Karavan ta’tillari borgan sari ommalashib borayotgan faoliyat turi bo’lib, bo’sh vaqtlarida yangi marshrutlarni kashf qilishni xohlovchi sayohatchilarga yoqimli sarguzashtlarni taqdim etadi. Turkiya karavan sayohatchilariga ko’plab imkoniyatlar va ilhomlantiruvchi yo’nalishlarni taklif qiladi. Mamlakatning diqqatga sazovor yashil va moviy manzaralari, qadimiy shaharlari va go’zal qishloqlari hamda mazali taomlari g’ildirak ustida sayohat qilishning qiymatini yanada oshirishi tabiiy.
Egey dengizidan O’rta Yer dengiziga qadar
Chanoqqal’adan boshlangan bu go’zal marshrut Shimoliy Egeyning tarixiy markazidan o’tib, Turk Rivierasining sevimli port shahri bo’lgan Antaliyagacha cho’ziladi… Boshlanish nuqtasi Chanoqqal’a, ayniqsa tarixga qiziqqan har bir kishi uchun son-sanoqsiz imkoniyatlarni taqdim etadi. Qadimgi Troya shahrini o’rganishingiz, Gomerning «Iliada» va «Odisseya» dostonlarining kelib chiqishi Chanoqqal’a ekanligini idrok etgan holda kuzatishingiz va Yevropa muzey akademiyasi maxsus mukofotiga sazovor bo’lgan Troya muzeyiga tashrif buyurishingiz mumkin. Chanoqqal’aning ko’zga yaqin bo’lgan shaharchasi Ayvajikga kelganingizda, qadimiy Assos shahrini kashf qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, Ida tog’ining etagida joylashgan Ayvajikda karvoningizni to’xtatishingiz mumkin bo’lgan bir nechta lager va glamping hududlari mavjud.
Yo’lning davomi bo’lgan O’rta Yer dengizi va Egey dengizlarining tutashgan nuqtasida joylashgan Mug’lada har biri alohida turizm jannati bo’lgan Bodrum, Fethie, Marmaris, Datcha va Ko’yjegiz kabi ko’plab sohil bo’yidagi shaharlar sizni kutmoqda. Ko’k va yashil o’zaro uyg’unlashgan ushbu ajoyib marshrutda siz Bodrumda ko’proq vaqt o’tkazishingiz mumkin. Ushbu yorqin dam olish markazi mashhur Bodrum suv osti muzeyi va Galikarnas maqbarasi bilan birga jonli o’yin-kulgilarni taklif etadi. Chuqur ildiz otgan sivilizatsiyalar izlarini kashf qilish uchun siz qadimiy Lagina, Qadimgi Gerakleya shahrini, Stratonikeia va Knidos qadimiy shaharlarini o’zingiz uchun kashf qilishingiz mumkin. Datcha yarim orolining eng chekkasida joylashgan muhtasham qadimiy Knidos shahri bo’ylab sayr qilganingizdan so’ng o’ziga xos sokinligi bilan e’tiborni tortadigan Datchaga tashrif buyurishingiz mumkin.
Shuningdek, ushbu marshrutda Babadag’ning etagida joylashgan O’ludeniz va Kapalaklar vodiysi sohillari mavjud bo’lib, ular dunyodagi eng go’zal sohillardan hisoblanadi. Viloyatdagi qarag’ay daraxtlari soyasida karavaningizni to’xtatishingiz mumkin bo’lgan ko’plab ob’yektlar va hududlar mavjud. Bu yerda bo’lganingizda, Babadag’ etaklarida, Turkiyaning eng mashhur paraplanda uchish mashg’ulotidan zavq olishingiz mumkin.
Antaliya – dunyodagi eng ko’p “moviy bayroq”ni qo’lga kiritgan shahar
Eng ko’p Moviy bayroqli sohillarga ega bo’lgan Antaliya, dengiz qirg’og’i va mo»jizakor tabiati bilan e’tiborni tortadi. Bu tarixiy xazinalar orasidan Ksanthos qadimiy shahri va uning diniy markazi Letun, Side, Perge, Aspendos, Mira va Patara shaharning ulug’vor qadimiy shaharlarini kashf qilishingiz mumkin. Likiya, Pisidiya madaniy meros yo’li va Sankt-Pol yo’li kabi dunyoga mashhur piyoda yurish yo’llaridan ba’zilari Antaliya viloyatida joylashgan. Turkiya va dunyo tanigan suv ostiga sho’ng’ish turizmi markazi Kash ham ushbu viloyat chegaralari ichida joylashgan. Kashga kelganingizda, dunyodagi eng go’zal plyajlardan biri bo’lgan Kaputash sohiliga to’xtab o’tishni unutmang.
O’rmonlar yo’nalishi: Qora dengiz sohillari
Turkiyaning shimolidan joy olgan ko’z qamashtiruvchi Qora dengiz mintaqasi, dengiz va o’rmonli tog’ yonbag’irlari tutashgan qirg’oq chizig’iga ega. Shuningdek, mintaqa Turkiyaning eng mashhur karavan sayohati yo’llaridan biridir. Istanbuldan Qora dengizga karavanda yo’lga chiqqaningizda, yam-yashil o’rmonlar bilan qoplangan, salqin va musaffo havo va yashilning har xil tusini taqdim etuvchi ilk to’xtash joyingiz Bo’lu bo’ladi. Siz Bo’ludan Safranboluga tomon harakatlanar ekansiz, anvoyi gullar bilan qoplangan derazalariga ega bo’lgan turli yog’ochli turk uylarini uchratasiz. U yerdan go’zal Kastamonuga yo’l olishingiz mumkin.
O’zining tabiiy go’zalligi bilan tashrif buyuruvchilarni maftun etadigan Samsun tarixiy port shahri bo’lib, bu yerda siz Qizilirmoq deltasi qushlar qo’riqxonasiga tashrif buyurishingiz mumkin. Samsundan keyin yo’l sizni tabiiy go’zalligi bilan mashhur Ordu shahriga olib boradi. Orduda bo’lganingizda Pershembe va Chambashi platolari, Chiseli va Uzundere sharsharalari, Geyilmez kanyoni va zamonaviy hayotni soddalik bilan uyg’unlashtirgan Yeshilje qishlog’i ko’rishingiz kerak bo’lgan joylardan faqat bir nechtasidir. Keyingi bekat sanalmish Trabzonda sizni haqiqiy madaniyat xazinasi kutmoqda. Sumela monastiri Turkiya va Trabzonning eng muhim madaniy meroslaridan biridir. Sharqiy Rim imperiyasi davrida tik qoya ustiga qurilgan bu ajoyib monastir 2000 yildan beri YuNESKOning Jahon merosi ro’yxatidan joy olib kelmoqda. Qora dengizning eng go’zal marshrutlari bo’lmish Rize va Artvinda siz tog’ yonbag’irlari, zumrad-yashil platolarga duch kelasiz. Bu yashil shaharlarda mavsumiy turk oshxonasining o’ziga xos uslubini ham tatib ko’rishingiz mumkin. Ushbu mintaqaning ovqatlanish dasturxonida turli xildagi o’tlar va sabzavotlar, ayniqsa, hamsi mayda balig’i asosiy o’rin tutadi.