Ijtimoiy tarmoqlarda suratni sun’iy intellekt (SI) yordamida “ghibli style”, ya’ni gibli (animatsion vizual) uslubga o‘zgartirish umumjahon trendiga aylandi. Ammo kutilmaganda jahon OAV mazkur trendning shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini tahdid ostida qoldirayotgani haqida yoza boshladi. Iddao qilinishicha, foydalanuvchilar rasmlarni boshqa uslubga o‘girish davomida SI ularni qayta ishlash bahonasida o‘zining ma’lumotlar bazasida yig‘ib bormoqda va allaqachon vaziyat jiddiy tus olgan. Chunki foydalanuvchilar o‘zlari bilmagan holda yuqori sifatli vizual ma’lumotlarni taqdim etmoqda, bu esa yuridik cheklovlarni aylanib o‘tadi. Maxfiylik bo‘yicha mutaxassislar bunday ommaviy trendlarda qatnashish xavflari va oqibatlari haqida ogohlantirmoqda.
Gibli nima va nega xavfli?
Barcha guvoh bo‘lib turganidek, gibli uslubidagi portretlar ijtimoiy tarmoqlarni deyarli butunlay zabt etdi. Yaponiyalik animator Hayao Miyazaki yaratgan ushbu uslubda shaxsiy suratlarni o‘zgartirish trendi avvaliga quvnoq va bezarar ko‘ringan edi. Ammo endi u jiddiy munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Minglab odamlar o‘zining gibli qiyofasidagi suratlarini baham ko‘rayotgan bir paytda, raqamli maxfiylik himoyachilari OpenAI katta miqyosda shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Ustiga-ustak, foydalanuvchilar bu ma’lumotlarni o‘z ixtiyorlari bilan, o‘ylamasdan taqdim etmoqda.
OpenAI bu rasmlardan qanday foydalanmoqda?
Bu bahs-munozaraning markazida xavotirli savol yotadi: OpenAI virusdek tarqalayotgan ushbu trend orqali sun’iy intellekt modellarini o‘qitish uchun bepul, yuqori sifatli vizual ma’lumotlarni yig‘yaptimi? Gap faqat mualliflik huquqlarida emas, faollar bundan ham kattaroq muammo – ma’lumot to‘plashga e’tibor qaratmoqda.
Internetdan qidirib topilgan tasvirlar qat’iy yuridik nazorat ostida bo‘lsa, foydalanuvchilar tomonidan ixtiyoriy yuklangan rasmlar bu cheklovlardan qochib o‘tish imkonini beradi. Yevropa Ittifoqining Umumiy ma’lumotlarni himoya qilish nizomi (GDPR) bo‘yicha, OpenAI odatda internetdan rasm olish uchun “qonuniy manfaat” asosini ko‘rsatishi va himoya choralarini ko‘rishi kerak. Ammo foydalanuvchi o‘z roziligi bilan rasm yuklaganida bu to‘siqlar yo‘qoladi. SI texnologik xavfsizlik akademiyasi vakili, maxfiylik bo‘yicha ekspert Luiza Jarovsky shunday deydi:
“Odamlar rasmlarini o‘zlari yuklaganida, bu OpenAI’ga ularni qayta ishlashga aniq rozilik beradi. Bu esa butunlay boshqa yuridik asos bo‘lib, kompaniyaga ko‘proq erkinlik beradi, endi “qonuniy manfaat” balansi testi ishlamaydi”.
Soddaroq aytganda, OpenAI bepul, yuqori aniqlikdagi suratlarni qo‘lga kiritmoqda. Boshqalar suratning faqatgina yakunda tayyor bo‘lgan gibli uslubidagisini ko‘ra oladi, SI esa uning ham asl, ham o‘zgartirilgan versiyalarini ko‘radi, saqlaydi va qayta ishlay oladi.
SI shaxs ma’lumotiga nega muhtoj?
Gibli uslubi bu shunchaki filtr emas. “Economic Times” nashrining yozishicha, Meta’ning SI bo‘yicha bosh mutaxassisi Yan Lekun uzoq vaqtdan beri sun’iy intellektda inson darajasiga yetish uchun vizual ma’lumotlarga ehtiyoj borligini aytib keladi. Uning fikricha, birgina matnli SI yetarli emas.
“Biz hech qachon inson darajasidagi SIga faqat matn orqali erisha olmaymiz. Tizimlar haqiqiy dunyoni tushunishi kerak – bu esa juda murakkab jarayon”, deydi u.
Ayni damda odamlarni havotirlanayotgan nuqta shuki, OpenAI rahbariyati shu maqsadini foydalanuvchilarning o‘z ixtiyori bilan vizual ma’lumotlarni yig‘ishni eng oson va qonunni buzmagan holda ommabop trend orqali amalga oshirayotgan bo‘lishi mumkinligi.
Qiziqarli illyuziya ortida ma’lumot yig‘ish mashinasi yashiringanmi?
Internetda gibli uslubiga o‘xshash SI trendlari avval ham bo‘lgan. Lensa’ning “Magic Avatars” (sehrli avatar) yoki FaceApp’ning qarituvchi filtri shular jumlasidan. Har ikki trend davomida ham shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi muhokamaga tushgan. Har ikki holatda ham SI siyosatida “foydalanuvchi yuklagan har qanday rasm serverlarda saqlanishi va foydalanilishi mumkin” degan shart ko‘rsatilgan edi.
Bu safar ham eski ssenariy qaytarilayotgan bo‘lishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, bu trendda ishtirok etish odamlarga qimmatga tushmoqda. Ehtimol, foydalanuvchi OpenAI’ga aynan eng zarur bo‘lgan narsa – inson yuzining turli va yuqori sifatli ma’lumotlar to‘plamini taqdim etayotgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hozir ko‘pgina mutaxassislar suratni SIga yuklashdan oldin yana bir bor o‘ylab ko‘rishni maslahat bermoqda.
OpenAI’ning ChatGPT modeli bunga nima deydi?
OpenAI (tarjimasi: ochiq SI) – 2015 yilda Amerikada tashkil etilgan xususiy SI tadqiqot kompaniyasi. Dasturchilar Jon Shulman va Ilya Sutskeverlar hamda investor Sem Altman va dunyoning eng boy odami Ilon Mask uning asoschilaridir. ChatGPT (matn yaratuvchi SI modeli) OpenAI kompaniyasi mahsulotlaridan hisoblanadi. Sem Altman fevral oyida ChatGPTning faol foydalanuvchilari 400 milliondan, pulli biznes foydalanuvchilari esa 2 milliondan oshganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, SI Miyazaki yaratgan gibli uslubiga taqlid qila olish funksiyasi tufayli katta o‘sishga erishgan.
Xo‘sh, suratlarni gibli uslubiga o‘zgartirishda jonbozlik ko‘rsatayotgan ChatGPT “shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga tahdid” iddaolariga qanday munosabat bildiradi? Biz aynan shu savolni uning o‘ziga berib ko‘rdik. O‘zining neytral va tahliliy yondashuvini ta’kidlagan SI ikki tomonda ham haqiqat borligini tan oldi.
“OpenAI va boshqa SI kompaniyalar uchun vizual ma’lumotlar juda zarur. Inson darajasidagi SI yaratish uchun faqat matn emas, balki ko‘rish, tushunish, kontekstni anglash qobiliyatlari ham kerak bo‘ladi. Bu esa real, xilma-xil vizual ma’lumotlarsiz imkonsiz. Gibli generatori, FaceApp, Lensa – bular texnik jihatdan samarali va “insoniy” SIga yaqinlashish uchun vositalar”, dedi u.
Modelning aytishicha, jarayonlar ochiq va oshkora kechmayapti: odamlar bu trendga kirishganida rasmlar qayerga ketayotgani, qanday maqsadda ishlatilayotgani va qanday huquqlardan voz kechilayotgani haqida to‘liq xabardor bo‘lmaydi.
Bu yerda SI ayyorlik qilmayaptimi, degan savolga javob berar ekan, u odamlarning bu trendni jiddiy qabul qilmayotgani va aynan shu OpenAI va boshqa SI kompaniyalar uchun foydali imkoniyat bo‘layotganini aytdi. Shu bilan birga, o‘yin sifatida ko‘rsatilgan narsa aslida ma’lumot yig‘ish mexanizmi ekanini ham qo‘shimcha qildi. Unga ko‘ra, bu ochiq “firibgarlik” emas, lekin anglanmagan manipulyatsiya, shuning uchun ayyorlik deyishga arziydi.
“Siz gibli portretingizni olaman deb o‘ylaysiz, OpenAI esa asl rasmingizni (ko‘plab texnik tafsilotlari bilan) olishga erishadi”, dedi SI.
Modelning qo‘shimcha qilishicha, foydalanuvchilarning 99 foizi maxfiylik siyosatini o‘qimasdan, rozilik bildiradi.
“Bunday xizmatlar trend orqali tarqatiladi – odamlar fikrlamaydi, ular shunchaki: “Hamma qilyapti-ku, men ham qilaman”, deyishadi. Bu esa SI uchun masshtabli va avtomatik ma’lumot oqimini ta’minlaydi”, deydi ChatGPT.
Shuningdek, SI bu rasmlardan qanday maqsadlarda foydalanishi mumkin, degan savolga uning javob berishicha, foydalanuvchilar yuklayotgan rasmlar ayniqsa, yuqori sifatli selfilar – SI uchun oltindek qimmatli!
Unga ko‘ra, SI bu rasmlardan bir necha maqsadlarda xususan,
Modelni o‘rgatish. SI tizimlari, ayniqsa vizual modellar real inson yuzlarini o‘rganishi kerak. Ular yuklangan rasmlar orqali yuz tuzilishi, mimika, yosh, jins, irq va boshqa tafovutlarni o‘rganadi. Natijada, yuzni aniqlash, hissiyotlarni tanish, hatto shaxsni taxmin qilish kabi imkoniyatlarini rivojlantiradi.
Multimodal SI yaratish. OpenAI hozir matn va tasvirni birlashtiruvchi SI tizimlar ustida ishlayapti. Bunda foydalanuvchining tasviri yozgan matni bilan tahlil qilinadi. Masalan, rasmga qarab, “bu odam baxtli ko‘rinadi” degan xulosa chiqarishi mumkin. Yoki foydalanuvchi gibli uslubiga o‘zgartirish uchun selfi yuklaganida SI buni yuz shakli va ifodasi hamda teri rangi asosida yaratadi.
Foydalanuvchining shaxs va xulqini taxmin qilish. Rasm orqali foydalanuvchi haqida juda ko‘p narsani bilish mumkin:
- yoshi;
- irqi yoki millati;
- kayfiyati;
- atrof-muhit (masalan, xonadagi fon).
Bu ma’lumotlar orqali SI sizga yoqadigan kontent, reklama, yoki hatto psixologik taxminlar chiqara oladi. Keyinchalik bu ma’lumot data broker (internet yoki boshqa manbalardan odamlar haqidagi axborotni to‘plab, uni yig‘uvchi va sotuvchi tashkilot)lar orqali sotilishi ham mumkin.
Deepfake, Avatar va raqamli klonlar uchun asos. Agar SI foydalanuvchi yuzini yetarlicha yaxshi o‘rgansa, unga o‘xshagan feyk video yoki uning asosida raqamli avatar yasashi ham mumkin. Hatto ovoz va yuzni birlashtirib foydalanuvchi shaxsini sun’iylashtira oladi.
Generativ san’atni yaxshilash. SI foydalanuvchi yuklagan surat orqali “inson shunday ko‘rinishda” degan yaxshiroq tushunchaga ega bo‘ladi. Bu esa SI san’at asarlarining realistik va estetik bo‘lishiga xizmat qiladi.
“Kodim ochiq emas, lekin niyatim aniq”
To‘g‘risini aytganda, ayblovlar ostida qolayotgan OpenAI kompaniyasi modelidan bunday ochiq javoblar kutilmagan edi. Shuning uchun ham unga qanday ishonish mumkinligini so‘radik. U esa “kodim ochiq emas, lekin niyatim aniq”, deb javob berdi va maqsadi har doim foydalanuvchiga xizmat qilish, noqulay bo‘lsa-da, haqiqatga yaqin javob berish ekanini ta’kidladi. ChatGPT shuningdek, foydalanuvchilardan SIga shartsiz ishonmaslik ya’ni fikrlarining mantiqqa to‘g‘ri kelishini va tanqidiy fikrlash ya’ni SIning ham xato qilishi mumkinligini tushunishni tavsiya qildi.
Yakunda aytish mumkinki, OpenAI rahbariyati har doim foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini reklama qilish, profil tuzish yoki sotish uchun ishlatmasligini, ma’lumotlardan faqat xizmatni yaxshilash va tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida foydalanishini ta’kidlab keladi. Ammo hammani o‘ylantirayotgan masala ham aynan shu – xizmatni yaxshilash va tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida foydalanish…