image0

Kembrij lug‘atiga ijtimoiy tarmoqlarda, OAVda va undan tashqarida tobora ko‘proq ishlatilayotgan 6 mingga yaqin yangi so‘z, ibora va jargon so‘zlar kiritildi. Ularning orasida “skibidi”, “delulu” va “broligarchy” kabi so‘zlar bor. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.  

Qayd etilishicha, “skibidi” so‘zi vaziyatga qarab turlicha ma’noga ega bo‘lishi mumkin – “zo‘r” yoki “yomon”. Shuningdek, u hech qanday aniq ma’nosiz kulgi uchun ham qo‘llaniladi. So‘z dastlab rus animatori Aleksey Gerasimov ishlab chiqqan YouTube'dagi “Skibidi Toilet” nomli 3D-serialdan mashhur bo‘lgan. Unda odam boshi joylashtirilgan harakatlanuvchi unitazlardan iborat “skibidilar” bilan “agentlar” o‘rtasidagi kurash tasvirlanadi. “Skibidi” so‘zi esa bolgariyalik qo‘shiqchi Biser King’ning “Dom Dom Yes Yes” qo‘shig‘i remiksidan olingan.

“Delulu” – inglizcha “delusional” (“xayolparast, real bo‘lmagan narsaga ishonadigan”) so‘zining qisqartmasi va buzilgan shakli. “Tradwife” so‘zi an’anaviy gender rollariga rioya qiladigan turmush qurgan ayolni tasvirlaydi.

“Broligarchy” esa “bro” (“do‘st”) va “oligarchy” (“oligarxiya”) so‘zlaridan tuzilgan bo‘lib, texnologiya biznesida nihoyatda boy va ta’sirchan kichik guruh odamlarni ifodalaydi. Bu atama AQSHda Jeff Bezos, Ilon Mask, Mark Sukerberg va Donald Trampga nisbatan ishlatilgani qayd etilgan.

“Mouse jiggler” – bu kompyuter dasturi bo‘lib, sichqoncha kursorini avtomatik ravishda harakatlantirib turadi. Uning maqsadi – foydalanuvchi kompyuterni faol ishlatayotgandek ko‘rsatish, ya’ni ekranni bloklanishdan yoki “offline” ko‘rinishidan saqlash. Bu dastur masofadan ishlovchilar orasida mashhur, chunki u ish davomida majburiy faoliyat ko‘rsatkichlari (masalan, messenjerdagi “onlayn” belgisi yoki kompyuterning uxlab qolmasligi) uchun qo‘l keladi. “Forever chemical” (“abadiy kimyoviy modda”) esa ekologik atama bo‘lib, atrof-muhitda uzoq vaqt saqlanib qoladigan va sog‘liqqa zarar yetkazadigan sintetik kimyoviy moddalarni bildiradi.

“Biz faqat dolzarbligini saqlab qoladigan so‘zlarni qo‘shamiz. Internet madaniyati ingliz tilini o‘zgartirmoqda va bu jarayonni kuzatish hamda lug‘atda qayd etish juda qiziqarli”, deydi Kembrij lug‘ati dasturi rahbari Kolin Makintosh.

Ma’lumot uchun, Kembrij lug‘ati ingliz tilini o‘rganuvchilar uchun asosiy lug‘atlardan biri hisoblanadi. U muntazam ravishda to‘ldirib boriladi: 2024 yilda unga 3200 dan ortiq yangi so‘z, ibora va ifodalar qo‘shilgan, so‘nggi bir yil ichida esa 6000 dan ortiq so‘z qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek tilida keng qo‘llaniladigan 40 ta xorijiy atama, jumladan, parol, navigatsiya, marshrut kabi so‘zlar o‘zbekchaga tarjima qilingandi.