Kecha, 30 aprel kuni dunyodagi eng yoshi katta inson – Braziliyaning Porto-Alegri shahridagi diniy jamoaga mansub rohiba Inax Kanabarro Lukas 116 yosh 326 kunligida vafot etdi. Bu haqda “LongeviQuest” xabar berdi.
Amerikaning Gerontologik tadqiqot guruhi va “LongeviQuest” ma’lumotlariga ko‘ra, Lukasning vafotidan so‘ng superuzoq umr ko‘rgan inson maqomi Angliyaning Surray grafligidan bo‘lgan 115 yoshli Etel Katerxemga o‘tgan.
“LongeviQuest”ning yozishicha, Lukas o‘zining 110 yoshini nishonlaganida Rim papasi Fransiskdan shaxsan duo olgan. Qayd etish joiz, Fransisk 21 aprel kuni 88 yoshida vafot etib, o‘tgan dam olish kunlari dafn qilindi.
Gerontologik tadqiqot guruhi rahbari Robert Yangning so‘zlariga ko‘ra, Ina Lukas o‘z tug‘ilgan sanasini 1908 yil 27 may deb hisoblagan, biroq hujjatlar bo‘yicha uning tug‘ilgan kuni 8 iyun hisoblanadi.
Gerontologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, u Braziliyaning janubidagi Riu-Grandi-du-Sul shtatida tug‘ilgan. U mashhur braziliyalik general David Kanabarroning nevarasi bo‘lgan. Otasi 1923 yilda jangda halok bo‘lgan. Yoshligida sog‘lig‘i zaif bo‘lgani bois uning yashab qolishi borasida xavotirlar bo‘lgan.
1928 yilda Lukas Urugvay poytaxti Montevideoga ko‘chib o‘tib, u yerda rohiba bo‘lgan, ikki yildan so‘ng esa Braziliyaga qaytib, Rio-de-Janeyroda portugal tili va matematikadan dars bera boshlagan.
2021 yil yanvarida, 112 yoshida u koronavirusga qarshi birinchi vaksina dozasini olgan, 2022 yil oktyabrda esa shifoxonada bo‘lganida COVID-19 bilan kasallangan, ammo bir oy ichida sog‘aygan. Shu tariqa, u bu kasallikni yengib o‘tgan dunyodagi eng yoshi katta insonlardan biriga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, Inax Lukas yanvar oyida yaponiyalik 116 yoshli Tomiko Itooka vafotidan so‘ng dunyoning eng keksa insoni sifatida tan olingan edi.