Sho’rvalar qadimdan insonlarning charchoqlarini ketkazadigan va jismoniy kuchlarini yangilaydigan taom sifatida taqdim etilgan va iste’mol qilingan.
Turk oshxonasida sho’rvaning o’rni va ahamiyati
Sho’rva nisbatan arzon va to’yimli taomdir. Shu sababli, tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak bu taom, turk jamiyatining barcha qatlamlari tomonidan sevib tanovul qilingan. Misol tariqasida, Usmoniylar davrida sho’rva kambag’allarning dasturxonidan tortib, sultonlarning shohona taomnomasidan ham alohida o’rin egallagan.
Faqat Usmoniylar davrida emas, balki sho’rva hamisha turk oshxonasining asosiy taomlaridan biri bo’lib, taom madaniyatida hal qiluvchi omil bo’lib kelgan. Turk oshxonasining eng nafis jihatlarini o’zida jam qilgan sho’rvalarning har biri o’ziga xos ta’m va lazzati bilan birga, xilma-xilligi bilan ham shuhrat qozongan.
Bugungi turk oshxonasida nonushtada ham sho’rva tortiq qilinishi urfga kirib ulgurgan. G’arb oshxonasida sho’rvalar ishtaha ochuvchi boshlang’ich taom sifatida iste’mol qilinsa, turk dasturxonida asosiy taom sifatida tanovul qilinadi. Bunday sho’rvasevar xalq taomnomasida turli-tuman sho’rva turlarining mavjud bo’lishi ham tabiiy hol, albatta.
Turk oshxonasida sho’rva turlari
An’anaviy turk oshxonasida sho’rva tarkibiga nazar tashlasak, donli va unli sho’rvalar, dukkakli sho’rvalar, dengiz mahsulotlari solib pishiriladigan sho’rvalar, go’shtli va tovuq go’shtili sho’rvalar, qatiq va sutli sho’rvalar, sabzavotli sho’rvalar deb tasniflanishi mumkin.
Turkiyaning qaysi hududida qanday mahsulotlar ko’p bo’lsa, o’sha hududda tayyorlangan sho’rvalar ham aksariyat holatda, o’sha mahsulotlardan tayyorlanadi.
Pishirish usuliga ko’ra sho’rva turlari: qayla sho’rvalar, donli sho’rvalar va masalliqlarni ezib tayyorlanadigan sho’rvalardir. Ushbu uchta pishirish texnikasi birgalikda qo’llaniladigan sho’rvalar ham tayyorlanishi mumkin.
Sho’rvani dasturxonga tortish va xizmat ko’rsatish
Sho’rva ustiga qizdirilgan yog’ ham quyilishi mumkin. Ba’zan sho’rvaga quritilgan non bo’laklari qo’shiladi. Sho’rva ko’pincha yalpiz, qora murch, chili qalampiri va hokazo ziravorlar bilan iste’mol qilinadi. Qish oylarida issiq sho’rvalarga bo’lgan talab ham birmuncha oshadi.
Turk oshxonasining mashhur sho’rvalari: ezogelin sho’rvasi, yasmiq sho’rvasi, tarhana sho’rvasi, arpa shahriya sho’rvasi, ayron oshi sho’rvasi, pomidor sho’rvasi va boshqalar.
Kırmızı Mercimek Çorbası
Ezogelin sho’rvasi