Olimlar murabbiylar o'rnini egallaydigan «aqlli» maykani yaratdi

Innopolis universitetining Neyrofan va kognitiv texnologiya laboratoriyasi xodimlari noodatiy maykani yaratdi. Mayka mushaklar faolligini datchiklar yordamida qayd etib, bajarilgan mashqlar to’g’risida ma’lumotlarni yig’adi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Ta’kidlanishicha, mayka yelkadagi asosiy mushaklar faolligini yaxshiroq kuzatadi, biroq tizim butun tana mushaklari ishini tahlil qilishga o’rgatilmoqda.

Olimlar guruhi «aqlli» mayka yordamida olingan ma’lumotlar qanchalik aniqligini sinovdan o’tkazish uchun tramplindan sakrash bo’yicha sportchilar, shuningdek, gimnastlar orasida tekshirib ko’rdi. Olingan ma’lumotlarga ko’ra, ularning mashg’ulotlari yomon emas. Tajribaning ko’rsatishicha, ushbu ma’lumotlar yordamida mashqlarni bajarishdagi xatoliklarni aniqlash mumkin.

«Hozircha qishgi sport turlari — biatlon, tramplindan sakrashga ko’proq e’tibor qaratmoqdamiz, chunki sportning ushbu sohasida bu kabi ixtirolarga talab bor. Hali sportchilar bilan ham sinovlar o’tkazamiz. Loyiha quruqlikdagi va suvda sport turlari uchun ham mo’ljallangan», — deydi laboratoriya rahbari Aleksandr Xramov.

Hozirda tadqiqotchilar barcha mashqlarni bajarishni optimallashtirishga yordam beradigan intellektual tizimni yaratish maqsadida mayka ustida tajribalar o’tkazishni davom ettirmoqda. Mayka yordamida sportchiga haqiqiy murabbiy kerak bo’lmaydi — harakatlar to’g’riligini buyum kuzatadi. Biroq hozircha bu bahsli qaror hisoblanadi: ixtiro baribir mashqlar paytida yordam ko’rsatadigan haqiqiy murabbiy o’rnini egallay olmasa kerak.