Ruminiyalik oiladan o’g’irlangan va amerikalik juftlikka asrab olishga berib yuborilgan Belle Barbu oradan 25 yil o’tib biologik ota-onasi bilan ko’rishdi. Bu haqda Daily Mail’ga tayanib «Deti.mail.ru» xabar beradi.
Ma’lum qilinishicha, Barbuni bundan 26 yil avval Yuta shtatida yashaydigan er-xotin asrab olgan. 8 yoshga to’lganida asrab olinganini bilganidan keyin ota-onasi undan voz kechgani aytilgan. Shunda u Ruminiyada tug’ilgani haqida xabar topgan.
2019 yilda Barba Facebook’da asrab olingan ruminiyaliklarga ota-onasini topishga ko’maklashadigan guruhga duch keladi. Xabar qoldirganidan 48 soat o’tib esa guruh admini qizning 20 yashar ukasi Moys bilan bog’lanadi.
Shundan keyin u boshqa qarindoshlari, 33 yashar opasi Simon, 29 yashar akasi Florian, shuningdek otasi Zambila va onasi Margari ayni vaqtda Rimda yashayotgani haqida xabar topadi. Oradan uch hafta o’tib esa biologik ota-onasi qizi bilan telefon orqali gaplashadi.
Qayd qilinishicha, 1994 yilda farzand dunyoga kelganida ota-onasi kambag’al bo’lgan. Shifokorlar ularga qizaloq kasal bo’lgani va bir necha kundan keyin vafot etganini aytib aldagan. Aslida esa go’dak sotib yuborilgan va asrab olishga berilgan bo’lgan.
«Ota-onam shifoxonadan ketayotganida hamshira ularga yetib olib, haqiqatni — meni o’g’irlashgani va sotib yuborishganini aytgan. Ota-onam so’nggi pulini yoqilg’iga sarflab, meni topish uchun barcha yetimxonalarni kezib chiqqan. Ammo bir yil o’tib pul tugagan va qaytib qidiradigan joy qolmagan», — deydi qiz.
Ota-onasi bilan uchrashishni istagan Bellu 2019 yilda ularning yoniga, Rimga uchib borgan. Ko’rishganida yaqinlikni his qilgan Barbu uchun ulardan ayrilish juda og’ir bo’lgan. Pandemiya tugab, chegaralar qayta ochilganidan keyin u Margari va Zambila bilan takror ko’rishni istaydi, deyiladi xabarda.