Turklarning o’ziga xos an’analaridan biri bo’lgan “xina kechasi“, avvallari turmush qurayotgan ikki yoshning oilasidagi faqatgina ayol va qizlar jamlangan, vaqt o’tishi bilan esa erkaklar ham ishtirok etishni boshlagan to’y oldi marosimi hisoblanadi.
Turkiyaning turli mintaqalarida turlicha bo’lsada, an’anaviy “xina kechasi” kelinning ota uyida to’ydan bir kun oldin o’tkaziladi.
Xina kechasiga tayyorgarlik, marosimdan bir kun oldin kuyovning oilasi tomonidan yuborilgan xina va quruq meva kabi sovg’a salom yuborish bilan boshlanadi. Xufton namozidan so’ng qizning ota uyida bo’lib o’tadigan “xina kechasi” marosimida an’anaviy kashtali qizil ko’ylak kiygan kelinning yuzi harir qizil yopinchiq bilan yopiladi.
Turkiyaning turli mintaqalarida turlicha bo’lsada, marosimda eng asosiysi xina qo’yishdan oldin kelinni yig’latish hisoblanadi. Shu sababli, xina qo’yishdan oldin turmushga chiqmagan qizlar qo’llarida sham ushlagan holda kelinning atrofida aylanib ota-ona mavzusidagi insonni mahzun qiluvchi qo’shiqlar kuylashadi hamda raqsga tushadi.
An’anaviy xina tayyorlash va xina qo’yish vazifasi odatda baxtli oila sohibasi bo’lgan ayolga beriladi. Xina mis idishda tayyorlanadi va keyin shamlar bilan bezatilgan xina patnisida xonaga olib kelinadi.
Xina kechasi marosimining yana bir muhim odati esa, kelinning xina qo’yilgan kaftini ochmasligidir. Xina qo’ygan ayol, “Kelin kaftini ochmayapti” deyishi bilan bo’lg’usi qaynona kelinning kaftiga xina sovg’asi sifatida tilla tanga yoki taqinchoq qo’yadi.
Xina kechasida kelinni yig’latish odatidan keyin kelinning o’ng kaftiga xina surtiladi va ro’molcha bilan o’raladi va qo’lqop kiydiriladi.
Kelinning kaftiga xina qo’yilgandan so’ng, marosim qo’shiq kuylash, shirinliklardan tatib ko’rish hamda tunning yarmigacha cho’zilishi mumkin bo’lgan suhbatlar bilan davom etadi. Kecha davomida turmushga chiqmagan qizlar yaxshi niyat qilib qo’llariga xina surtadilar.