Bishkekda MDH davlatlari rahbarlari sammitida ishtirok etayotgan O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi Faxriy belgisi nishoni bilan taqdirlandi.
Ushbu mukofot MDHning oliy mukofoti bo’lib, 2002 yil 7 oktyabrda a’zo davlatlar rahbarlari kengashining qarori bilan ta’sis etilgan. Oltin suvi yuritilgan 12 qirrali yulduz markazida Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining kumushdan ishlangan belgisi tasvirlangan. Faxriy nishon zanjiri tashkilotga a’zo davlatlar bayroqlari aks ettirilgan zvenolardan iborat.
MDH Fahriy nishoni tashkilot rivojiga, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga ulkan hissa qo’shgan davlat va jamoat arboblariga beriladi. Hozirga qadar Boris Yelsin, Leonid Kuchma, Haydar Aliyev, Vladimir Putin singari davlat yetakchilari ushbu mukofot bilan taqdirlangan.
“Aynan Shavkat Miromonovichning say’-harakatlari bilan MDHda yangicha o’zaro ishonch maydoni, savdo-sotiq va investitsiyalarning o’sishiga imkon yaratayotgan qulay muhit shakllanmoqda”, dedi Qirg’iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov davlatimiz rahbariga mukofotni topshirar ekan.
Darhaqiqat, O’zbekiston yetakchisi tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar so’nggi yillarda e’tibordan chetga chiqib qolgan Hamdo’stlik doirasidagi munosabatlarni “jonlantirib” yubordi va bu tashkilot a’zolari tomonidan ham, ko’plab xalqaro ekspertlar tomonidan ham bir necha bor e’tirof etilmoqda.