Turkiyaning maftunkor madaniy boyligi: Mozaika muzeylari

Ming yillar davomida ko’plab sivilizatsiyalarga mezbonlik qilgan Turkiyaning Hatay, Gaziantep, Shanliurfa va Istanbul shaharlari o’zlarining rangbarang mozaika muzeylari bilan ziyoratchilarni tarixga sayohat qildiradi.

Turkiyaning eng katta mozaika muzeylariga ega bo’lgan Hatay, Gaziantep, Sahnliurfa va Istanbul deyarli ko’zni qamashtiruvchi asarlari bilan tarixni aks ettiradi.

Mamlakatda olib borilayotgan arheologik qazishmalar natijasidaqo’lga kiritilayotgan qiziqarli topilmalar, Turkiyaning go’zal mozaikalar to’plami dunyodagi eng katta kolleksiyalardan biri bo’lishini ta’minlaydi.

Ming yillar davomida ko’plab sivilizatsiyalarga vatan bo’lgan Hatayda, qazishmalarda topilgan son-sanoqsiz mozaikalar Hatay arxeologiyasi va Nejmi Asfurog’lu arxeologiya muzeylarida namoyish etilmoqda.

Asosan eramizning II-VI asrlariga oid mozaika asarlari, o’sha davrga oid tarihni aks ettiradi.

Turkiyada hozirgi kunga qadar topilgan mozaika san’atining eng yirik to’plamlaridan biri mavjud bo’lib, bu durdonalarning aksariyati Rim davriga oid hisoblanadi va mamlakatning janubiy va janubi-sharqiy hududlarida topilgan.

Mozaika san’atining ushbu ajoyib namunalarining katta qismi hozirgi vaqtda turli muzeylarda namoyish etilmoqda. Turkiyaning asosiy mozaika markazlari esa quyida keltirilmoqda:

Zeugma mozaika muzeyi, Gaziantep

Gaziantepning Nizip tumanidan 10 kilometr sharqda joylashgan Zeugma, Rim imperiyasi hukmronligi davrida diqqatga sazovor joy hisoblangan.

Shaharning ajoyib binolari va jonli ijtimoiy hayoti Gaziantepni muhim bir markazga aylantirdi va hunarmandlari butun mintaqada mashhur bo’lgan. Shahar aholisining salmoqli qismini tashkil etuvchi boylar o’z qasrlari uchun ajoyib mozaikalar va devoriy suratlar chizdirishgan.

Devor freskalari Zeugmaning usta rassomlari tomonidan chizilgan bo’lsa, uy va binolarning yer qismi esa Furot daryosidan olingan rang-barang toshlar yordamida yaratilgan mifologik ertaklar va figuralar tasvirlari bilan bezalgan.

Zeugma qadimiy shahri qazishmalarida topilgan hayratlanarli mozaikalar hozir Gaziantepdagi Zeugma muzeyida namoyish etilmoqda. Dunyodagi eng muhim mozaika muzeylaridan biri bo’lgan Zeugma, mavzu va rang xilma-xilligi, shuningdek sifati, xususan, kvadrat metrdagi tesseralar (mozaik toshlar) soni bo’yicha favqulodda mozaika kolleksiyasiga ega.

Muzeydagi asarlarda o’sha davrda shaharda yashagan aholi hayoti, o’sha davrga oid e’tiqod, madaniyat va me’morchilik mos ravishda tasvirlangan.

Muzeyning keng kolleksiyasida shuhrati butun dunyoga tarqalgan Lo’li qizi mozaikasi (Çingene Kız Mozaiği) bilan bir qatorda urush xudosi Marsning bronzadan yasalgan haykali ham o’rin olgan.

Hatay arxeologiya muzeyi, Hatay

Namoyish qilingan 3250 kvadrat metr mozaika bilan Hatay arxeologiya muzeyi dunyodagi eng katta mozaika kolleksiyasi hisoblanadi.

Muzeyning 10.700 kvadrat metrlik ko’rgazma maydonida to’qqiz mavzuda paleolit, neolit, xalkolit, bronza, xet, ellinistik, rim, sharqiy rim, saljuqiy va usmonli davrlariga oid e’tiborga molik ko’plab asarlar namoyish etiladi.

Hatay arxeologiya muzeyi mozaika kolleksiyasining hajmi, sifati va batafsil qayta ishlanganligi hamda mozaikalarda qo’llanilgan noyob toshlar tufayli dunyoning eng muhim mozaika markazlaridan biri hisoblanadi.

To’plamning katta qismi 1932-1939 yillarda AQShning Prinston universiteti tadqiqotchilari tomonidan topilgan. Muzey kolleksiyasidan “Tashlangan Ariadna”, «Yakto», “Satir va Germafrodit” mozaikalari, shuningdek, sirli “To’rt fasl” mozaikasi, “Veneraning tug’ilishi”, «Artemis» va «Skelet» mozaikalari mavjud.

Muzeyning boshqa diqqatga sazovor asarlari orasida Suppiluliuma haykali, Arsuz stellari, Ossuriya o’rta stendlari, Tyche haykali, Antakya sarkofagi va qo’sh sher ustunli poydevori ham bor.

Haleplibahche mozaika muzeyi, Shanliurfa

Dunyo bo’ylab ko’plab arxeologik topilmalar, jumladan, ajoyib Tosh tepaliklari (Taş tepeler) bilan mashhur bo’lgan Shanliurfa viloyati ham muhim mozaikalar yig’indisini o’z ichiga oladi.

Turkiyaning eng katta muzeyi bo’lgan Shanliurfa muzeyi yonida joylashgan Haleplibahche muzeyida shu hududda topilgan mozaikalar namoyish etilmoqda.

Haleplibahche mozaika muzeyida mifologiyada tilga olingan Amazonka ayol jangchi tasvirlangan yagona mozaika ham mavjud. Mozaikalarda Amazonka ayollari, ayrim hayvonlar va odamlarning ov sahnalari tasvirlangan. Jangchi Amazonka Qirolichasi tasviri esa mozaikalarning dunyoning birinchi namunalaridan hisoblanadi.

U mozaika texnikasi, san’ati, Furot daryosining 4 kvadrat millimetr o’lchamdagi asl toshlaridan yasalganligi va shunga o’xshash xususiyatlari bilan mutaxassislar tomonidan dunyodagi eng qimmatbaho mozaika sifatida tan olinadi.

Muzey asarlari orasida «Orfey», «Ktisis» va “Axilleyning hayoti” mozaikalari ham o’rin olgan. Shanliurfadan chet elga olib ketilgan Orfey mozaikasi hozirgi kunda vataniga qaytarilgan bo’lib, bugun Haleplibahche muzeyida namoyish etilmoqda. Orfey, Shanliurfa mozaikalarining eng qadimiysi (milodiy 194 yil) bo’lishidan tashqari, mozaikada rassomning nomi qayd qilinganligi bilan ham ahamiyatlidir.

 

Buyuk saroy mozaika muzeyi, Istanbul

Istanbuldagi Buyuk Saroy mozaikalari muzeyida namoyish etilgan mozaikalar 1935 yilda Sharqiy Rim Buyuk Saroyidagi monastirning shimoli-sharqiy qismida olib borilgan qazishmalar paytida topilgan.

Asarlar eramizning 450-550 yillariga oid 150 ta odam va hayvon qiyofasi va 90 ta tematikani o’z ichiga oladi. Kundalik hayot, tabiat va mifologiya manzaralarini o’zida jamlagan bu mozaikalar davrning yetakchi mozaika ustalari boshchiligida hunarmandlar tomonidan yaratilgan, deb tahmin qilinadi. Muzey, Moviy masjid majmuasidagi Arasta bozori ichida joylashgan.

Mozaikalar ohaktosh, terakota va rangli toshlardan tashkil topgan bo’lib, Buyuk saroy muzeyidagi mozaikalarning o’rtacha o’lchami 5 millimetrni tashkil qiladi. Marmar bo’laklari «Opus Vermikulit» uslubida ishlangan bo’lib, oq marmar segmentlarida esa «baliq umurtqasi» usuli qo’llanilgan; tasvirlar konturlar bilan chegaralangan.

Muzeydagi mozaikalarda kaltakesak griffon itini yeyayotgani, fil va sherning jangi, xo’tikni emizayotgan ot, g’oz va cho’pon bolasi, ko’za, echki boqayotgan kishi, olma yeyayotgan ayiqlar, eshak boqayotgan bola, ovchi va yo’lbars kabi sahnalar aks ettirilgan.