Shri Lanka so’zi Sanskrit tilidan tarjima qilinganida “Hudo nazari tushgan joy” degan ma’noni beradi.
Shri Lanka odamlarini rasmiy ravishda Lankiylar deb atashadi.
Mamlakat 1972 yilga qadar Seylon deb nomlangan.
Alut Avurudi – Shir Lankaning Yangi yili bo’lib, uning aniq muddatini astrologlar hisoblab berishadi va odatda, ushbu sana aprel oyiga to’g’ri keladi.
Mamlakat aholisining 70 % ini buddaviylar tashkil qiladi.
Orolda dayving juda rivojlangan. Sababi, Shri Lanka suvlarida ekzotik baliqlar haddan tashqari ko’p.
Lankiylar bilan savdo-sotiq masalalarida tortishib bo’lmaydi.
Bu yerdagi eng mashhur mahalliy taom kottu hisoblanadi.U mayda to’g’ralgan hamir bo’lib, xamir bo’laklarini sabzavotlar, tuxum, baliq va go’sht bilan qovurishadi.
Shri Lankaning diqqatga sazovor joylari
Odam cho’qqisi
Ushbu nom bilan ataluvchi tog’ orolning g’arbiy qismidan o’rin olgan. Uning balandligi 2243 metrni tashkil qiladi. Tog’ cho’qqisida kichik ibodatxona mavjud bo’lib, buddaviylar bu yerni muqaddas deb hisoblashadi. Aytishlaricha bu yerda Buddaning oyoq izlari mavjud emish. Toqqa chiqish juda ham qiyin, amma shunga qaramay bu yerga kuniga minglab sayohatchilar tashrif buyurishadi.
Sigiriya
Yuneskoning xalqaro meroslari ro’yxatiga kiritilgan ushbu yodgorlik o’zida ulkan qoya darasini aks ettiradi. Bir zamonlar bu yerda shoh Kasapa tomonidan qal’a qurilgan va uning atrofida favvorali bog’lar barpo qilingan. Keyinchalik qal’a ibodatxonaga aylantirilgan.
Dambulla ibodatxonasi
Ushbu tosh ibodatxona – Janubiy Osiyodagi eng katta ibodat maskani sanaladi. Bu yerdagi ibodat joyi tog’ning cho’qqisida, go’zal o’rmon o’rtasida joylashgan. Aytishlaricha, hududda 150 ta budda haykallari bor, ularning 73 tasi oltin bilan qoplangan. Ibodatxona nafaqat buddaviylar, balki sayyohlar orasida ham juda mashhur.
Kumana milliy bog’i
Ushbu bog’ Shir Lanka orolining janubi-sharqiy qirg’oqlarida, Kolombodan 391 km uzoqlikda joylashgan. Ushbu bog’ oroldagi qushlarning ko’chish, uya qurish hamda ko’payishi uchun eng qulay va asosiy joyardan biri sanaladi. Milliy bog’ o’zining go’zal manzaralari, Kumana-Villu ko’li bilan nom qozongan.
Kurunegala
Kurunegala – singal davlatining qadimgi poytaxtlaridan biri bo’lgan. Shahar Kolomboning shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Kurunegala shahri yettita tog’ bilan qurshab olingan, shaharning sharqiy qismida 150 metrlik qoya mavjud bo’lib, uning cho’qqisida Budda haykali ham bor.
Ushbu qoya nafaqat mahalliy odamlar, balki butun dunyodan tashrif buyurgan turistlar orasida ham mashhur bo’lib ketgan. Kurunegalaning yana bir mashhur qismida ko’l joylashgan. Uning yonida esa 1922 yilda qurilgan ibodatxonani ko’rish mumkin.
Kurunegaladan birozgina narida, Ridigama qishlog’ida Ridi Vihara kumush ibodatxonasi bor. Afsonalarga ko’ra, mamlakatni eramizdan avvalgi ikkinchi asrda boshqargan qirol Dutugemunu tomonidan boshlangan hududdagi ibodatxonaning qurilish ishlari yakunlanmay turib uning pullari tugab qoladi. Shu atrofdan topilgan kumush bo’laklari qurilishni yakunlash uchun imkon beradi va natijada, ibodatxona kumushrang tusga kiradi.
Fillar qo’riqxonasi
Fillar Shri Lanka hayotida muhim o’rin tutadi, shu sababli ham Pinnavela shaxrida davlatga qarashli fillar qo’riqxonasi yaratilgan bo’lib, u 1975 yildan faoliyat yuritib keladi. Bu yerga ota-onasidan ayrilgan yoki brakonerlardan aziyat chekkan fil bolalari olib kelinadi.
Qo’riqxonadagi fillar alohida parvarish qilinadi, ayrimlari dunyoning boshqa hayvonot bog’lariga yetkazib beriladi. Ba’zan turistlarga qo’riqxonadagi fillarni sut bilan oziqlantirish imkoni ham beriladi.