Yozgi imtihonlarni topshirib, javobini ham kutmasdan qishloqqa shoshgan surxondaryolik talaba toshkentlik saboqdoshiga:
– O’rtoq, tezda uyimga bormasam, bo’lmaydigan, ijaraga yer olib, ekin ekkanmiz, yana mol-hollarga ham qarashib, ota-onamga yordam berishim kerak. Sendan iltimos, mana uy telefon raqamim, natija chiqsa, xabar berarsan, dalada bo’lsam, go’shakni onam ko’tarishlari mumkin. Agar bitta imtihondan o’tolmasam, onamga «Hazrati Abubakrning salomlari bor», deysan. Ikkitasidan yiqilsam, «Hazrati Umardan salom», deysan. Mabodo, uchta fandan qarz bo’lsam, «Hazrati Usmon salom aytdilar», deb qo’yarsan. Bordi-yu, falokat bosib, to’rtta imtihondan o’tolmay qolsam, «Hazrati Alidan salom», deb xabarini yetkazsang, yaxshi bo’lardi. Bundan ortiq bo’lmasa kerak, qolgan fanlardan ko’nglim to’q, – deb xayrlashib ketibdi shovvoz.
Oradan 15 kun o’tib, poytaxtlik talaba viloyatdagi do’stiga qo’ng’iroq qilibdi.
Telefon go’shagini kutilganidek, o’rtog’ining onasi ko’taribdi.
– Assalomu alaykum, xolajon, yaxshimisiz? Men o’g’lingiz bilan birga o’qiydigan o’rtog’iman, aytib qo’ying, unga butun ummati Muhammadning salomlari bor!
Zarif Sultani sahifasidan.