Agar mazali taomlarni tatib ko’rish sizning sevimli mashg’ulotingiz bo’lsa, Turkiya siz uchun eng maqbul tanlov sanaladi. O’rta Yer dengizining qoq markazida joylashgan Turkiya, boy madaniy tarix, hayratlanarli manzaralar, qolaversa, tashrif buyuruvchilarga taklif qilinadigan turli xildagi sayyohlik maskanlariga ega. Shuningdek, u o’z mehmonlariga ko’p asrlik, chuqur ildiz otgan pazandachilik madaniyatining eng go’zal namunalarini dasturxonga tortib, sayyohlarga unutilmas gastronomik sarguzashtlarni taqdim etadi.
Turkiyada, yoz mavsumi davomida, zaytun moyli, mamlakat atrofidagi dengizlardan olingan mahalliy o’tlar va turli dengiz mahsulotlari bilan tayyorlangan sabzavotli taomlarning taomnomadagi eng mashhur lazzatlar ekanligiga shubha yo’q. Keling, yozning issiq kunlarida sizni xursand qiladigan yengil, sog’lom va mazali yoz lazzatlarini «turkcha uslubda» ko’rib chiqaylik…
Zaytun moyi va sabzavotlar: Turk yozgi dasturxonining ikki yulduzi
Sog’lom va chiroyli qomatda bo’lish uchun O’rta Yer dengizi parxeziga rioya qilish Turkiyadagi ta’til davomida juda oddiy. Chunki uzoq va sog’lom umr kechirish uchun zarur bo’lgan zaytun moyining mo»jizasi kunning har bir taomida joy olgan bo’ladi. Restoranlarda ham zaytun moyida tayyorlangan turli xildagi salatlar kichik likopchalarda taqdim qilinadi. Butun Turkiya bo’ylab zaytun moyida pishiriladigan, ishtaha ochar barra ko’k loviya yoz oylarida uylarda asosiy taom sifatida iste’mol qilinadi. Taomlarning yengil va sog’lom bo’lishi uchun yozda go’sht va qiymaga bo’lgan ehtiyoj pasayadi. Yashil loviya, baqlajonli taomlar, uzum bargidan do’lma yoki ichi to’ldirilgan boshqa sabzavotlar ixtiyoriy ravishda go’shtsiz pishiriladi. Yoz oylarida barra yashil o’tlardan foydalanish ham ko’payadi va har ovqat mahalida ko’p miqdorda zaytun moyi, sirka yoki limonli salatlar qo’shib tortiq etiladi.
Bundan tashqari, Turkiyaning qaeriga bormang, o’sha mintaqaga oid ma’lum bir o’simlikka duch kelishingiz mumkin. Chunki bu keng geografiyada har bir hudud o’ziga xos biologik xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Misol uchun, Egeyning marvaridi bo’lgan Izmirda muborak qushqo’nmas (shevket-i bostan) yoki samfir (dengiz loviyasi) kabi o’tlarni tatib ko’rishingiz mumkin. Egey dengizi sohilidagi dasturxonlarning yulduzlari artishok, qovoq gullari va mintaqaga xos bo’lgan boshqa o’tlar kabi mahalliy sabzavotlardir. Yoz kunlarida uyda ovqat bo’lmasa, qovun-tarvuz va oq pishloq triosi tez-tez yordamga keladi. Chanoqqal’a Ezine pishlog’i va bir necha bo’lak qovun yoki tarvuz tez va ajoyib yengil taomni tashkil etadi.
Turk Rivierasining mazali reseptlari
Turk Rivierasi o’zining yoqimli iqlimi, go’zal manzarasi, sog’lom oshxonasi va yozda tabiiy zaytun moyi bilan tayyorlangan turli xil sabzavotli taomlari bilan e’tiborni tortadi. Tahinli piyaz – asl ta’mni sevuvchilarning Turk Rivierasiga tashrifi davomida tatib ko’rishlari kerak bo’lgan lazzatlardan biridir. Shuningdek, siz dunyodagi eng mazali apelsinlardan biri sifatida tanilgan Finike apelsinini tatib ko’rishingiz zarur! O’zining tengsiz xushbo’y iforiga ega bo’lgan bir stakan muzdek Finike apelsin sharbati, jazirama yoz kunlarida sizni tetiklashtiradi.
Turkiyaning yozgi taomlari faqat Egey va O’rta Yer dengizi lazzatlaridan iborat emas. Yozning sevimli taomi Ayran Ashi (bug’doy va no’xat qo’shilgan sovuq qatiqtli sho’rva, go’ja) Sharqiy Onado’lining eng mashhur mahalliy taomlaridan biridir. Onado’lini ziyorat qilganingizda, turli mintaqalarda turli don va urug’lar bilan tayyorlangan bu mashhur oshni tatib ko’rishingiz mumkin. Onado’lining issiq yoz kunida, Kahramanmarashning Marash muzqaymoqlari ayni muddaodir. Echki suti va Kahramanmarashda ekilgan yovvoyi orxideya ildizlaridan tayyorlangan bu mazali muzqaymoq yozning issiq kunlarida salqinlash uchun mukammal tanlovdir.
Yangi tutilgan dengiz balig’i
Baliq O’rta Yer dengizi mintaqalarida iste’mol qilinadigan asosiy ozuqa bo’lib, odatda butun yoz davomida iste’mol qilinadi. Bundan tashqari, u turk oshxonasining eng muhim lazzatlaridan biridir. Uch dengiz bilan o’ralgan Turkiya, mavsumiy dengiz mahsulotlarining bir necha xil navlariga ega. Yozgi lazzatlar uchun turkcha taomnomalarda ko’plab mazali baliqlarni uchratish mumkin. Yoz oylarida baliq odatdagidek qovurish yoki grill uslubida tayyorlanadi, ba’zan esa, sabzavot bilan bug’lab pishiriladi va sog’lom taom tarzida taqdim qilinadi.