Turkiya qishloq va o'rmon xo'jaligi vaziri O'zbekistonga tashrif buyuradi

O’zbekiston elchisi Alisher A’zamxo’jayev Turkiya qishloq va o’rmon xo’jaligi vaziri Bekir Pakdemirli bilan uchrashuv o’tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Tomonlar mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi va aholi farovonligini ta’minlashda agrosanoat majmui ulkan ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

O’zbekiston elchisi so’nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo’jaligini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi sub’yektlar o’rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalar jalb qilish borasidagi muayyan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Bekir Pakdemirli O’zbekistonda qishloq xo’jaligini rivojlantirish bo’yicha  amalga oshirayotgan izchil islohatlarni kuzatib borayotganini bildirdi. Uning aytishicha, Turkiya qishloq va o’rmon xo’jaligi vazirligi O’zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.

Turkiya qishloq va o’rmon xo’jaligi vaziri bog’dorchilik, o’rmon va issiqxona xo’jaliklari sohasi mutaxassislari uchun Turkiyada qisqa muddatli,  shu jumladan, masofaviy treninglar tashkil etishga ko’mak berishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv natijasida vazir Bekir Pakdemirli boshchiligidagi Turkiya qishloq va o’rmon xo’jaligi vazirligi delegatsiyasining joriy yil noyabr-dekabr oylarida O’zbekistonga tashrifini tashkil etish bo’yicha kelishib olindi.