O’zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Ozarbayjon davlat turizm agentligi hamkorligida tashkil etilgan info-tur munosabati bilan bir guruh o’zbekistonlik jurnalistlar Ozarbayjonning madaniyati, tarixiy va madaniy ob’yektlari, qolaversa, urf-odati, an’analari bilan yaqindan tanishish maqsadida mazkur davlatda bo’lishdi.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon Kavkazortining janubi-sharqiy qismida joylashgan mamlakat. Maydoni 86,6 ming km². Aholisi, asosan, ozarbayjonlar, shuningdek, ruslar, turklar, lezginlar, avarlar, kurd, tolish, saxur, tatar, tatlar va boshqa millatlar ham yashaydi. Shahar aholisi 54%. Rasmiy tili – ozarbayjon tili. Yirik shaharlari: Boku, Sumgait, Mingechaur, Ganja, Lenkoran, Naxichevan. Biz esa ayni paytda poytaxt — Bokuda bo’lib turibmiz.
Poytaxt Boku ma’muriy jihatdan 61 tuman, 65 shahar va 122 shaharchaga bo’linadi. Toshkent-Boku yo’nalishida parvoz qilar ekanmiz, bizni shahar bir-biriga o’xshamas, noodatiy shakldagi osmono’par binolar va mavjlanib turgan buyuk Kaspiy dengizi manzarasi bilan kutib oldi. Bu Bokuga tashrif buyurgan mehmon va sayyohlarga taassurot beruvchi birinchi manzara xolos. Aslida esa bu shahar turistlarni o’ziga jalb etib borayotgan yana o’nlab maskanlari bilan mashhur. Hozir esa biz sizga ularning ayrimlari haqida aytishimiz mumkin.
Boku – Kavkazdagi eng yirik shahar, shuningdek, Kaspiy dengizi qirg’og’idagi eng yirik port. Aslida, u haqidagi ilk ma’lumotlar o’rta asrlardayoq paydo bo’lgan. Boku uzoq davrdan beri savdo markazi sifatida doim dunyo diqqat markazida bo’lib turgan. 19-asr boshlarida Boku xonligi tugatilib, viloyat markaziga aylantirilgan. 19-asr o’rtalarida esa o’sha davrdagi asosiy markaz Shemaxada kuchli zilzila bo’ladi va barcha joy vayron bo’ladi. Shundan so’ng, Boku seysmik jihatdan mustahkam hudud deb tanlanib, poytaxt etib belgilangan ekan. Shu o’rinda gidning ma’lum qilishicha, o’sha davrlarda markaz Rossiyaga yuborilgan xatlar 1 oyda yetib borar, Bokudan esa 2 haftada yetib borgan ekan. Bu ham uning poytaxt etib belgilanishining sabablaridir, deydi bizga shaharni tanishtirgan mahalliy hamrohimiz.
Endi esa, Bokuning diqqatga sazovor joylaridan ayrimlari bilan tanishamiz.
BOKUNING TAShRIF QOG’OZI
Ozarbayjon poytaxtidagi zamonaviy diqqatga sazovor joylardan biri – shahar markaziga yaqin yerdagi 235 metrli uchta osmono’par binolardan iborat majmuadir. Ushbu bino Ozarbayjonning tashrif qog’ozi hisoblanadi. Bu uchta ko’p qavatli bino — mehmonxona, kvartiralar va ofislardir. Binoning umumiy maydoni 227 ming m². Uning qurilishi 2007 yilda boshlanib, 2012 yilda yakunlangan. Internetda mamlakat va yoki poytaxt haqida izlashga berasizmi, albatta, ushbu binolar suratlari birinchilardan bo’lib chiqib keladi. Binolar shunday joyda joylashtirilganki, Bokuning istalgan tomonidan ko’rinib turadi. Va ayniqsa, sohildan bu yanada yorqinroq va go’zalroq gavdalanadi.
O’RAB QO’YILGAN GILAM KO’RINIShIDAGI MUZEY
Ozarbayjonda muzeylarga e’tibor juda katta, zero bu mamlakatga sayyohlarni jalb qilishda muhim rol o’ynaydi. 2014 yilda Bokuda Gilam muzeyi ochilgan. Muzey binosining qurilishiga alohida ahamiyat qaratilgan – u o’rab qo’yilgan gilam ko’rinishida ishlangan.
Uch qavatli binoda Ozarbayjon gilamchiligining eng go’zal va noyob namunalari to’plangan. Gilamlar yoysimon devorlarda o’ziga xos ravishda namoyish etilgan. U yerda gilamlardan tashqari xurjunlar, gilam paypoqlar kabi boshqa to’qimachilik namunalari, shuningdek, amaliy san’at namunalarini tomosha qilish mumkin. Devorlarda esa gilamchilik tarixi va to’qishga oid ma’lumotlar aks etgan. Polida esa Ozarbayjon gilamlarining suratlari aks etgan. Hatto tashrif buyuruvchilar gilam to’qish jarayonlariga bevosita guvoh bo’lishlari mumkin. Yana bir qiziq ma’lumot: har yili 5 may kuni Ozarbayjonda Milliy gilam kuni nishonlanadi.
KASPIY SOHILIDA SAYR QILMABSIZ, DEMAK, BOKUGA KELMABSIZ
Bokuning eng muhim va asosiy nuqtasi bu — shahar bo’ylab joylashgan Kaspiy dengizi qirg’og’i. Siz bu yerga keldingizmi, albatta, kunning istalgan, ayniqsa oqshom vaqtida qirg’oq bo’ylab soatlab sayr qilishingiz lozim.
Ma’lumotlarga ko’ra, shahar yoqalab sayr yo’lagi joylashgan qirg’oqning uzunligi 16 km.ni tashkil etadi. Bu degani siz, shaharning qaerida bo’lsangiz ham, albatta, dengiz qirg’og’iga borishingiz mumkin. Shuningdek, shaharda qad rostlagan mehmonxonalardan hamisha mavjlanib turgan dengiz ko’rinib turadi. Sohilni sayr qilish, bu alohida sayohat, u yerda siz so’lim o’rindiqlar, labirint shaklini eslatib turuvchi yo’laklar, kaktuslar jamlanmasi, dengizga qarab pastlab borgan zinalar va albatta, ushbu zinalarda o’tirib hordiq chiqarayotgan, orzularga berilayotgan yuzlab odamlar va atrofga kayfiyat ulashayotgan qo’shiqchi yoshlarga ko’zingiz tushadi. Shu o’rinda qiziq bir ma’lumot: sohilda, kichik bir hududda manzarali, turli kaktuslardan iborat maydoncha bo’lib, mahalliy aholi izohiga ko’ra, bu ninali o’simlik Bokuni yomon nazardan asrab turar ekan. Xullas, Bokuga tashrif buyurishning eng muhim jihati ana shu sohil bo’ylab sayr hisoblanadi. Shunga ko’ra, sohilda sayr qilmabsiz, demak, siz Bokuga kelmabsiz degan jumlani ishlatishadi.
DUNYoNING ENG GO’ZAL PLYaJLARIDAN BIRI
Shahar markazidan chetroqda Kaspiy dengizning yana bir sohili ozarbayjonliklar va dunyoning turli burchaklaridan kelganlar uchun go’zal cho’milish va dam olish maskaniga aylantirilgan. Siz bu yerga keldingizmi, o’zingizni boshqa bir dunyo va yoki kinolarda ko’rgan orzulardagi manzaraga tushib qolgandek his etasiz. Mayin qum, qumni yuvib turgan dengiz, soyabonlar va dam olish o’rindiqlari, ham cho’milib, ham oftobda toblanayotgan yuzlab odamlar. Bu hali hammasi emas, dengiz yaqinida maxsus basseynlar, kafe-restoranlar, konsert-tomosha maydonlari, o’nlab baland-baland mehmonxonalar tashrif buyurganlar uchun xizmat ko’rsatmoqda. Ayni mavsum davrida mazkur plyajda mashhur san’atkorlar tomonidan shou-konsertlar tashkil etilar ekan. Kaspiy sohillari tashrif buyuruvchilarni shunday kutib oladi.
Farida Egamberdiyeva Toshkent-Boku-Toshkent