Kamerun futbol federatsiyasi prezidenti Samuel Eto’O Ispaniya sudi tomonidan 22 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi.
«Barselona» klubi sobiq hujumchisi daromadlarini soliqdan yashirish bilan bog’liq jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Eto’O ushbu ayblovni tan oldi, ammo mas’uliyatni o’zining sobiq agenti Xose Mariya Mesalyesga yukladi. Shu bois, Samuel ushbu masalada Mesalyes ustidan huquqni himoya qiluvchi organlarga shikoyat kiritdi.
«Men bu faktlarni tan olaman va ularni to’lamoqchiman. Ammo shuni ma’lum qilamanki, o’sha paytda men yosh bo’lganman va qonuniy vakilim nimani aytgan bo’lsa, shuni qilganman», – dedi Eto’O.
Prokuror Eto’o va Mesalyesga to’rt yarim yil qamoq jazosi berishni so’radi. Sud esa sobiq futbolchini 22 oyga, uning agentini esa bir yilga ozodligini cheklash haqida qaror chiqardi. Ular o’z ayblarini tan olib, zararning bir qismini qoplashgani uchun jazo yumshatildi.
Bundan tashqari, Eto’O 1 810 310 yevro miqdorida jarimaga tortildi. Mesalyes esa 905 155 yevro miqdorida jarima to’laydigan bo’ldi.
Ushbu jinoyat 2006-2009 yillarda futbolchi «Barselona» safida to’p yurganida sodir etilgan. Eto’O bu davrda imij huquqidan olgan daromadlarini deklaratsiya qilmagan.