Niderlandiyalik futbolchi va qiz hakam oila quradigan bo’lishdi. Qizig’i, bu referi vaqtida bo’lajak turmush o’rtog’i maydondan chetlatilgan o’yinda ishlagandi. Ha, inson muhabbat qaerdan kelishini bilmaydi. Gap Erediviziondan keyingi o’rinda turuvchi liga ishtirokchisi «Emmen» klubining chap qanot himoyachisi Jeff Xardeveld va hakam Shona Shukrula haqida ketmoqda. E’tiborli tomoni, ular ilk marta aynan Jeff qizil kartochka olgan uchrashuvda tanishishgan. O’sha bahsda Shona zaxira hakami rolini bajargan.
Aniqroq aytganda, Jeff Xardeveld va Shona Shukrula o’tgan yilning avgust oyida bo’lib o’tgan o’yinda to’qnashishgan. Niderlandiya Eredivizioni doirasidagi «Emmen» – «Eyndxoven» uchrashuvining 90}1-daqiqasida bosh hakam Jeffga to’g’ridan-to’g’ri qizil kartochka ko’rsatadi, biroq u ma’lum vaqt maydondan chiqib ketishni paysalga soladi. Natijada zaxira referisi Shona futbolchi oldiga yugurib borib, undan tezroq kiyinish xonasiga chiqib ketishini so’raydi. O’ziga xos tanishuv… «Emmen» yakunda o’sha uchrashuvni minimal hisobda boy beradi. Shunga qaramay, Jeff xafa emasdi. Axir u mahbubasini uchratgandi.
Jeff va Shona shundan so’ng darhol uchrasha boshladilar va mana, oradan 6 oy o’tib, yigit qizga turmush qurish taklifi bilan chiqdi. Shona bir haftacha muqaddam Rimda Jeff bilan birga tushgan suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirib, qisqacha izoh qoldirgandi: «Rasman». Shukrula 2009 yildan buyon hakam sifatida faoliyat yuritmoqda. 26 yoshli Xardeveld esa «Feyenoord» klubi tarbiyalanuvchisidir. To’g’ri, unga Rotterdam klubida o’z o’rnini topish nasib etgani yo’q. Jeff avvaliga «Utrext», 2017 yili «Xerakles» safiga qo’shildi. «Emmen» bilan esa o’tgan yilning yozida erkin agent maqomida shartnoma tuzdi. Niderlandiyalik futbolchi endi bu transferni o’z hisobiga yozib qo’yishi mumkin. Har holda, «Emmen» o’yinidagi vaziyat ortidan umr yo’ldoshini topdi.