Britaniyalik mo’ri tozalovchilar 1961 yilda Santa-Klausga yozilgan xatni topib oldi. Uning muallifi o’sha yili baribir sovg’alarni olganini so’zlab berdi
Angliyaning Uerkop shahrida mo’ri tozalovchilar 1961 yilgi Rojdestvo arafasi Santa-Klausga yozilgan xatni topib oldi, deb xabar beradi Esquire.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali uning muallifini topishga muvaffaq bo’lishgan — u Surrey grafligida yashovchi 65 yoshli Robert Krempton bo’lib chiqqan.
Erkakning so’zlariga ko’ra, xatni otasi yozib bergan. O’shanda Robert besh yoshda bo’lgan va u Santa-Klausdan «kovboylarning kostyumi, quroli, shlyapasi kabi narsalarni» so’ragan. «Menga shular yetadi… Ertaga kechga ko’rishguncha», — deb yozgan bolakay.
Xat o’z manziliga yetib bormagan bo’lsa-da, o’sha yili Krempton sovg’alarini olgan — kavboylarnikiga o’xshash pistolet va sherifning ko’krak nishoni. Orzu real hayotda ham amalga oshgan: erkak 30 yil politsiyada xizmat qilib, 2013 yilda nafaqaga chiqqan. «Doim sherif bo’lishni orzu qilardim va qaysidir ma’noda shunday ham bo’ldi», — deydi u.
Krempton qizlari 1996 yilda vafot etgan bobosini xotirlab yurishi uchun xatni qaytarib olish niyatida. Hozirda xat uyning amaldagi egalarining qo’lida.
Eslatib o’tamiz, 2019 yilda meksikalik qizaloqning Santa Klausga yozgan xatini amerikalik erkak topib olib, uning orzularini ro’yobga chiqargandi. Qizaloq Santa Klausdan qo’g’irchoq, qo’g’irchoqlari uchun uy va chizish uchun qalamlar so’ragan.