NEVROZ
Oila davrasida
— Uf-f-f!!! Uf-ey-y-y-y!!! Qanday kunlarga qoldim o’zi? Kimlarga uchradim? Qanaqa farosatsiz xotin o’zi bu? Yostig’imni chap tarafga qiyshaytirib qo’yibdi-ku! Men qiyshaytir deganmidim-a-a? O’ladimi so’rasa?..
Xudo-o-o-o!!! Bularning dastidan uyda o’tirmas bo’ldim! Daydib ketar bo’ldim, daydib! Boshimni olib bir yoqlarga ketaman, qutulasan-qolasa — an-n-n!!!
Hay, xotin, derazalarni qora mato bilan yop!
— Yopib qo’ydim-ku, dadasi! Namuncha noliyverasiz?
— Qani yopganing? Ana, yorug’ tushyapti-ku tangaday joydan! Nervimga o’ynab ketyapti! Yo-yo-yop dedim, yaramas, yop!..
Hovlida
Anavini qarang! Hovlidagi choydishni tokchagamas, yerga qo’yishibdi! Qo’li yo’qmi yo hammasining? Sh-sh-shunday-y-y choydishni qo’liga oli-ib tokchaga qo’ysa bo’lardi-ku-u!!!
Ie, anavi sigir nega menga ko’zini lo’q qilib qarab turibdi? Vey, qisir-r-r, pishirib qo’yibmanmi biror nimani-a? Nimaga menga ko’zingni o’ynatasan? Men buqamas, odamman, odam-m!!!
Voy-dod, o’lar bo’lsam o’lib bo’ldi-im! Endi qayoqdagi qisir sigirlar menga ko’z suzadigan bo’libdi-i! Yo’-o’q, chidolmayman! Sirayam toqat qilolmayman! Hozir… Hozir yuzimni yostiqqa bosaman-u, bo’g’ilib o’laman! Yo’qol ko’zimdan! He itga yem bo’lgur malla mushuk! Yo’qol!
Yo’nalish taksida
— Ho’v shopir, bu katta xolangni moshinimi-a? Nimaga indamaysan? Gapir, yaramas, gapir!
— Amaki, sizga nima yomonlik qildim? Nega baqirasiz?
— Abratkaga nimaga chiqarmaysan? Nimaga hammaga to’xtaysan-u, menga to’xtamaysan? Yarim soat kutdim! To’xtamading-ku! Hozir bir urib abjag’ingni chiqarib qo’yaymi?
— E, esingiz joyidami? Mana, to’xtadim-ku!
— Amaki, manavi pullarni shopirga uzatvoring!
— Nima? Nega uzatarkanman? Nima, men senga peredatchikmidim? Uzat o’zing, uzat!
— Hurmatli yo’lovchilar, yo’l haqini vaqtida uzatamiz!
— Vey, pulni qachongacha siqimlab o’tirasan o’zi? Bermaysanmi menga? Ber dedim tezroq! Vey, bular qanaqa odamlar o’zi-a? Atayin nervga o’ynaydimi hammasi? Pulni siqimla-ab o’tiradi-ya! Ha-a, atayin shunday qiladi, atayin! Pul to’lamay tushib ketsam deydi-da, pastkashlar!.. Hay, farosatsiz, pastga tushishga tushding, eshikni sekinroq yopmaysanmi? Miyamni teshvoray dedi-ku! Tavba, tavba-a! Qanaqa odamlar o’zi-a bular? Manavini qarang! Buni ko’ring! Vey, ovsar, eshikni qattiqroq yopib chiq marsho’tga! Kuch bormi o’zi? Erkakmisan?..
Ishxonada
— Hurmatli boshliq, ado bo’ldim! Hammasi tugadi! Bundan battari bo’lmaydi! Bo’lmaydi, tamom! Yetmish ikkita tomirim baravar tortishib ketyapti! Ko’zimdan o’t chiqay deyapti!
— Nima bo’ldi, falonchaka? Kim sizni bu ahvolga soldi? Kim?
— Tomorqani toraytirishdi, tomorqani! Tirikchilikning mazasi qochdi, bildingizmi? Vey, tushunasizmi o’zi buning nimaligini? Ha-a, biz sizlarga o’gaymiz-da-a, o’gaymiz!?. Xohlasalar tomorqamizni tortib olishadi, xohlasalar so’kib qochishadi yo pastga urishadi!
— Tortib olgan bo’lishsa, yangi tomorqa (sahifa) ochib beramiz, aka! Shuyam muammomi? Yozaverasiz! Qalam o’tmaslashmasa bo’ldi!
— Ha-a, doim shunday! Ustimdan kulasiz, kulasiz! To’g’ri-da, biz kim bo’pmiz? Begonamiz, haligiday… Beqadrmiz, beqadr, ha!..
Voy, ana… Tomirlarim qattiqroq tortishyapti! Hozir… Hoy boshliq, o’lib qolaman hozir, eshityapsizmi, o’lib!?. Qani boyagi chilviringiz, qani? To’yib ketdim! Agar tomorqam kengaytirilmaydigan bo’lsa, o’sha chilvirga o’zimni osaman, ha, osaman! Tomorqasiyam, ishlariyam, ko’chalariyam, nervlariyam jonga tegdi!
Vrach qabulida
— Xo’sh, do’xtircha, nega ko’zingni lo’q qilasan? Mana, biz keldik! Ko’rib qo’ymaysanmi?
— Nimadan shikoyatingiz bor, amaki?
— Senga nima? Ko’rmayapsanmi o’zing? Ko’zlarim qiyshayib, barmoqlargacha o’ynab boryapti-ku! Qanaqa do’xtirsan o’zi? Qaysi o’qishda o’qigansan o’zing kasalimni topolmasang? Ie, bu nimasi? Tort qo’lingni? Bolg’angni nari ol dedim! Qayt orqangga, qayt! Haqing yo’q meni bolg’a bilan urishga, haqing yo’q!.. Voy-dod, yordam beringlar! Manavi yaramas meni bolg’a bilan urmoqchi! Do-od!.. Xudoyo shu xonalaringni yelkamning chuquri ko’rsin! Yo’-o’q, bu ishni shunday qoldirmayman! Qoldirib bo’pman! Hali ko’rasan, ustingdan kattakonlarga shikoyat qilaman, kattakonlarga! Menga bolg’a o’qtaldi deyman!.. Do’xtir emish-a bu!..
Xotima o’rnida
Hurmatli o’quvchi, bu nevrozning eng kichik ko’rinishi edi xolos. Hoynahoy, bu bemorni bannisadan ham quvib solgan bo’lishsa kerak. Aks holda bunchalik qaysarlanib ketmasdi.
Iltimos, basharti u bilan to’qnash kelib qolsangiz, ko’ngliga qarang, unga tenglashishga urinmang, baraka topkur! Yo’qsa, aniq ta’bingizni tirriq qiladi.
Shu sizga kerakmi?
Olimjon HAYIT