Tinch okeanida qariyb uch oy mobaynida xom baliq yeb va yomg’ir suvini ichib jon saqlagan avstraliyalik dengizchi Tim Sheddok o’zini yaxshi his qilmoqda. 12 iyul kuni 51 yoshli avstraliyalik va uning Bella laqabli iti Meksika sohillari yaqinida baliq ovlovchi trauler tomonidan qutqarildi.
Sidneyda yashovchi Sheddok dengizda sayohat qilishni xush ko’radi. Aprel oyida u Meksikadan Fransuz Polineziyasiga qadar 6 ming kilometrdan ortiq masofani suzib o’tishga qaror qiladi.
Uning kichik kemasi Meksikaning La-Pas portidan yo’lga chiqqandi, ammo bir necha hafta o’tib bo’ron tufayli kema elektronikasi va radioaloqa tizimi ishdan chiqadi, shundan keyin kater okean suvlarida erkin suza boshlaydi.
Hozircha avstraliyalikni qidirish ishlari qanday kechgani, bu ish qanday ko’lamda bo’lgani va nima uchun ikki oy davomida natija bo’lmagani ma’lum emas; xabar qilishlaricha, faqat 12 iyul kuniga kelib qayiqni vertolyot payqab qolgan, shundan keyin u joylashgan nuqtaga tunes balig’ini ovlashga mo’ljallangan trauler yetib borgan.
«Men dengizda juda og’ir sinovdan o’tdim. Endi dam olishim va yaxshi ovqatlanishim kerak. Uzoq vaqtdan buyon to’yib ovqatlanmayapman», – degan Tim Sheddok dam olish kunlari dengizchi qutqarilgani haqida birinchi bo’lib xabar bergan Avstraliyaning 9 News telekanali jurnalistlariga.
Sheddok sog’ligida muammo yo’qligini aytgan. Uning itining holati haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Dengizchining aytishicha, baliq ovlovchi to’ri omon qolishda qo’l kelgan, uning yordamida baliq ovlab, iti bilan birga xom baliq yeb yashagan. Ular yomg’ir suvini ichishgan. Avstraliyalik o’z kemasi soyaboni ostida quyoshdan saqlangan.
Sheddok va iti Bella ma’lum vaqtni Meksika shifoxonasida shifokorlar nazorati ostida o’tkazishi kutilmoqda.
Sheddok va uning itiga yordamga yetib kelgan Maria Delia trauleri ekipaji a’zolari ularning qutqarilishini haqiqiy mo»jiza deb hisoblashadi.
Dengizchilarning so’zlariga ko’ra, Tinch okeanining shimoliy qismidagi suvlar avstraliyalikda bo’lganidek kichik qayiqlar uchun o’ta xavfli sanaladi.
Avstraliyalik professor, okeanda qolib ketgan odamlarni qutqarish sohasiga ixtisoslashgan Mayk Tipton 9 News uchun intervyuda Sheddok bilan bog’liq vaziyat – pichanzordan igna qidirish haqidagi matalning tipik illyustratsiyasi ekanini aytadi.
«Qayiq naqadar kichikligi va Tinch okeani naqadar bepoyon ekanini yodda tutmoq lozim. Uni topish ehtimoli judayam kichik edi», – deydi u.