Tirannozavr skeleti rekord narxga sotildi

Yerda 67 mln yil avval yashagan tirannozavr skeleti auksionda 31,8 mln dollarga sotildi. Ta’kidlanishicha, bu qiymat ushbu turdagi auksion savdolari uchun yangi jahon rekordi hisoblanadi.

Dinozavr skeleti Christie’s auksion uyi orqali sotilgan.

“Christie’s’da yangi jahon rekordi o’rnatildi. Sten laqabli tirannozavr 31 mln 847 ming 500 dollarga sotildi”, deb ma’lum qilingan auksion uyida. E’tiborlisi, ushbu lot uchun 6-8 mln dollar qo’lga kiritish kutilgan edi.

Xabarda ma’lum qilinishicha, sotilgan skelet tirannozavrlarning eng to’liq va yaxshi saqlanib qolgan skeletlaridan biri bo’lib, unda 188 ta suyak bor. U 1987 yilda Janubiy Dakota shtatidagi qazilma ishlari davomida havaskor paleontolog Sten Sekrison tomonidan topilgan. Dastlab skelet o’txo’r tritseratops dinozavriga tegishli deb taxmin qilingan va 1992 yildagina olimlar topilma tirannozavr skeleti ekani haqidagi xulosaga kelishgan.

Ekspertlarning baholashicha, topilgan tirannozavr 7-8 tonna kelgan. Bu esa Afrika fili vaznidan deyarli 2 marta og’irroqni tashkil qiladi. Undagi tishlar uzunligi 27 smga yetgan.

Bungacha 1997 yilda o’rnatilgan rekord saqlanib kelinayotgandi. O’shanda tirannozavr skeleti Chikagodagi Fild tabiat muzeyiga auksionda 8,36 mln dollarga sotilgandi.

kun.uz