqqandi. Ana endi hech qachon qo’liga qilich ololmasligiga ishongandi. O’lasi qilib kaltaklangan, kaltaklar ta’sirida ezilgan, juda abgor ahvolga kelib qolgan, kaftiga mix qoqilgach, hushini yo’qotgan Ertug’rulni otiga ortishdi-yu, qabilasiga jo’natib yuborishdi…

* * *

Haqiqiy botir, qahramon va jasur jangchini bu taxlit qiynoqlar sindira olmasligi Ertug’rul misolida o’z aksini topdi. U tabiblar ko’magida uzoq vaqt davolanib, nihoyat mix qoqilgan qo’lini ishlashga, qimirlashga majbur eta oldi. Bunga qadar uni hatto akasi Kuntug’di ham jangchilar safidan o’chirib ulgurgandi. Hech kim Ertug’rul yana qo’liga qilich olishi, jangga otlanishini tasavvur eta olmagandi. U o’zining yengilmasligini isbotladi. Temirchi amakisi Dalli Damir ota Ertug’rul uchun sun’iy protez yasadi. Shubhasiz, protez temirdan yasalgan, uni kiysa, bas, qilich tutishga-da hojat qolmasdi. Negaki, bir marta dushmanga shu protez bilan zarba bersa bo’ldi, o’lim topmay qolmasdi. Ammo Ertug’rul protez ko’magida qilich tutishni, qilich bilan jang qilishni boshqatdan o’zlashtirish payida bo’ldi va maqsadiga yetdi…

Noyandan esa baribir o’ch oldi. To’g’ri, bu kunni uzoq kutdi. Noyan hadeganda tutqich bera qolmadi. Lekin qismatdan qochib qutulib bo’lmaydi. Kunlarning birida Ertug’rul o’z qo’llari bilan mo’g’ullar dala komandirini tutdi. Birinchi qilgan ishi esa mo’g’ul Noyanning kaftiga mix qoqishdan iborat bo’ldi. Har holda qonga qon, jonga jon-da! Mix jazosi yakun topgach, turli yo’llar bilan qiynoqqa soldi. Qiynoqlar to Noyanning o’zi yolvorib o’ldirishini so’ramaguncha davom etdi. Keyin esa bosqinchi, qonxo’r va xudo qarg’agan Noyanni yana o’z qo’li bilan o’ldirdi. Shunday qilib «Qayli» qabilasi mo’g’ullar bosqinidan xalos etildi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT tayyorladi