Hormasboy Tolmasboyev shundog’am zo’rg’a kunini ko’radi. Yurak bachchag’ar injiqlanaveradi. Injiqlikda yangi kelindanam o’taman deydi. Ammo bu holva ekan. Yuragi farishta ekan. Yangi oy boshlanib, yana xudoning bergan kuni eshik taqillatib keluvchilar urchib ketdi. O’shalarning tashriflaridan shundoq ham kasalmand yuragini oldirib qo’ydi, ha! Ishonavering, egachi!
Ana, eshakni eslasang, qulog’i ko’rinadi. Yana taqillatishyapti. Chiqmasa, taqillatib turaverishadi. Hammasining dardi bir. To’lov qilish kerak. Allambalo tashkilotlarni aytvorishadi. Bermay ko’ring-chi, asfalasofinga jo’natib yuboraman deb qo’rqitishadi…
Hormasboy Tolmasboyev oldirib qo’ygan yuragini tashqarisidan bo’lsa-da changallagancha chiqib tashqari eshikni ochdi.
Qarshisida allambalo formalar kiygan ikki barzangi paydo bo’ldi.
— Kelinglar, — deya oldi zo’rg’a Hormasboy Tolmasboyev. — Xush kepsizlar!
— Biz «Tabiiy ofatlarga qarshi kurash tashkiloti»danmiz! — dedi barzangilarning biri qo’lidagi jildni goh ochib, goh yopib. — Tushungandirsiz-a, tog’a?
— T-tushundim. — dedi tutilib Hormasboy Tolmasboyev. — Bo’ladiganini gapiravering! Qancha to’lov qilishim kerak?..
— Oldin kvartirangizni bir ko’zdan kechirsak, — dedi barzangi uy egasiga sovuq boqib. — Hov anavi chiroq simlari ulangan qutichaning nega og’zi ochiq? Bolalaringizdan biri tegib ketib tok tortsa, biz javob beramizmi, tog’a?
— Aybdormiz, — dedi Hormasboy Tolmasboyev. — Hozir to’g’rilaymiz.
— Unda eshiting. Har oyda bizning tabiiy ofatlarga qarshi kurash tashkilotimizga 80 ming so’mdan pul to’lab turasiz. Evaziga biz tez-tez kelib sizni va oilangizni tabiiy ofatlardan himoya qip turamiz!..
Hormasboy Tolmasboyev biladi. Ko’raverib ko’zi pishgan. Istamaygina bo’lsa-da, aytilgan pulni berdi-yu, o’zini ichkariga oldi…
Kelishib olishganmi, nima balo, sal o’tmay keldi-keldi, ber-berlar avjiga chiqdi.
Nimaymish, keyingi kelganlar «Urishgan er-xotinlarni yarashtirishga qarshi kurash tashkiloti»dan ekan. Aytishdiki, er-xotinning o’rtasiga ahmoqlar tushadi. Ularni yarashtiraman deb o’rtaga tushish balansni izdan chiqararkan.
Yuz ming so’m haq olishdi.
Orqasidan yana ikki qorindor erkak kelib eshikni tuk-tukladi. Ular «Gazballon. uz» tashkilotidanmiz deb aytdi. Nimaykan, agar uyda gaz ballon bo’lmasa, oyiga o’ttiz ming so’mdan tovon puli berib borish kerak emish…
Bir soatcha o’tib yana ikki xo’ppa-semiz ayol keldi. Ular «Pensiya yoshiga yetmay kasalga chalinib qo’yganlarga qarshi kurash tashkiloti»dan emish. Ular ham Hormasboy Tolmasboyevning ellik ming so’m pulini sug’urib olishdi. Nimaymish, hali pensiya yoshiga yetishiga o’n yil bo’la turib, balansni izdan chiqargani uchun oyiga 50 ming so’mdan to’lab borishi kerakmish…
Keyingi kelganlarni sanashning o’zi qiyin. «Kartoshka. uz» tashkiloti, «Sarimsoq. kom» korxonasi, «Mahalla ko’chasidan o’tin terishga qarshi kurash» tashkiloti, «Xizmatga tuhmat» tashkiloti, «Folbin. Jodugar. Jodu. Yovuz jinlarga salom. uz» tashkiloti, «To’lov qilayotganda qo’l qaltirashiga qarshi kurash» tashkiloti, «Bor-budini turli xizmatlarga to’lab qo’llari akashak, o’zi kar-soqovga aylanganlarni masxaralashga qarshi kurash» tashkiloti, «Bizga murojaat eting, mahallaqo’mni topib beramiz!» tashkilotlari…
Oxirgisi Hormasboy Tolmasboyevga ortiqchalik qildi-yov! «Balo… Pardon!..», degan tashkilotdanmiz deyishgandi. Ularni ko’rdimi, yo ko’rishga ulgurmadimi, bilmaydi. Yuragi ushlab qoldi. Pullari turadigan quticha bo’shab qolganini ko’rgach, qo’llari qaltir-qaltir qilib, xiqichoq tuta boshladi…
Ammo afsuslanmadi. Negaki, to’lov qil deb keladiganlarning qadami uzildi. Quticha bo’shadi. Endi kelasi oy boshigacha maza qilib dam oladi. Bundan ortiq baxt bormi, axir, egachi!..
Olimjon HAYIT