Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov bosib olingan barcha hududlarini, jumladan Qrimni ham izchil ravishda ozod qiladi.
U DR Denmark efirida bergan ma’lumotida, Rossiya Federatsiyasi tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarini ozod qilish uchun qarshi hujum zarur, deya ta’kidlab o’tdi.
«Xalqimiz va hamkorlarimiz bizdan faol harakatlarni kutmoqda. Faol harakatlar uchun esa bizga ko’proq qurol zarurligini hamkorlarimiz bilishi kerak. Bizning asosiy maqsadimiz -1991 yilga qadar bo’lgan chegaramiz doirasida, vaqtincha bosib olingan barcha hududlarni ozod qilish. Jumladan, Xerson, Mariupol, Berdyansk, Lugansk, Donesk va albatta, Qrim”, dedi mudofaa vaziri.
U Rossiya bilan murosa qilish imkoniyati haqidagi savolga ham javob berar ekan, shunday dedi:
«Rossiyaliklar Ukraina hududidan o’z qo’shinlarini olib chiqib ketgandagina murosaga kelish mumkin va hududlar ozod etilgandan keyin mamlakatlar o’rtasidagi qo’shnichilik masalasi muhokama qilinadi. Ular barcha vayron qilingan infratuzilma va barcha halok bo’lganlar uchun tovon to’lashlari kerak bo’ladi. Ya’ni, o’ldirilgan, zo’rlangan, qiynoqlarga solingan ukrainaliklarga nisbatan amalga oshirgan barcha jinoyatlar uchun tovon to’lashi kerak. Hududiy murosa – bu Ukrainaning 1991 yilgi chegaralariga chiqishi», – deya qo’shimcha qildi Reznikov.
Avvalroq, prezident Vladimir Zelenskiy, Ukraina Rossiya bilan muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini aytgandi va buning uchun Kiyev yana kuch pozitsiyasidan harakat qila olishi kerak bo’ladi. Hozircha Moskva bilan muloqot vaqti kelmagan.
Prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Ukraina va Rossiya o’rtasidagi muzokaralar ehtimoli haqida fikr bildirar ekan, u ham Kiyev va Moskva o’rtasidagi muzokaralarni boshlash shartlarini sanab o’tdi.
«Zudlik bilan o’t ochishni to’xtatish. Ukrainadan z-qo’shinlarini olib chiqish. O’g’irlab ketilgan fuqarolarni qaytarish. Harbiy jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish. Tovon to’lash mexanizmi. Ukraina suveren huquqlarini tan olish», – deya ro’yxatini e’lon qildi Podolyak.