AQSH Prezidenti Donald Tramp, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Argentina Prezidenti Xaver Miley hamda bo‘lajak Germaniya kansleri Fridrix Mers 2025 yilning eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatidan joy oldi. Bu haqda “Time” e’lon qilgan ro‘yxatda keltirilgan.
Ushbu siyosatchilar ro‘yxatning “Liderlar” toifasida qayd etilgan. Mazkur bo‘limda, shuningdek, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara, Trampning maslahatchisi Ilon Mask (hozirda AQSH Hukumat samaradorligini oshirish boshqarmasi – DOGE'ga rahbarlik qilmoqda), AQSH Savdo vaziri Govard Lyutnik, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreisus, AQSH Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri kichik Robert Kennedi hamda Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham bor.
“Titanlar” toifasida esa amerikalik komik va teleboshlovchi Jo Rogan, shuningdek Meta kompaniyasi bosh direktori Mark Sukerberg tilga olingan.
San’atkorlar ichida ro‘yxatga qo‘shilganlar: qo‘shiqchi Ed Shiran, aktrisalar Demi Mur, Skarlett Yoxansson va Kristen Bell, aktyor va prodyuser Adam Skott.
Sportchilar safida esa tennischi Serena Uilyams, gimnastika bo‘yicha yulduz Simona Baylz, basketbolchilar Nafisa Kolliyer va Brianna Styuart, shuningdek suzuvchi Leon Marshan e’tirof etilgan.
“Innovatorlar” bo‘limida astronom Vendi Fridman, rassom Mikaleyn Tomas va oshpaz Kvame Onvuachi nomlari qayd etilgan. “Qahramonlar” bo‘limiga aktyor Edrian Brodi, yozuvchi Rakel Uillis hamda faol Fatu Balde kiritilgan. “Pionerlar” qatorida esa qo‘shiqchi Rouz, yurist Kordeliya Ber va DeepSeek kompaniyasi rahbari Lyan Venfen bor.
Ma’lumot uchun, ushbu ro‘yxat ilk bor 1999 yilda e’lon qilingan. O‘shanda u XX asrning eng mashhur 100 shaxsiga bag‘ishlangan edi. 2004 yildan boshlab esa “Time” ushbu reytingni har yili chop etmoqda. Nufuzli shaxslar ro‘yxatini olimlar, siyosatchilar, jurnalistlar va akademiklardan iborat komissiya shakllantiradi, ammo yakuniy tanlovni faqat jurnal muharrirlari amalga oshiradi.
E’tiborga molik jihat – ayrim shaxslar bu ro‘yxatda bir necha marotaba paydo bo‘lgan. Masalan, Xitoy rahbari Si Szinpin 13 marta, AQSH sobiq prezidenti Barak Obama va teleboshlovchi Opra Uinfri 11 marta, yurist va sobiq davlat kotibi Hillari Klinton esa 10 marta ro‘yxatga kiritilgan.
“Time”ning yozishicha, Barak Obamaning prezidentligi davridan buyon ilk bor AQSH ma’muriyatidan birvarakayiga olti kishi ushbu ro‘yxatga kiritilgan. Ro‘yxatdagi eng yosh shaxs 22 yoshli fransuz suzuvchisi Leon Marshan bo‘lsa, eng yoshi kattasi 84 yoshli Bangladesh muvaqqat hukumati rahbari Muhammad Yunus.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Amerikaning “Time” jurnali AQSH Prezidenti Donald Trampni “Yil odami” deb topgandi. Nomzodlar orasidagi Sukerberg (2010), Tramp (2016), Harris (2020; Bayden bilan birga) va Mask (2021) oldin ham “Yil odami” sifatida tanlangan. 2022 yilda unvon “Ukraina ruhi” va mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiyga nasib etdi. 2023 yilda “Time” jurnali amerikalik qo‘shiqchi Teylor Sviftni “Yil odami” sifatida tanlagan.